$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentning yashil qiyofasi: Shiddatli urbanizatsiya va ekologik muvozanat chegarasidagi poytaxt

T9

O‘zbekistonning iqtisodiy, siyosiy va madaniy yuragi bo‘lmish Toshkent shahri bugun o‘z taraqqiyotining eng murakkab va ziddiyatli davrlaridan birini boshdan kechirmoqda. Bir tomondan jadal qurilishlar va iqtisodiy yuksalish, ikkinchi tomondan esa shaharning nafas olish tizimi hisoblangan yashil hududlarning shiddat bilan qisqarishi. 2023-yil holatiga ko‘ra, poytaxt aholisi 3,1 million kishidan oshib ketdi va bu ko‘rsatkich har yili o‘rtacha 2,1 foizga ko‘payib bormoqda. Atigi 435 kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan shahar uchun bunday demografik o‘sish va infratuzilmaning eskirishi ekologik tizimlarni o‘z imkoniyatlari chegarasiga olib kelib qo‘ydi. Bugun biz guvoh bo‘layotgan hodisalar — havoning ifloslanishi, chiqindi hajmining ortishi va yashil qoplamaning kamayishi — shunchaki tasodif emas, balki bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan murakkab ekologik inqiroz elementlaridir.

Raqamlar so‘zlaganda

Toshkentning yashil hududlari dinamikasiga nazar tashlasak, manzara ancha xavotirli ekanini ko‘ramiz. 2021-yilda shahardagi yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu har bir poytaxtlik uchun o‘rtacha 36 kvadrat metr yashil maydon degani edi. Biroq, so‘nggi yillarda bu muvozanat keskin ravishda buzildi. Atigi bir yil ichida, ya’ni 2022-yilda tumanlar kesimidagi ko‘rsatkichlar tushib ketdi: Shayxontohurda yashil hududlar 26 foizga, Yakkasaroyda 23 foizga, Olmazorda 33 foizga va Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 foizga kamaydi. Bu raqamlar ortida shaharning tarixiy daraxtzorlari o‘rnini egallayotgan beton konstruksiyalar va yangi turar-joy majmualari qad ko‘targani turibdi. Vaholanki, poytaxtning 2045-yilga qadar mo‘ljallangan bosh rejasida yashil maydonlarni 7 120 gektardan 10 000 gektargacha kengaytirish kabi ulkan maqsadlar belgilangan, ammo amaldagi dinamika hozircha teskari yo‘nalishda harakat qilmoqda.

Issiqlik orollari va tabiatning keskin sinovlari

Toshkentning o‘ziga xos keskin kontinental iqlimi — issiq yoz, sovuq qish va yog‘ingarchilikning notekis taqsimoti — shahar ekologiyasidan alohida e’tibor talab qiladi. So‘nggi 30 yillik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘rtacha havo harorati 14–15 daraja atrofida bo‘lsa-da, yozda bu ko‘rsatkich 40 darajadan oshib ketmoqda, qishda esa 8 daraja sovuqqa qadar tushmoqda. Bunday sharoitda yashil hududlarning qisqarishi “issiqlik orollari” effektini yuzaga keltirmoqda. Asfalt va beton qoplamalar quyosh issig‘ini yutib, tunda uni qayta tarqatishi natijasida sun’iy mikroiqlim zonalari hosil bo‘lyapti. Yillik 350-400 mm yog‘ingarchilikning asosiy qismi bahorga to‘g‘ri kelishi va yozning mutlaqo quruq kelishi vegetatsiya davrida suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda. Bu esa qolgan-qutgan yashil hududlarning ham hayotiyligini xavf ostiga qo‘yib, ularning stressga tushishiga sabab bo‘lyapti.

Iqlimshunos ekspert Erkin Abdulahatovga ko‘ra, bahor faslida yog‘ingarchilik ko‘pligi bois yerlarning namligi saqlanib, asfalt qizimasligi kuzatiladi. Shu sababli, bahor va yoz fasllarining boshlarida Toshkent shahri qisqa muddatga eng toza hududga aylanadi. Biroq yoz o‘rtalariga borib, havo harorati ko‘tariladi.

“Undan tashqari, poytaxtda yashillik darajasi ham keskin kamayib ketgan. Bundan 15-yil ilgari shahar 20-30 foizgacha yashillilik bilan qoplangan bo‘lsa, hozir ushbu ko‘rsatkich 10-18 foizga tushib qolgan. Daraxtlar, bog‘lar va ko‘klamzorlar o‘rniga shahar binolar, yo‘llar, asfalt va beton bilan qoplangan, shaharsozlik va qurilishlar ham faol olib borilmoqda”, — deydi Abdulahatov.

Buning natijasida havoning jazirama issig‘i asfaltga hamda yashillik bilan himoyalanmagan tuproqqa singib, namgarchilikni yanada kamaytiradi. Shu boisdan ham oxirgi paytlarda Toshkent shahriga nisbatan “issiqlik oroli” degan atama ishlatilmoqda.

“Yuqori issiqlik oqibatida tuproqdan mayda chang zarrachalari havoga ko‘tariladi. Bu jarayon yoz-kuz oylarida so‘nggi 3-4 yillikda odatiy bo‘lib qoldi. Yomg‘irsiz mavsumlarda shahar havosida mayda disper zarrachalar miqdori keskin ortmoqda. Ba’zan shamol bo‘lmagan holatda ham biz “reytingda” 5,6-o‘rinlarga chiqib olyapmiz”, — deya ta’kidlaydi mutaxassis.

Kelgusidagi prognozlar shuni ko‘rsatadiki, havo haroratining ko‘tarilishi va shaharning kengayishi chang zarrachalari miqdorining oshishiga olib kelishda davom etadi.

Standartlar va reallik

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har bir shahar aholisi uchun kamida 15 kvadrat metr yashil maydon bo‘lishini tavsiya etadi. Toshkentda esa bu ko‘rsatkich yillar davomida pasayib bormoqda. Masalan, 1990-yillarda bir kishiga 14 kvadrat metr yashil hudud to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib bu raqam 7,6 kvadrat metrgacha tushib ketdi. Hozirgi kunda o‘rtacha hisob-kitoblar 7–9 kvadrat metr atrofida ekanini ko‘rsatmoqda, bu esa xalqaro me’yordan ikki baravar kamdir. Garchi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022-yilning o‘zida 2 milliondan ortiq daraxt ekilgan bo‘lsa-da, yangi ekilgan nihollar mavjud yirik yashil massivlarning qurilishlar tufayli yo‘qolish o‘rnini qoplay olmayapti. Ayniqsa, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy kabi tumanlarda park va hiyobonlar o‘rnini qurilish ob’ektlari egallayotgani achchiq haqiqatdir.

Chorak asrlik chekinish

LULC (yer usti qoplamasi) tahlillari Toshkentning so‘nggi 25 yillik tarixidagi ekologik chekinishni raqamlar bilan isbotlaydi. 2000-yilda yashil hududlar shahar umumiy maydonining 23,5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2010-yilga kelib bu ko‘rsatkich 20 foizdan pastga tushdi. 2020-yilda 15 foizlik ekologik barqarorlik chegarasidan ham pastga sho‘ng‘igan shahar, 2024-yilga kelib atigi 11,4 foizli ko‘rsatkich bilan qoldi. Bu shuni anglatadiki, chorak asr ichida biz yashil boyligimizning yarmidan ko‘pini yo‘qotdik. Umuman olganda, 2000-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda yashil maydonlarning umumiy qamrovi 27,2 foizdan 18,1 foizgacha qisqargani kuzatilgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlarida bu ko‘rsatkich hatto 40 foizdan oshib ketgan.

Fragmentatsiya: Tabiiy zanjirlarning uzilishi

Zamonaviy Sentinel-2 sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va GAT (Geografik axborot tizimlari) texnologiyalari yordamida o‘tkazilgan tahlillar yana bir jiddiy muammoni — vegetatsion fragmentatsiyani ochib berdi. Chilonzor, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida yashil zonalar o‘zaro bog‘liqligini yo‘qotib, mayda bo‘laklarga bo‘linib ketgan. Fragmentatsiya indeksi o‘rtacha 0,66 ni tashkil etmoqda, bu esa ekologik bog‘liqlikning o‘rta darajada parchalanganidan dalolat beradi. Eng yomoni, yangi rivojlanayotgan Sergeli (0,70), Yangihayot (0,74) va Mirobod (0,65) tumanlarida yashil zonalar infratuzilmaning asosiy komponenti sifatida kiritilmayapti. Yo‘l kengaytmalari va sanoat ob’ektlari tabiiy hududlarni bir-biridan ajratib qo‘ymoqda, bu esa bioxilma-xillikning kamayishiga va atmosferadagi PM2.5 hamda NO2 kabi zararli zarrachalarning havoda uzoq saqlanib qolishiga sharoit yaratmoqda.

Tiklanish mumkinmi?

Toshkentning ekologik taqdiri bugun qabul qilinadigan qarorlarga bog‘liq. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashil hududlarning qisqarishi nafaqat harorat ko‘tarilishiga, balki aholining psixologik salomatligi yomonlashishiga ham olib kelmoqda. Chilonzor va Mirobod kabi ilgari “yashil” deb hisoblangan tumanlarda vegetatsiya zichligi 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan bir sharoitda, shaharsozlik siyosatini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish lozim. Mutaxassislar yechim sifatida vegetatsiya rekonstruksiyasi, ko‘chalar va turar-joy massivlarida majburiy yashil chiziqlar joriy etish hamda GAT texnologiyalari yordamida barcha daraxtzorlarni qat’iy inventarizatsiyalashni taklif etmoqdalar. Agar biz bugun tabiatni qurilish maydonlariga qurbon qilishda davom etsak, ertaga Toshkent nafaqat o‘zining salqinligini, balki yashash uchun qulay shahar sifatidagi maqomini ham butunlay yo‘qotishi mumkin.

Теги :
Jamiyat