$
 12065.49
-27.38
 13754.66
-69.91
 155.66
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonda nega benzin narxi oshib bormoqda?

Benzin

Ertalabdan mashinangizga benzin quyish uchun shoxobchaga borasiz. Narx yana oshgan. Bu holat tobora ko‘pchilik haydovchilar uchun odatiy manzaraga aylanib bormoqda. Ammo narxlar oshishining ortida faqat ichki bozor emas, minglab kilometr uzoqlikda yuz berayotgan voqealar ham turibdi. 2026-yil iyulida Oʻzbekistonda benzinning oʻrtacha narxi litriga 1,34 dollarga yetdi. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, Qozogʻiston va Rossiyadagidan ancha qimmat. Narxlarning keskin oshishiga Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan dron hujumlari, eksport cheklovlari va Oʻzbekistonning import xomashyosiga qaramligi birgalikda ta’sir ko‘rsatmoqda. Nega neft va gaz ishlab chiqaradigan Oʻzbekistonda benzin qimmatroq?

Taqchillik qayerdan boshlandi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro integratsiyalashgan boʻlsa-da, neft mahsulotlarini tayyor koʻrinishda import qilish boʻyicha uzoq yillardan buyon Rossiya Federatsiyasiga qaysidir ma’noda qaram boʻlib kelmoqda. Biroq, yaqin oylarda ushbu taʼminot zanjirida jiddiy uzilishlar yuzaga keldi. Rossiyadagi bir qator yirik neftni qayta ishlash zavodlariga “NQIZ” uyushtirilgan dron hujumlari ishlab chiqarish hajmining keskin kamayishiga olib keldi. Rossiya hukumati oʻzining ichki bozorini himoya qilish maqsadida 1-apreldan boshlab benzin eksportiga rasmiy taqiq joriy etdi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun istisnolar qoldirilgan boʻlsa-da, amalda Rossiyadan kelayotgan yoqilgʻi hajmi keskin kamayib ketdi.

Kim qanday yoʻl tutmoqda?

Rossiya eksportining cheklanishi qoʻshni respublikalar bozorlarida darhol aks-sado berdi. Har bir davlat oʻz iqtisodiy va imkoniyatlaridan kelib chiqib, turli strategiyalarni qoʻllay boshladi. Qirgʻiziston Energetika vazirligi mavjud zaxiralar yetarli ekanini taʼkidlamoqda, ammo kelajakdagi xavflarni oldini olish uchun zarur ehtiyot choralarini koʻrishga kirishgan. Qo‘shni Qozogʻiston esa mintaqadagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi boʻlgan davlat sifatida ichki bozordagi arzon narxlarni saqlab qolish va yoqilgʻining noqonuniy ravishda qoʻshni davlatlarga chiqib ketishini oldini olishga harakat qilyapti. Shu maqsadda Rossiya bilan chegarada 59 ta maxsus politsiya nazorat punkti tashkil etildi, temir yoʻl orqali ayrim neft mahsulotlarini eksport qilish cheklandi. Turkmaniston esa dunyodagi eng boy gaz va neft zaxiralariga ega yopiq iqtisodiyot yuritadigan davlat sifatida tashqi inqirozdan deyarli zarar koʻrmadi. Davlat subsidiyalari tufayli benzin narxi litriga 0,43 dollarni saqlab qolmoqda, qayd etish kerakki bu dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri.

Oʻzbekistonda nega narxlar yuqori?

GlobalPetrolPrices portali maʼlumotlariga koʻra, iyul oyi boshida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yoqilgʻi narxi boʻyicha mutlaq yetakchiga aylandi. Mamlakatda benzinning oʻrtacha narxi litriga 1,34 dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich dunyoda oʻrtacha narxdan 1,47 dollar past boʻlsa-da, MDH va qoʻshni davlatlar bilan solishtirganda ancha yuqori.

Mintaqadagi narxlar quyidagicha (iyul 2026):

·       Oʻzbekiston — 1,340 dollar;

·       Afgʻoniston — 1,168 dollar;

·       Qirgʻiziston — 1,016 dollar;

·       Rossiya — 0,924 dollar;

·       Qozogʻiston — 0,687 dollar;

·       Ozarbayjon — 0,676 dollar;

·       Turkmaniston — 0,430 dollar.

Nima uchun neft va gaz resurslariga boy Oʻzbekistonda benzin narxi qoʻshnilarnikidan qariyb ikki baravar qimmat? Buni bir nechta fundamental omillar bilan izohlash mumkin.

Oʻzbekistonda yoqilgʻi narxlari tovar-xomashyo birjasi orqali erkin shakllanadi. Tizim shaffoflikni taʼminlasa-da, taklif kamayganda narx keskin oʻsadi. Natijada, bir oy ichida narx qariyb 12 foizga oshdi. Shuningdek, Fargʻona va Buxoro NQIZlariga ega boʻlsa-da, ichki xom neft hajmi ehtiyojni toʻliq qoplamaydi. Zavodlarni toʻliq quvvat bilan ishlatish uchun Rossiya va Qozogʻistondan xom neft import qilinadi. Import narxi, transport va tranzit xarajatlari tayyor mahsulot tannarxini sezilarli darajada oshiradi. Qozogʻiston va Turkmanistondan farqli oʻlaroq, Oʻzbekistonda yoqilgʻi mahsulotlariga nisbatan yuqori aksiz soliq stavkalari qoʻllaniladi. Qoʻshni davlatlar ichki bozorni milliardlab dollarlik subsidiyalar hisobiga ushlab turgan bir paytda, Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti tamoyillariga oʻtgan va toʻgʻridan-toʻgʻri subsidiyalashdan voz kechgan. Bu xalqaro narx oʻzgarishlarining ichki bozorga tezroq taʼsir etishiga olib kelmoqda.

Oʻzbekiston oʻzini qanday himoya qiladi?

Joriy inqiroz sharoitida Oʻzbekiston Energetika vazirligi va tegishli idoralar bir qator choralarni amalga oshirmoqda. Eng muhimlaridan biri strategik zaxiralarni yaratish. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 2-3 oyga yetadigan yoqilgʻi zaxiralari mavjud boʻlib, ular birja narxlaridagi keskin oʻzgarishlarni yumshatish uchun ishlatilmoqda. Biroq, uzoq muddatli istiqbolda faqat zaxiralarga tayanib boʻlmaydi. Tahlilchilar quyidagi strategik yoʻnalishlarni rivojlantirish zarurligini taʼkidlamoqda:

  • Taʼminot zanjirlarini diversifikatsiya qilish – Rossiyaga qaramlikni kamaytirish uchun Ozarbayjon, Turkmaniston va Eron orqali muqobil yoʻlaklarni rivojlantirish;
  • Mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish – NQIZlarda chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etib, mahalliy xomashyodan yuqori sifatli AI-92, AI-95 benzin chiqarish hajmini oshirish;
  • Muqobil energetikaga oʻtish – Elektromobillar importi va ishlab chiqarishini ragʻbatlantirish, jamoat transportini gaz va elektrga oʻtkazish orqali benzinga talabni kamaytirish.

Rossiya ishlab chiqarishidagi uzilishlar va eksport cheklovlari Markaziy Osiyo yoqilgʻi bozoriga ham taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbekistonda benzin narxining qoʻshni davlatlarga nisbatan yuqoriroq boʻlishi esa tashqi taʼminotdagi oʻzgarishlar bilan bir qatorda ichki bozor mexanizmlari, import xomashyosiga qaramlik va fiskal siyosat kabi omillar bilan ham bogʻliq. Bozordagi vaziyatning keyingi rivoji mintaqadagi taʼminot zanjirlari va xalqaro yoqilgʻi bozoridagi oʻzgarishlarga bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat