$
 12088.98
23.49
 13801.99
47.33
 154.47
-1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Ular qarorlarni konditsionerli, salqin xonalarda chiqarishadi: Va jaziramadagi haydovchiga “narx 11 barobar pasaygan” deb hisobot berishadi

Tonirovka Foto: Daryo

Tashqarida chilla. Termometr koʻrsatkichlari kundan-kunga rekordlarni yangilamoqda. Bunday anomal issiq kunlarda soya-salqin joy izlash, sogʻliqni asrash insonning tabiiy instinkti va hayotiy ehtiyojiga aylanadi. Ammo hayotining katta qismini yoʻlda oʻtkazadigan yuz minglab haydovchilar va yoʻlovchilar uchun bu oddiy ehtiyoj qimmatga tushyapti.

Quyosh ostida qolgan avtomobil salonidagi harorat +60 darajadan oshib ketadi. Bunday sharoitda mashina oynasini qoraytirish — shunchaki estetik zavq yoki “krutoylik” emas, balki quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoyalanish, teri va koʻz salomatligini asrashning biramchi vositasidir. Savol tugʻiladi: nima uchun biz oʻz sogʻligʻimizni va oilamizni jaziramadan himoya qilish uchun davlatga katta miqdorda pul toʻlashimiz kerak?

Soyaning amaldagi bahosi qancha?

Mamlakatimizda tonirovka borasida muayyan yengilliklar berilgan boʻlsa-da, amaldagi moliyaviy cheklovlar hamon saqlanib qolyapti. Bugungi kunda avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish jismoniy shaxslar uchun mutlaqo bepul va biron-bir ruxsatnoma talab etilmaydi. Biroq quyosh nuri va issiqlikning asosiy qismi toʻgʻridan-toʻgʻri old oynadan, haydovchi hamda uning yonidagi yoʻlovchining yuziga, tanasiga uriladi. Mana shu oldingi yon oynalarni qoraytirish esa hanuz juda qimmat.

Hozirgi vaqtda jismoniy shaxslar uchun oldingi va orqa yon oynalarni toʻliq qoraytirish ruxsatnomasi 1 yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 8 baravari etib belgilangan. Amaldagi 412 000 soʻmlik BHM koʻrsatkichi boʻyicha hisoblaganda, haydovchilar yiliga roppa-rosa 3 296 000 soʻm toʻlashlari kerak. Tez orada BHM miqdori 440 000 soʻmga oshishi munosabati bilan, old oynalar tonirovkasi uchun yillik toʻlov narxi yanada qimmatlashib, 3 520 000 soʻmga yetadi.

Oddiy oʻqituvchi, shifokor, byudjet tashkiloti xodimi yoki kunlik daromadi evaziga roʻzgʻor tebratadigan haydovchi uchun yiliga 3,3 million soʻmdan ortiq (sentyabr oyidan boshlab esa 3,5 million soʻmdan ortiq) pul toʻlash — deyarli bir oylik sof maoshini shunchaki soya uchun qurbon qilish demakdir. Natijada ijtimoiy tengsizlik yuz beradi: puli borlar salqinda yuradi, qolganlar esa jaziramada “kuyishga” majbur boʻladi.

Jonli ovoz: Haydovchilar nima deydi?

Muammoning asl koʻlamini tushunish uchun kun boʻyi rulda oʻtiradigan va ushbu jaziramani oʻz tanasida his qilayotgan haydovchilarning fikrlari bilan qiziqdik. Ularning dardini tinglar ekansiz, tonirovka narxi shunchaki raqamlar emas, balki odamlarning salomatligi va kundalik tirikchiligi bilan bogʻliq jiddiy ogʻriq ekaniga guvoh boʻlasiz.

Asror Cho‘lliyev, kirakash:

“Ertalabdan kechgacha rulda boʻlaman. Mashinamning orqa oynalari qoraytirilgan, lekin buning menga deyarli foydasi yoʻq. Orqadagi yoʻlovchi salqinda oʻtiradi, men esa oldida olov boʻlib yonib ketaman. Quyosh toʻgʻridan-toʻgʻri chap yuzimga va qoʻlimga uradi. Kechasi uxlolmayman, terim kuyib, achishib chiqadi. Konditsioner yoqaman, lekin old oyna qizib tursa, u ham yaxshi foyda bermaydi, faqat gazni koʻp yeydi. Oynani qoraytirishga esa 3 million soʻmdan ortiq pulim yoʻq. Biz iymonimiz va sogʻligʻimiz evaziga pul topyapmiz, soyani pullayotganlar esa konditsionerli xonada oʻtirib qaror chiqaradi”.

Gulnora Usmonova, tadbirkor, yosh ona:

“Mashinamda kichkina bolam bor. Jaziramada bola uxlab qolsa, old oyna tomondan tushayotgan quyosh nuri toʻgʻri yuziga uradi. Orqa oynada soya boʻlgani bilan old tomondan kelayotgan issiq havoni toʻsib boʻlmaydi. Oynaga mato yoki qandaydir toʻr taqay desam, yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari jarimaga tortadi. Oynani qoraytirish ruxsatnomasi esa oyligimdan ham qimmat. Oʻz mashinamizda oilamiz va bolamizni quyoshdan asrashimiz uchun ham davlatga soliq toʻlashimiz shartmi? Bu juda adolatsiz tizim”.

Diyorbek, davlat tashkiloti xodimi:

“Oynani qoraytirishni pulli qilish ortida qanday mantiq borligini tushunmayman. Agar bu xavfsizlik nuqtai nazaridan taqiqlangan boʻlsa, nima uchun pul toʻlagan odamga xavfsiz boʻlib qoladi? Pul toʻlagan haydovchi qonunni buzmaydimi? Bu yerda xavfsizlik haqida emas, shunchaki xalqning eng zarur ehtiyojidan osongina byudjetni toʻldirish haqida gap ketyapti. Bunday qarorlar odamlarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini soʻndiradi”.

Iqtisodiy va ekologik zararlar

Tonirovka masalasining iqtisodiy va ekologik tomoni ham borki, buni eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi.

Birinchidan, yoqilgʻi sarfi ortadi. Oynasi qoraytirilmagan avtomobil ichi issiqxonaga aylanadi. Konditsioner tizimi salondagi haroratni pasaytirish uchun maksimal quvvatda ishlashga majbur boʻladi. Bu esa har qanday avtomobilda yoqilgʻi (benzin, dizel yoki gaz) sarfini oʻrtacha 10% dan 15% gacha oshiradi.

Ikkinchidan, atmosferaga zararli gazlar chiqishi koʻpayadi. Yoqilgʻi sarfi oshishi ortidan havoga chiqayotgan karbonat angidrid va boshqa zaharli chiqindilar miqdori keskin koʻpayadi. Ekologik muammolar, poytaxt va yirik shaharlardagi havo sifati yomonlashayotgan bir paytda, tonirovka taqiqi bilvosita ekologik inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.

Uchinchidan, sogʻliqni saqlashga bosim kuchayadi. Quyosh urishi, teri kasalliklari, koʻz xiralashishi va asab tizimi buzilishi oqibatida shifoxonalarga murojaat qiladiganlar soni koʻpayadi. Davlat tonirovka ruxsatnomalaridan qancha foyda koʻrayotgan boʻlsa, aholining salomatligini tiklash va ekologik oqibatlarni bartaraf etish uchun undan koʻproq mablagʻ sarflashiga toʻgʻri kelishi mumkin.

Masʼullarning “muzlagan” pozitsiyasi

Aholining koʻp sonli eʼtirozlari, ijtimoiy tarmoqlardagi tinimsiz muhokamalar va ayni jazirama chilladagi takliflarga qaramay, masʼul idoralar muammoni hal qilish oʻrniga oʻz pozitsiyalarini himoya qilish bilan band.

Yaqinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Erali Bozorov tonirovka narxini pasaytirish masalasi kun tartibida yoʻqligini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, 2018-yilda ilk bor joriy etilganda tonirovka narxi 90 BHM (hozirgi hisobda 27 million soʻmdan ortiq) boʻlgan va yillar davomida narx 11,25 baravargacha pasaytirilib, hozirgi 3 296 000 soʻmga keltirilgan.

Masʼul xodimning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda narxni yana pasaytirish masalasi koʻrib chiqilmayapti. Biroq, masʼullarning bunday yondashuvi va “narxni allaqachon pasaytirib qoʻyganmiz” degan iddaolari jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Ilgari narxning astronomik darajada oʻta yuqori boʻlgani bugungi kundagi 3,3 million soʻm oddiy xalq cho‘ntagiga toʻgʻri keladi degani emas. Masʼullarning goʻyoki tarixiy koʻrsatkichlarni roʻkach qilib, bugungi anomal issiq sharoitida xalqning real ehtiyojlariga quloq solishdan bosh tortishi tushunarsiz va mantiqsizdir.

Теги :
Jamiyat