$
 12065.49
-27.38
 13754.66
-69.91
 155.66
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Tonirovka narxi arzonlashadimi? YHXX bu masalaga rasman javob berdi

tonirovka

Yozning jazirama kunlarida haydovchilarning eng ko‘p muhokama qilayotgan mavzularidan biri tonirovka narxi bo‘lib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa old oynalarni yoz mavsumida arzonroq narxda qoraytirishga ruxsat berilishi haqida turli xabarlar tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu masalaga rasman izoh berdi.

Xo‘sh, old oynalar uchun tonirovka narxi o‘zgaradimi?

Old oynalar uchun tonirovka narxi o‘zgarmaydi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovning ma’lum qilishicha, hozirda avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirish narxini arzonlashtirish masalasi kun tartibida yo‘q. Matbuot anjumanida jurnalistlar anomal issiq sabab yoz mavsumida tonirovkani arzonlashtirish rejalashtirilganmi, degan savol bilan murojaat qilgan. Mas’ul bunga javoban bunday o‘zgarish ko‘rib chiqilmayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda avtomobilning orqa va orqa yon oynalarini hech qanday ruxsatnomasiz bepul qoraytirish mumkin.

Tonirovka narxi avvalgiga qaraganda ancha arzonlashgan

Erali Bozorovning aytishicha, 2018-yilda tonirovkaga ruxsat berilganida old yon oynalarni qoraytirish narxi bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravariga teng bo‘lgan. Agar o‘sha tartib saqlanib qolganida, bugungi narx 37 million so‘mdan oshgan bo‘lardi. Keyingi yillarda hukumat qaroriga to‘rt marta o‘zgartirish kiritilib, narx 11,25 baravarga kamaytirildi va hozir 3 million 296 ming so‘mni tashkil etadi. Mutaxassislar o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida ayniqsa bemorlarni tashishda qulaylik yaratish maqsadida orqa va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirishga bepul ruxsat berilgan. Chunki bemorlar odatda orqa o‘rindiqda bo‘ladi va aynan orqa tomondan tushayotgan quyosh nurlarini to‘sish muhim hisoblanadi.

Soxta xabarlarga ishonmang

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda yoz mavsumida tonirovka ruxsatnomasi 412 ming so‘m bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi. YHXX bu ma’lumotlarni yolg‘on deb atab, amaldagi tartib o‘zgarmaganini ma’lum qildi. Hozir ham old yon oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi BHMning 8 baravari, ya’ni 3 million 296 ming so‘mni tashkil etadi. Ruxsatnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn olish mumkin va bunda 10 foizlik chegirma beriladi. Orqa va orqa yon oynalarni qoraytirish esa bepul. Old oynaning yuqori qismiga 14 santimetrdan oshmaydigan polosa o‘rnatish uchun ham ruxsatnoma talab qilinmaydi. Agar tonirovka bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritilsa, bu haqda rasmiy manbalar orqali albatta e’lon qilinishi, fuqarolardan esa asossiz xabarlarni tarqatmaslik so‘raldi. Shuningdek, ruxsatnomasiz old yon oynalarni qoraytirgan haydovchilarga amaldagi tartib bo‘yicha BHMning 25 baravari, ya’ni 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi.

Теги :
Jamiyat