$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Go‘zallik sanoati bizga nimani sotyapti?

Make up

“Go‘zallik sanoati sizni avval o‘zingizning yetarlicha go‘zal emasligingizga ishontiradi, keyin esa o‘zingizni sevishingiz uchun mahsulot sotadi”. Reychel Kroul keltiradigan bu fikr bugungi go‘zallik sanoatining eng katta paradokslaridan birini ifodalaydi. Rupi Kaurga nisbat beriladigan fikr ham buni tasdiqlaydi: “Agar siz o‘zingizni yetarlicha go‘zal ekaningizga ishonsangiz, milliard dollarlik sanoat qulaydi”. Bu gapni so‘zma-so‘z iqtisodiy prognoz sifatida qabul qilish shart emas. Ammo unda muhim savol bor — agar inson o‘z yuzini, terisini, tanasini va yoshini doimiy ravishda “tuzatilishi kerak bo‘lgan muammo” deb ko‘rmasa, go‘zallik sanoati qanday ishlaydi?

Bugun bu savol tobora dolzarb. Chunki go‘zallik endi shunchaki pardoz, krem yoki atir masalasi emas. U ulkan iqtisodiy tizimga aylangan. Sanoat yuzlab milliard dollarlik bozorni shakllantiradi. Uning reklamalari esa bizga faqat mahsulot haqida emas, o‘zimiz haqida ham nimanidir aytadi – “Teringiz xira”, “Ajinlaringiz ko‘rinib qolibdi”, “Bu dog‘lardan xalos bo‘ling”, “Yosharish vaqti keldi”, “Tabiiyligingizni yanada chiroyli qiling”. Xabarlar o‘zgaradi. Ammo bitta savol doim qoladi – siz hozirgi holatingizda yetarlimisiz?

Mukammallikning oxiri yo‘q

Go‘zallik sanoatining eng kuchli mexanizmi insonni bir marta xarid qilishga majbur etish emas, balki unga yangi ehtiyojlarni ketma-ket yaratishdir. Bugun yuzdagi ajin muammo bo‘lishi mumkin, ertaga terining teksturasi, keyin ko‘z ostidagi mayda chiziqlar, keyin kengaygan teshikchalar, keyin lab hajmi, keyin qosh shakli, keyin tana proporsiyasi. Muammo tugamaydi, chunki “ideal”ning o‘zi doim o‘zgaradi.

Bir necha yil oldin qalin kontur modaga aylangan edi. Keyin “no-makeup makeup” tabiiylik ramziga aylandi. Bir payt juda ingichka qoshlar ideal bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrda qalin qoshlar urfga kirdi. Demak, mukammal ko‘rinishning o‘zi doimiy standart emas. U bozor bilan birga o‘zgaradi. Bu yerda eng qiziq savol tug‘iladi: agar go‘zallik standarti har bir necha yilda o‘zgarib tursa, nega biz undan umrbod ortda qolishdan qo‘rqamiz?

“Muammo”ni kim belgilaydi?

Kosmetika reklamasining kuchi mahsulotning o‘zidagina emas, uning insonning o‘ziga bo‘lgan qarashiga ta’siridadir. Masalan, yuzdagi teshikchalar biologik jihatdan terining tabiiy qismi, ajin esa qarish jarayonining tabiiy belgisi. Ammo reklama tili ularni “kamchilik” sifatida ko‘rsatishi mumkin. Keyin yechim paydo bo‘ladi – teshikchalarni kichraytiruvchi serum, ajinga qarshi krem, terini “mukammallashtiruvchi” vosita, dog‘larni yo‘qotuvchi mahsulot. Shunday qilib, marketingning oddiy formulasi yuzaga keladi: avval muammo ko‘rsatiladi, keyin xavotir kuchaytiriladi, so‘ng yechim taklif qilinadi. Va nihoyat, yechim xarid qilinadi.

Bu mexanizm faqat kosmetikada ishlamaydi. U moda, fitnes, tishlarni oqartirish, soch parvarishi va boshqa ko‘plab sohalarda ham uchraydi. Inson o‘zida muammo bor deb his qilsa, mahsulot unga oddiy buyum emas, zarurat bo‘lib ko‘rina boshlaydi.

Katta o‘zgarish endi telefonda

Ilgari go‘zallik standartlarini jurnal muqovalari, televizor va reklama bannerlari shakllantirgan. Bugun esa standart cho‘ntakda – Instagram, TikTok va boshqa platformalarda odam kun davomida yuzlab surat va videolarni ko‘rishi mumkin. Ammo ularning ko‘pchiligi real hayotdagi yuzning to‘liq tasviri emas: filtrlar terini silliqlaydi, yuz shaklini o‘zgartiradi, ko‘zlarni kattalashtiradi, burunni kichraytiradi, lablarni hajmliroq ko‘rsatadi va suratlar tahrirlanadi. Keyin esa shu tasvir “tabiiy go‘zallik” sifatida namoyish qilinadi. Muammo shundaki, inson bunday tasvirlarni qayta-qayta ko‘rgani sari ularni oddiy va odatiy deb qabul qilishi mumkin. Shunda haqiqiy yuz unga “kamchiliklar to‘plami”dek ko‘rina boshlaydi. Bu esa go‘zallik sanoati uchun juda qulay muhit yaratadi.

Tadqiqot nimani ko‘rsatmoqda?

Citruslabs tomonidan e’lon qilingan va yangilangan materiallarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayollarning atigi 5 foizi go‘zallik reklamalarida an’anaviy tarzda jozibali deb hisoblanadigan modellarni ko‘rishni istaydi. 74 foiz ayol esa turli tana tuzilishi, teri holati, yosh va jismoniy imkoniyatlarni ifodalovchi xilma-xil modellarni afzal ko‘rishini bildirgan. Bu raqamlar go‘zallik marketingida katta o‘zgarish yuz berayotganini ko‘rsatadi. Endi iste’molchi reklamaga qarab “Men ham shunday bo‘lishim kerak” demoqchi emas, balki ko‘proq “Bu reklamada men o‘zimni ko‘ryapmanmi?” degan savol paydo bo‘lmoqda.

Z avlodida bu talab yanada kuchli. Citruslabs ma’lumotlariga ko‘ra, Z avlodining har to‘rtinchi vakili mavjud go‘zallik marketingida o‘zini yetarlicha namoyon etilgan deb hisoblamaydi. Demak, eski formula ishlamayapti.

Go‘zallik sanoati endi o‘z tilini ham o‘zgartirmoqda

Ilgari kosmetika reklamalarida “normal teri” degan tushuncha tez-tez ishlatilgan. Go‘yoki terining bitta “normal” holati bor, qolganlari esa tuzatilishi kerakdek. Bugun ayrim brendlar aynan shu yondashuvdan voz kechmoqda. “Normal teri” o‘rniga “sog‘lom teri”, “tabiiy teri”, “o‘ziga xos teri” kabi tushunchalar paydo bo‘lmoqda. Bu shunchaki so‘z almashtirish emas. Til insonning o‘ziga qanday qarashiga ta’sir qiladi. Agar reklama “teringizni tuzating” desa, iste’molchi o‘zini muammoli deb his qilishi mumkin; agar “teringizni parvarish qiling” desa, ma’no o‘zgaradi. Birinchisida kamchilik markazda bo‘lsa, ikkinchisida – g‘amxo‘rlik. Bu juda kichik ko‘ringan farq aslida katta psixologik o‘zgarishni anglatadi.

“Body positivity”: inqilobmi yoki yangi marketing strategiyasimi?

Body positivity, ya’ni inson tanasining turli shakl, o‘lcham, rang, yosh va imkoniyatlarini qabul qilish g‘oyasi so‘nggi o‘n yillikda kuchaydi. Reklamalarda avvalgidek faqat bitta turdagi modelni ko‘rish tobora kamaymoqda. Endi reklamalarda turli tana tuzilishidagi ayollar, turli teri ranglari, ajinlar, chandiqlar, vitiligo, rozatseya va cho‘zilish izlariga ega insonlar ham namoyish etilmoqda. Bu, albatta, ijobiy o‘zgarish.

Ammo bu yerda yana bir paradoks bor. Go‘zallik sanoati avval “kamchiliklaringizni yashiring” deb mahsulot sotgan bo‘lsa, endi “o‘zingizni seving” degan xabar bilan mahsulot sotishi mumkin. Ya’ni sanoat yo‘qolmaydi, aksincha moslashadi. Kecha “Ajinlaringizni yashiring” degan brendlar bugun “Ajinlaringizni qabul qiling va teringizni parvarish qiling” deydi. Shuning uchun body positivity marketingining eng qiziq savoli shunday: kompaniya haqiqatan ham go‘zallik standartlarini buzmoqdami yoki yangi standartni sotmoqdami?

“Filtrsizlik”, “Tabiiy teri”, “Tabiiy makiyaj”, “Haqiqiy teri” – bular yangi estetik tushunchalarga aylandi. Superfluid kabi yangi brendlar reklamada rozatseya, vitiligo, cho‘zilish izlari va chandiqlarga ega modellarni ko‘rsatmoqda. Bu yaxshi tomonga o‘zgarish. Ammo marketingning tabiati o‘zgarmaydi, bozor har qanday ijtimoiy tendensiyani o‘zlashtirishi mumkin. Kecha mukammallik sotilgan bo‘lsa, bugun nomukammallikni qabul qilish sotiladi. Bu esa bizga yana bir muhim narsani ko‘rsatadi: iste’molchi o‘zgarganda, reklama ham o‘zgaradi.

“O‘zingni sev” ham tijorat mahsulotiga aylanishi mumkin

Bugungi marketingdagi eng ommabop iboralardan biri “self-care”. “O‘zingizga vaqt ajrating. O‘zingizni seving. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qiling”. Bu fikrlarning o‘zi yomon emas. Aksincha, insonning o‘ziga e’tibor berishi muhim. Ammo bozor bu tushunchani ham mahsulotga aylantira oladi. Masalan, o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish uchun krem, serum, niqob, parfyum, yangi kosmetik to‘plam… Shunda “o‘zingizni seving” degan xabar asta-sekin “o‘zingizni sevish uchun buni sotib oling” degan mazmunga o‘tadi. Bu yerda muammo mahsulot xarid qilishda emas, muammo shundaki, inson o‘ziga bo‘lgan hurmatini mahsulot bilan o‘lchay boshlasa, marketing uning hissiyotlariga bevosita ta’sir qila boshlaydi.

Bir xil formula, turli narx

Go‘zallik sanoatining yana bir qiziq jihati mahsulotlarning o‘zi bilan bog‘liq. Go‘zallik brendlari haqidagi tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar o‘z mahsulot formulalarini to‘liq mustaqil ishlab chiqarmaydi. Ba’zi hollarda formulalar yetkazib beruvchilarga tegishli bo‘ladi. Brend esa ularga o‘zgarishlar kiritadi, hidini o‘zgartiradi, teksturasini moslashtiradi, qadoqni yangilaydi va mahsulot o‘ziga xos innovatsiya sifatida bozorga chiqariladi. Bu esa juda qiziq savolni tug‘diradi: “Nega ikki o‘xshash mahsulot o‘rtasida katta narx farqi bo‘lishi mumkin?” Chunki siz ba’zan faqat tarkib uchun emas, brend nomi, qadoq, marketing, mavqe va tajriba uchun ham pul to‘laysiz. Bir xil yoki juda o‘xshash formulalar turli brendlar orqali turli narx segmentlarida sotilishi mumkin. Demak, kosmetikada “qimmat” har doim “yaxshiroq” degani emas.

Bir kompaniya ortida o‘nlab brend bo‘lishi mumkin

Yirik korporatsiyalar ko‘pincha bir nechta go‘zallik brendlariga egalik qiladi. Bu holatning o‘zi ayrim jihatlardan noto‘g‘ri emas. Ammo kompaniya kichik brendni sotib olganda, uning mahsulot formulalariga ham ega bo‘lishi mumkin. Keyinchalik bir xil yoki o‘xshash formulalar turli brendlar orqali turli narxlarda sotilishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Iste’molchi esa brendlarning bir korporatsiyaga tegishli ekanini har doim ham bilmaydi. Shu sababli kosmetika xaridida faqat logotipga emas, tarkibga, mahsulotning maqsadiga va real ehtiyojga qarash muhim.

Balki eng qimmat mahsulot o‘zimizga bo‘lgan ishonchdir

Go‘zallik sanoati krem, serum, tonal vosita yoki atir sotadi. Ammo reklama ko‘pincha ulardan kattaroq narsani va’da qiladi – o‘ziga ishonch, jozibadorlik, yoshlik, e’tirof, yangi hayot, yaxshi munosabat, yaxshi ish, yaxshi kayfiyat. Mahsulotning o‘zi kichik bo‘lishi mumkin, ammo uning atrofida qurilgan hikoya juda katta. Shu sababli reklama faqat “bu mahsulot nima qiladi?” degan savolga javob bermaydi, u “bu mahsulotni ishlatsangiz, qanday insonga aylanasiz?” degan savolga ham javob beradi. Mana shu nuqtada go‘zallik iqtisodiyotdan psixologiyaga o‘tadi.

Rupi Kaur savoli

Rupi Kaurga nisbat beriladigan “Agar siz o‘zingizni yetarlicha go‘zal ekaningizga ishonsangiz, milliard dollarlik sanoat qulaydi” degan fikrni boshqa tomondan ko‘rib chiqsak.

Agar inson o‘zining tabiiy yuzini yomon ko‘rmasa, u kosmetikani butunlay tark etishi shart emas. Ammo u buni majburiyat sifatida emas, tanlov sifatida ishlata boshlaydi. Agar inson ajinni falokat deb hisoblamasa, ajinga qarshi mahsulot unga “hayot-mamot masalasi” bo‘lib ko‘rinmaydi. Agar inson o‘z tanasini doimiy ravishda boshqa odamlar bilan solishtirmasa, har bir yangi trend unga yangi xarid zaruriyatini tug‘dirmaydi.

Demak, go‘zallik sanoatining eng katta xavfi kosmetikadan voz kechish emas, balki iste’molchining ongli bo‘lib qolishidir. Chunki ongli iste’molchi reklamadagi savolni o‘zgartiradi: “Bu mahsulot meni chiroyli qiladimi?” o‘rniga “Menga bu mahsulot haqiqatan kerakmi?” yoki “Men buni o‘zim xohlaganim uchun olyapmanmi yokida menga o‘zimda muammo borligi aytilgani uchunmi?” deb o‘ziga savol bera boshlaydi.

Теги :
Jamiyat