$
 11774.92
9.71
 13588.26
1.8
 139.17
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Tibbiyotda o‘qish endi yanada qiyin: Kirish uchun minimal chegara belgilanmoqda

tibbiyot

O‘zbekistonda shifokor bo‘lish uchun endi faqat universitetga kirishning o‘zi yetmaydi. Tibbiyot va farmatsevtika ta’limida talablar ancha kuchaytirilmoqda. Unga ko‘ra, bituriyent uchun minimal kirish bali belgilanib, talabalar fanlardan yuqoriroq natija ko‘rsatishi kerak bo‘ladi, bo‘lajak shifokorlar esa bitirishdan oldin bir yil to‘liq amaliyot o‘taydi.

Tibbiyotga past ball bilan kirib bo‘lmaydi

2027–2028-o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlariga kirishda alohida minimal chegara paydo bo‘ladi. Abituriyent kirish imtihonida olish mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plashi kerak. Bu talab maqsadli qabul asosida o‘qishga kiruvchilarga ham tegishli bo‘ladi.

Talab faqat o‘qishga kirishda emas, universitetning o‘zida ham kuchayadi. 2026–2027-o‘quv yilidan shifokorlik yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar har bir modul va davlat imtihonidan eng yuqori ballning kamida 70 foizini olishi kerak bo‘ladi. O‘rta tibbiyot xodimlari uchun esa bu ko‘rsatkich 60 foiz etib belgilanadi. Talaba o‘qish davomida ham bilimini muntazam isbotlab borishi kerak bo‘ladi.

2027–2028-o‘quv yilidan davlat buyurtmasi hududlarda qaysi shifokorga qancha ehtiyoj borligi, shifoxona va poliklinikalarga qanday mutaxassislar kerakligi hisobga olinib shakllantiriladi.

Shifokorlar oxirgi bir yilni amaliyotda o‘tkazadi

Tibbiyot ta’limidagi eng katta o‘zgarishlardan biri “5+1” tizimi bo‘ladi. Davolash ishi negizida 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriati tashkil etiladi. Bunda talaba besh yil davomida asosiy ta’limni oladi, bitiruvchi kursdagi bir yil esa to‘liq amaliyotga ajratiladi.

Bu faqat davolash ishi bilan cheklanmaydi. Tibbiyotning barcha bakalavriat yo‘nalishlarida oxirgi kurs talabalarining butun o‘quv yili davomida amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.

Umumiy tibbiyot yo‘nalishini tugatganlar umumiy amaliyot shifokori malakasini oladi va belgilangan tartibda oilaviy shifokor bo‘lib ishlashi mumkin bo‘ladi. Stomatologiya talabalarining amaliyoti ham kengaytiriladi. Tibbiyot oliygohlariga stomatologiya poliklinikalari biriktirilib, talabalar o‘qish davomida amaliy ko‘nikmalarini shu yerda oshiradi.

Hamshiralik yo‘nalishida ham yangilik bor. “Oliy tibbiy hamrohlik ishi” bakalavriat yo‘nalishi ochiladi. 2027–2028-o‘quv yilidan kasbiy ta’limda ham “tibbiy hamrohlik ishi” mutaxassisligi joriy qilinadi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha davlat buyurtmasi 2030–2031-o‘quv yiligacha har yili kamida 20 foizdan oshirib borilishi rejalashtirilgan.

Tor soha shifokori bo‘lish uchun rezidenturadan o‘tish kerak

Kelajakda kardiolog, nevrolog, jarroh va boshqa tor soha mutaxassislarini tayyorlashda asosiy yo‘l rezidentura bo‘ladi. Hozirgi klinik ordinatura tizimi bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga mos rezidentura dasturlari bilan almashtiriladi.

2026–2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidentura tashkil etiladi. Uni tamomlaganlar oilaviy shifokor mutaxassisligini oladi. 2027–2028-o‘quv yilidan esa tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va ordinaturaga yangi qabul to‘xtatiladi.

Rezidenturada o‘qiyotganlar faqat auditoriyada dars tinglab yurmaydi. Masalan, oilaviy tibbiyot rezidentlari oliygohlarga biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda ishlaydi. Ular professor-o‘qituvchilar bilan birga bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatib, bir vaqtning o‘zida o‘qiydi va amaliy tajriba to‘playdi.

Davlat granti bilan rezidenturaga kirganlarga stipendiya ham beriladi. Uning miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,15 baravari etib belgilanadi. O‘qishni muvaffaqiyatli tugatganlarga Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos davlat diplomi beriladi.

Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham ehtiyoj mavjud mutaxassisliklar bo‘yicha o‘z mablag‘i hisobidan rezidentura dasturlarini tashkil qilishga ruxsat beriladi.

Magistratura endi boshqa maqsadga xizmat qiladi

Yangi tizim bilan tibbiyot magistraturasining vazifasi ham o‘zgaradi. 2027–2028-o‘quv yilidan tor soha shifokorlarini magistratura orqali tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Bunday mutaxassislikka ega bo‘lishni istagan shifokor rezidenturada o‘qishi kerak bo‘ladi.

Magistratura esa asosan ilm bilan shug‘ullanadigan, oliygohlarda dars beradigan va tibbiyot tizimida boshqaruv yo‘nalishida ishlaydigan kadrlarni tayyorlashga qaratiladi. Shu bilan birga, amaldagi magistratura yo‘nalishlari uchun o‘rinlarning 20 foizigacha bo‘lgan qismi saqlab qolinadi.

Yana bir o‘zgarish — oliy ma’lumotga ega, ammo turdosh yo‘nalishda tahsil olgan nomutaxassislar ham ayrim magistratura dasturlariga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Qisqa kurs orqali tor mutaxassislik olish imkoniyati esa cheklanmoqda. Joriy o‘quv yilidan qisqa muddatli qayta tayyorlash orqali qo‘shimcha tor ixtisoslik olish hamda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish — internaturaga qabul qilish amaliyoti to‘xtatiladi.

Теги :
Jamiyat