$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2018-yildan buyon ilk marta tirik tug'ilishlar soni kamaydi

chaqaloq

2024-yilning yanvar-fevral oylarida FHDYO organlarida Respublika bo’yicha 137 459 nafar tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan. Bu 2023-yilning mos davriga solishtirganda 3 631 (2,6%) nafarga kamaygan. O‘zbekistonda 2018-yildan buyon ilk marotaba yillik tug‘ilish soni kamaydi. Bungacha ushbu ko’rsatkich uzluksiz o‘sib kelayotgan edi. Ba’zi ishoralar bu holat davom etishi mumkinligini ko’rsatmoqda.   

Tug’ilishlarning qisqarishiga sabab

Tirik tug’ilishlar sonining kamayishiga iqtisodchi Otabek Bakirov bir qancha sabablar keltirdi:

- Birinchidan, qayd etilgan nikohlar soni ikkinchi yil ketma-ket qisqarmoqda va 2023-yilda yangi davrdagi minimum ya’ni, 283,8 ming nikoh ro‘yxatga olingan. Bundan kamroq ko‘rsatkich 275 ming bilan 2016-yilda qayd etilgan.

- Ikkinchisi, ajralishlar soni sun’iy byurokratik to‘siqlarga qaramay, 2023-yilda barcha davrlardagi maksimum ko’rsatkich 49,2 mingga yetgan. Bu raqam mavjud reallikni ifodalamasligi va avvalgi yillardagi to‘siqlarning yumshatilishi effekti bo‘lishi ham mumkin.

- Eng asosiysi uchinchisi, daromadlarning o‘sishi keskin sekinlashgani. 2023-yilda jon boshiga real daromadlar o‘sishi pandemiya yilini hisobga olmasa, oxirgi 7 yildagi eng past ko‘rsatkich 2,4% gacha sekinlashgan. 5 ta hududda esa real daromadlar qisqargan.

O‘zi yangi davrda tug‘ilishning keskin ortishi daromadlarning o‘sishi bilan yuqori korrelyatsiyada bo‘lgan edi. Tug‘ilish dinamikasi uzoq muddatli trendi yana urbanizatsiya, gender chaqiriqlari, migratsiya, ertangi kunga ishonch kabi ko‘plab omillar ta’siri ostida shakllanadi.

Tirik tug’ilish nima?

Tirik tug‘ilish (ingl. Live births) – tug‘ilishlar sonini hisobga olishda ishlatiladigan bolaning tirik tug‘ilishini anglatadigan tushuncha. Nafas olish, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyor qisqarishlaridan biri mavjud bo‘lsa ham bola tirik tug‘ilgan hisoblanadi. Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning bo‘yi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq bo‘lishi lozim.

2023-yilgi tug’ilish statistikasi

2023-yil yanvar-dekabr oylarida tirik tug‘ilganlar soni 962 ming kishini tashkil etdi, shundan o‘g‘il bolalar soni 498,3 ming kishini, qiz bolalar soni 463,7 ming kishi, tirik tug‘ilganlar soni shahar joylarida 480,2 ming kishini, qishloq joylarida 481,8 ming kishini tashkil etdi. 2023-yil yanvar dekabr oylarida tug‘ilgan chaqaloqlar otasining yoshi bo‘yicha 12,8 foiz chaqaloqlar otasining yoshi 25 yoshgacha, 80,3 foizining otasi 25−39 yoshlarga hamda 6,9 foiz chaqaloqlarning otasi 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tug‘ilgan chaqaloqlar onasining yoshi bo‘yicha 38,1 foiz chaqaloqlar onasining yoshi 25 yoshgacha, 60,8 foizining onasi 25−39 yoshlarga hamda 1,1 foiz chaqaloqlarning onasi 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘ldi.