$
 12021.61
-38.17
 14092.93
-36.31
 150.44
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega odamlarning uylari kichirayib ketmoqda?

Uy-joy Foto: Gazeta.uz

So‘nggi yillarda ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning keskin oshishi aholining kundalik hayotida yaqqol sezilmoqda. 2025-yilga kelib mamlakatning birorta hududida sotib olinayotgan uylarning o‘rtacha maydoni 40 kvadrat metrga ham yetmayapti. Odamlar har yili avvalgidan ham kichikroq uylarni sotib olishga majbur bo‘lib qolmoqda.

Masalan, 2021-yilda Toshkent shahrida sotilgan yangi uylarning o‘rtacha maydoni 51 kvadrat metrni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu ko‘rsatkich atigi 37 kvadrat metrgacha qisqardi. Navoiy viloyatida esa so‘nggi 3 yildan beri sotilayotgan uylar maydoni o‘rtacha 30 kvadrat metrdan past bo‘lib kelmoqda — bu esa respublika bo‘yicha eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Narx o‘sish tendensiyasi

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada uy-joy indeksi oxirgi yillarda o‘sish tendensiyasini qayd etmoqda. Unga ko‘ra, hisobot davrida 2022-yil 2-chorakka solishtirganda uy-joy narxlari 47%ga oshgan. Tendensiyaga muvofiq 2020-2023-yillarda uy-joy narxlarining o‘rtacha 70-80%ga oshgani qayd etilgan. Indeks 2024-yil davomida biroz o‘sishda sekinlashdi, ammo 2025-yildan boshlab o‘sish tendensiyasi yana davom etmoqda. Bunga sabab, davlat uy-joy dasturlari, aholi real daromadlarining o'sishi, urbanizatsiya tendensiyasining kuchayishi hamda yillik 2% demografik o'sish barcha hududlarda uy-joyga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

2030-yilgacha 1,5 millionta uy qurilishi kerak

2017–2024-yillar davomida ushbu yo‘nalishda mamlakatdagi turar joylar umumiy fondi 28 foizga kengayib, 7,6 millionta uy-joy birligiga yetdi. 2020–2024-yillar oralig‘ida esa 351 mingdan ziyod kvartira foydalanishga topshirildi, yillik qurilish hajmi 100 ming taga chiqdi.

Shunga qaramay, mavjud taklif aholi sonining o‘sish sur’atlariga mos kelmayapti. Hozirgi kunda uy-joy yetishmovchiligi 900 mingdan oshadi. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2030-yilgacha ehtiyojni qoplash uchun 1,5 millionga yaqin, ya’ni har yili 250–300 mingta yangi kvartira barpo etilishi lozim.

O‘rtacha ipoteka narxi qancha?

 Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi O‘zbekistonning uy-joy hamda ipoteka bozori bo‘yicha yangi tahliliy hisobotni e’lon qildi. Hisobotda 2021–2024-yillar davomida hududlar kesimida ajratilgan o‘rtacha ipoteka miqdorlari ko‘rib chiqilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yillik ipoteka kreditlari hajmi 2020-yildagi 9,1 trillion so‘mdan 2024-yilda 17,1 trillion so‘mga yetib, qariyb ikki baravar oshgan.

Shuningdek, 2024-yilda respublikaning besh hududida yangi uylar uchun berilgan o‘rtacha ipoteka miqdori Toshkent shahridagidan ham yuqori bo‘lgani qayd etilgan. Biroq poytaxtda eski uylar uchun ajratilgan kreditlar sezilarli ustunlikka ega bo‘lib, o‘tgan yili bir uy uchun o‘rtacha 614 million so‘m ipoteka rasmiylashtirilgan — bu boshqa hududlardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori.

Uy-joylar uchun minimal narxlar

Soliq qo‘mitasi uy-joylarni sotish narxini pasaytirib ko‘rsatish holatlari sababli ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida aniqlash amaliyoti joriy etilganini izohladi. O‘zbekiston quruvchilar uyushmasi raisi Mansur Niyozmuhamedovning izohiga ko‘ra, prezident farmon bilan 2026-yildan boshlab ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Uning ta’kidlashicha, narx obyektning joylashuviga qarab belgilanadi. Shuningdek, Toshkent shahri hududlar bo‘yicha, uy-joylar esa ekonom, komfort va premium segmentlarga ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bois u yangi tartibda mexanizm qanday ishlashini so‘rab, savol qo‘ydi: “Masalan, kimdir uy-joyning har bir kvadrat metrini $800 dan, boshqasi esa $2000 dan sotayotgan bo‘lsa, soliq bazasi qanday aniqlanadi?”

Tannarxdan kelib chiqqan summalar

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa ilgari Soliq qo‘mitasiga minimal narxlarni tannarxdan kelib chiqib belgilash taklif etilganini ma’lum qildi: beton uylar uchun 4,6 mln so‘m, g‘ishtli uylar uchun 5,6 mln so‘m. “Bundan arzon uy yo‘q”, — dedi u.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev yangi mexanizm idoralar bilan birga ishlab chiqilgani va hozir hukumatda ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. U minimal o‘rtacha narxlardan kelib chiqilishi, yuqori narxda sotilayotgan uylar esa muammo bo‘lmasligini ta’kidladi: “O‘rtacha narx belgilanadi, undan balandiga hech qanday e’tirozlar bo‘lmaydi.”

"Mirzo Ulug‘bekda 1 metr kvadrat uy 14 ming so‘mdan"

Shu bilan birga, ba’zi uylar bozor bahosidan ancha pastga rasmiylashtirilganini misol keltirib o‘tdi: “Mirzo Ulug‘bek tumanida ayrim yaxshi qurilgan uylarning har bir kvadrati 14 ming so‘mdan sotilgan... 40 mln so‘mga 200 kv.metrlik kvartira sotilgan.”

Uyushma rahbari o‘rtacha narxlar o‘rniga segmentlashtirish tizimini joriy etishni taklif qildi va bu bo‘yicha takliflar allaqachon Qurilish vazirligiga yuborilganini aytdi. Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov esa eksrou tizimi joriy etilishi bilan loyihalar to‘liq ekspertizadan o‘tishi, soliq bazasi esa marja va tannarx o‘rtasidagi farq asosida aniqlanishini bildirdi.

Noqonuniy qurilgan 38 ming xonadon

Bundan tashqari, Sherzod Hidoyatov tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda O‘zbekistonda 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar mavjudligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, mazkur raqamlarda 2018-2019-yildan boshlab hanuzgacha qurilgan obyektlar inobatga olingan.

Shuningdek, vazir noqonuniy deb topilgan uy-joylarni aniqlash mezonlarini sanab o‘tgan:

  • yer ajratish bo‘yicha ruxsatnoma yoki hokim qarorisiz qurilish olib borilishi;
  • loyihaning Arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilmaganligi;
  • obyekt xavfsizligini belgilovchi davlat ekspertizasidan o‘tkazilmaganligi;
  • hukumat huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi.

Ma’lum bo‘lishicha, 38 mingta xonadon ham allaqachon qurib bitkazilgan, ham qurilishi davom etayotgan uylarga to‘g‘ri keladi va bu obyektlarning ko‘p qismi aholiga sotilgan. Ularni qabul qilish masalasi bo‘yicha prezident topshirig‘iga asosan maxsus komissiya ishlamoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot