$
 12967.00
11.74
 13352.12
25.04
 126.49
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh tarixidagi eng katta deportatsiyadan LGBT vakillariga qo‘yilayotgan taqiqqacha: Dunyo Tramp inaugaratsiyasidan nimalar kutmoqda?

tramp

Bugun, Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da, Donald Trampning AQSHning 47-prezidenti sifatida inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi. Trampning prezidentlikka qaytishi nafaqat AQSh, balki butun dunyo siyosiy maydonida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Donald Tramp bugun, 20-yanvar kuni poytaxt Vashingtondagi Capital One Arena sportzalida minglab tarafdorlari bilan uchrashdi. Oq Uyga qaytgan ilk kunidanoq Tramp Baydenning ko‘plab farmonlarini bekor qilishi va yuzga yaqin qaror imzolashi kutilmoqda. Quyida u inauguratsiyadan keyin amalga oshirishni va’da qilgan asosiy rejalar hamda ularning amalga oshish ehtimoliga batafsil to‘xtalamiz.

AQSh tarixidagi eng katta deportatsiya

Trampning birinchi kundagi asosiy va‘dalaridan biri noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashdir. U AQShda noqonuniy yashayotgan millionlab muhojirlarni to‘plash va deportatsiya qilishni rejalashtirgan.

“Birinchi kuni jinoyatchilarni chiqarib yuborish uchun Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiya dasturini ishga tushiraman. Men jinoyatchilik avj olgan shaharlarni qutqaraman, yovuz va qonxo‘r jinoyatchilarni qamoqqa tashlaymiz hamda ularni imkon qadar tezroq yurtimizdan quvib chiqaramiz”, — deydi u.

Shuningdek, u bu harakatni amalga oshirish uchun milliy favqulodda holat e‘lon qilib, AQSh armiyasidan yordam so‘rashni rejalashtirmoqda.

Janubiy chegaraning to‘liq yopilishi

Trampning so‘zlariga ko‘ra, birinchi kuniyoq AQShning janubiy chegarasi to‘liq yopiladi. U ushbu qarorni amalga oshirish uchun favqulodda farmon imzolaydi. Stiven Miller, Trampning siyosat bo‘yicha maslahatchisi, ushbu reja juda tez amalga oshirilishini ta‘kidlagan: “Prezident Tramp qasamyod qilgan paytda ishg‘ol tugaydi va ozodlik kuni boshlanadi.”

AQShda tug‘ilish fuqarolik olish uchun yetarli bo‘lmaydi

Tramp, shuningdek, tug‘ilish huquqini bekor qiluvchi ijroiy farmonni imzolashni rejalashtirgan. Unga ko‘ra, AQSh hududida tug‘ilgan bolalar faqat ota-onalaridan biri AQSh fuqarosi yoki qonuniy rezidenti bo‘lsa, fuqarolik olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat yangi tug‘ilgan bolalarga, balki mamlakatda tug‘ilgan, ammo ota-onalari muhojir bo‘lgan ko‘plab insonlar uchun huquqiy muammolarni keltirib chiqarishi kutilmoqda. Tramp immigratsiya siyosatini keskin kuchaytirish niyatida u, jumladan, noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda. U buni quyidagicha izohladi:

“Oilalarni ajratishni istamayman. Shuning uchun ularning barchasini birga qaytarishimiz kerak.”

1-yanvar voqealarida qatnashganlarni ozod qilish

Donald Tramp o‘zining birinchi kundagi farmonlaridan biri sifatida 2021-yilning 6-yanvar voqealarida ayblangan va qamalgan bir qancha shaxslarni afv etishni rejalashtirmoqda. “Men ularning ko‘pchiligini ozod qilishni rejalashtiryapman. Ularning ba‘zilarini nohaq qamashgan,” — degan edi Tramp.

Kanada va Meksika mahsulotlariga boj solig‘i

Tramp Meksika va Kanada bilan savdo munosabatlariga qayta ko‘rib chiqishni va’da qilgan. Uning rejalariga ko‘ra, ushbu mamlakatlardan AQSHga olib kirilayotgan mahsulotlarga 25% boj solig‘i joriy etiladi. Bu qaror asosan noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar oqimiga qarshi kurashga qaratilgan.

Rossiya-Ukraina urushini (24 soat ichida) tugatish

Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni 24 soat ichida tugatishga va‘da bergan. Tramp urushni qanday tugatishni rejalashtirayotgani haqida batafsil ma’lumot bermagan. OAVga ko‘ra, uning bu va’dasi saylovoldi kampaniyasida diqqatni jalb qilish maqsadida o‘ylab topilgan, sodda qilib aytganda, populizmning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi siyosatini bekor qilish

Donald Tramp o‘zining prezidentlikka qaytish vaqtidagi kampaniyasida iqlim siyosatiga nisbatan keskin qarashlarni bildirdi. U “Green New Deal” tashabbusini “Green New Scam” (Ya’ni “Yashil Yangi Firibgarlik”) deb atab, ushbu dasturlarni bekor qilishini va’da qilgan. “Green New Deal” AQShda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish maqsadida ilgari surilgan tashabbusdir. Bu dastur birinchi navbatda iqtisodiyotni ekologik toza energiya resurslariga o‘tkazishni, karbon chiqindilarini keskin kamaytirishni va yangi “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan. Ushbu tashabbus asosan Demokratik Partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Ammo Tramp va uning tarafdorlari “Green New Deal”ni haddan tashqari qimmat, samarasiz va iqtisodiyotni zaiflashtiradigan loyiha sifatida tanqid qilib kelishmoqda. Trampning fikriga ko‘ra, bu dastur AQSH sanoati va iqtisodiyoti uchun tahdid soladi hamda amerikalik ishchilarni zararga uchratadi.

Elektron transport vositalariga qarshi siyosat

“Yashil”likka qarshi turish fonida Tramp elektr transport vositalarini qo‘llab-quvvatlovchi hukumat siyosatini tanqid qilib kelmoqda. U avtomobil sanoatini zarar ko‘rmaydigan darajada, gaz va dizel yoqilg‘isiga asoslangan mashinalarni rivojlantirishga qaytarishni rejalashtirgan.

Ta’lim orqali grinkart berish tizimi

Ushbu qaror texnologiya, ilm-fan va muhandislik kabi sohalarda yuqori malakali ishchi kuchiga bo‘lgan talabni qondirishga qaratilgan. Trampning fikriga ko‘ra, AQShda ta’lim olgan talabalar mamlakat iqtisodiyoti uchun foydali bo‘lishi mumkin va ularni saqlab qolish orqali AQSh texnologik rivojlanishda yetakchilikni qo‘ldan boy bermaydi.

Taklifga ko‘ra, talabalar ikki yillik kollej, to‘rt yillik universitet yoki magistratura va doktorantura darajalarini tamomlagandan so‘ng grinkart olish imkoniga ega bo‘ladi.

Transgender harbiy xizmatini taqiqlash

Tramp o‘zining birinchi kundan boshlab transgender shaxslarning harbiy xizmatiga taqiq qo‘yishini e‘lon qilgan. Unga ko‘ra, transgender harbiy xizmatchilar uchun zarur tibbiy yordam, jumladan, jinsni o‘zgartirish operatsiyalari va gormonlar terapiyasi kabi jarayonlar harbiy byudjetga qo‘shimcha yuk yuklaydi. Bundan tashqari, Tramp transgender shaxslarning harbiy xizmatga qo‘shilishi jangovar samaradorlikka salbiy ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, u “transgenderlikni maktablardan olib tashlash” va erkaklar ishtirokini ayollar sportidan cheklash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi kutilmoqda.

Avvalgi prezidentlik davrida, 2017-yilda, Tramp transgender shaxslarning harbiy xizmatga qabul qilinishini taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. Ammo ushbu qaror keng tanqidlarga sabab bo‘lib, 2021-yilda Jo Baydenning prezidentligi davrida bekor qilingan edi. Trampning ushbu siyosatni qayta tiklashga urinishi harbiy xizmatni barcha uchun ochiq qilishga intilayotgan jamiyat qarashlari bilan to‘qnash kelishi mumkin.

Kennedi suiqasdi haqidagi hujjatlar to‘liq oshkor qilinadi

Donald Tramp o‘zining prezidentlik muddatida 2017-yilda Kennedi suiqasdi bilan bog‘liq ayrim hujjatlarni oshkor qilinishiga erishgan edi. Ammo uning o‘zi ham o‘sha paytda barcha hujjatlarni e’lon qilishni kechiktirgan va bu qarorini maxfiylik va milliy xavfsizlik masalalari bilan izohlagan. Tramp bugun, 20-yanvar kuni inauguratsiya oldidan tashkil etilgan mitingda prezident Jon Kennedi, uning akasi Robert Kennedi va Martin Lyuter King o‘ldirilishi bilan bog‘liq maxfiy hujjatlarni to‘liq oshkor qilishga va‘da berdi. U ushbu hujjatlarni e‘lon qilish orqali Amerikada yillar davomida saqlanib kelayotgan fitna nazariyalariga nuqta qo‘ymoqchi.

PA agentligining ma‘lumotiga ko‘ra, Kennedi suiqasdi bilan bog‘liq 5 millionga yaqin hujjatning aksariyati ochiq bo‘lsa-da, Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) va Federal qidiruv byurosi (FBI) talablari bilan minglab fayllar hali ham maxfiyligicha qolmoqda. Trampning ushbu hujjatlarni ochish qarori katta munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin.

Pafosga berilmaslik kerak

Trampning prezidentlikka qaytishi bilan birga keladigan o‘zgarishlar ko‘pchilik tomonidan qiziqish va hayajon bilan kutilyapti. Ammo masalaning real tomonini inobatga olsak, uning birinchi kundan amalga oshirishga va’da qilgan qarorlarining aksariyati uzoq muddatli muhokama va ko‘p bosqichli qonunchilik jarayonlarini, masalan, Kongress, sud tizimi yoki xalqaro hamkorlarning roziligini talab qiladi.

Tramp va’dalarining populistik yoki radikal xarakterda ekanligi ularning amalga oshishiga shubha uyg‘otadi, deyish mumkin. Qolaversa, uning noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi siyosatini bekor qilish, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish, transgender shaxslarning harbiy xizmatini taqiqlash va boshqa masalalardagi rejalarini amalga oshirish ham murakkab va uzoq jarayon bo‘lishi aniq. Ularning qanchalik real hayotga tatbiq qilinishini vaqt va amaliy harakatlar ko‘rsatadi.

Теги :
Jamiyat