$
 12088.98
23.49
 13801.99
47.33
 154.47
-1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Qurilishi bitmagan uyga odam ko‘chirganlar qamalishi mumkin: Yangi qonun nimalarni o‘zgartiradi?

Uy

Ko‘p qavatli uy sotib olayotgan odamlar odatda quruvchi bergan va’dalarga ishonadi. Ammo ayrim hollarda uy hali to‘liq bitmagan, davlat tomonidan foydalanishga ruxsat berilmagan bo‘lsa ham, xonadon egalari u yerga ko‘chib kirishga majbur bo‘lmoqda. Bunday binolarda elektr, gaz, suv, lift yoki yong‘in xavfsizligi tizimlari to‘liq tayyor bo‘lmasligi esa odamlar hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Endi bunga yo‘l qo‘ygan quruvchi va mas’ullar faqat jarima bilan emas, jinoiy javobgarlik bilan ham yuzlashishi mumkin.

Endi noqonuniy ko‘chirish uchun jinoiy javobgarlik bo‘lishi mumkin

14-iyul kuni Qonunchilik palatasi ushbu masalaga oid qonun loyihasini qabul qilib, uni ko‘rib chiqish uchun Senatga yubordi. Qonun loyihasiga ko‘ra, foydalanishga belgilangan tartibda qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uyga fuqarolarni ko‘chib kirishiga ruxsat bergan buyurtmachi, pudratchi yoki boshqa mas’ul mansabdor shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Shu bilan birga, Shaharsozlik kodeksiga ham yangi norma kiritilmoqda. Unga ko‘ra, qurilish buyurtmachisi va pudratchi foydalanishga ruxsat olinmagan uyga hech kimni ko‘chirib kiritmaslik choralarini ko‘rishi shart bo‘ladi. Ya’ni endi mas’ullar “uy hali bitmagan bo‘lsa ham odamlar o‘z xohishi bilan kirgan” degan vaj bilan javobgarlikdan qutula olmaydi.

Tekshiruvlarda minglab oilalar xavfli uylarda yashayotgani ma’lum bo‘ldi

Qonun loyihasi muhokamasi vaqtida bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov so‘nggi yetti yil davomida qurilgan ko‘p qavatli uylar bo‘yicha keng ko‘lamli o‘rganish natijalarini ochiqladi. Tekshiruvlar 2019-yildan 2025-yilgacha qurilgan binolarni qamrab olgan. Natijada 383 ta ko‘p kvartirali uy shaharsozlik hujjatlarisiz yoki talablar to‘liq bajarilmagan holda qurilgani aniqlangan. Bu uylarda joylashgan 20 mingdan ortiq xonadon allaqachon fuqarolarga sotib yuborilgan.

Tekshiruv davomida yana bir jiddiy holat ham aniqlangan. Turli kamchiliklar va qoidabuzarliklar sabab hali foydalanishga topshirilmagan 136 ta ko‘p kvartirali uyda 8 mingdan ortiq fuqaro yashayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu uylarning ayrimlarida muhandislik tarmoqlari, xavfsizlik tizimlari yoki zarur ruxsat hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan. Shunga qaramay, odamlar allaqachon o‘z xonadonlarida yashab kelayotgani qayd etilgan va ularning barchasi alohida ro‘yxatga olingan.

Nega yangi qonun zarur deb topildi?

Amaldagi qonunchilikda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uyga fuqarolarni ko‘chirib kiritish taqiqlangan. Biroq buning uchun asosan ma’muriy javobgarlik qo‘llanadi. Salom Samadovning ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha 2515 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va ularga jami 61,9 million so‘m miqdorida jarima solingan. Ammo bu choralar muammoni bartaraf etishga yetarli bo‘lmagan, noqonuniy ko‘chirish holatlari davom etgan.

Shu sabab Jinoyat kodeksining 229-3-moddasini yangi qism bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda. Agar qonun qabul qilinsa, foydalanishga ruxsat berilmagan ko‘p qavatli uyga odamlarni ko‘chirgan shaxslar uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi, ikki yildan uch yilgacha ozodligi cheklanishi yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin bo‘ladi. Qonun tashabbuskorlari bu o‘zgarishlar quruvchilar va mas’ullarning javobgarligini oshirib, odamlar hayoti va xavfsizligini ishonchliroq himoya qilishiga ishonmoqda.

Qonun loyihasi tayyorlanishidan oldin AQSh, Fransiya, Xitoy, Rossiya hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga kiruvchi mamlakatlarning tajribasi ham o‘rganilgan. Hujjat Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Savdo-sanoat palatasi, Ombudsman, Biznes-ombudsman va boshqa manfaatdor idoralar bilan ham kelishilgan.

Теги :
Jamiyat