$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston tengesi Yevropa va Osiyoda tengsiz deb topildi

Tenge

Xalqaro investorlarning Qozog‘iston ichki qarz xaridlariga bo‘lgan qiziqishi ortishi ortidan mamlakat milliy valyutasi — tenge qiymati keskin oshdi. Financial Times nashrining xabar berishicha, ushbu o‘sish sur’atlari tengega Yevropa va Osiyo qit’alaridagi eng kuchli valyuta maqomini taqdim etdi.

Joriy 2026-yilda tenge AQSh dollariga nisbatan 9,7 foizga qimmatlashib, jahon miqyosida faqat Lotin Amerikasi hamda Afrikaning ayrim valyutalaridangina ortda qoldi. Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyotida yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolayotgani xorijiy aktiv boshqaruvchilarini jalb etuvchi asosiy omillardan biriga aylandi.

Moliya bozori va investorlar ishonchi

LGT Capital Partners investitsiya kompaniyasi vakili Jetro Siyekkinen mavjud ko‘rsatkichlarni juda barqaror deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, investorlar o‘z aktivlar portfelini turli moliyaviy vositalar bilan boyitishga intilmoqda. Bunda Qozog‘iston obligatsiyalarini sotib olish va ularning savdosini amalga oshirish jarayonlari sezilarli darajada osonlashgani muhim rol o‘ynadi.

Iyun oyidagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy investorlar qo‘lidagi tenge davlat obligatsiyalari hajmi 5 milliard dollarga yetgan. Bu mamlakat umumiy obligatsiyalar bozorining qariyb o‘ndan bir qismini tashkil etadi. Solishtirish uchun, atigi bir yil muqaddam ushbu ko‘rsatkich 2 milliard dollar atrofida qayd etilgan edi.

Bozordagi yuqori foiz stavkalari ham kapital oqimini rag‘batlantirmoqda. Iyul oyida Markaziy bank asosiy stavkani 16,75 foizgacha tushirgan bo‘lsa-da, u jozibadorligini saqlab qoldi. Shuningdek, mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 2025-yilning sentyabr oyidagi 13 foizdan joriy yilning iyun oyiga kelib 10 foizgacha pasaydi.

Avvalroq Rossiyaning Qora dengizdagi terminaliga uyushtirilgan hujumlar Qozog‘iston nefti eksportiga ma’lum darajada xalaqit berayotgan edi. Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning iltimosidan so‘ng mazkur terminalga qilingan hujumlar to‘xtatilgan.

ING bankining bosh iqtisodchisi Dmitriy Dolgin tengening mustahkamlanishini savdo operatsiyalaridan ko‘ra ko‘proq kapital oqimi bilan bog‘laydi. Aprel oyida Qozog‘iston ichki obligatsiyalarni Euroclear xalqaro kliring tizimiga ulash rejasini e’lon qilgach, mamlakatga xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi yanada jadallashdi.

Rossiyaga muqobil energiya manbai

Investorlar Qozog‘istonni Rossiya o‘rnini bosa oladigan munosib energiya ishlab chiquvchi muqobil davlat sifatida ko‘rmoqda. Chunki Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng xalqaro obligatsiyalar bozoridan uzib qo‘yilgan edi.

O‘z navbatida, Goldman Sachs eksperti Klemens Graf xorijiy kapital qiziqishi faqatgina neft narxiga bog‘liq emasligini ta’kidlaydi. Qozog‘istonda neftning katta qismi xorijiy kompaniyalar tomonidan qazib olingani sababli, xomashyo qimmatlashganda asosiy daromad mamlakat iqtisodiyotiga emas, balki o‘sha kompaniyalar va ularning fondlariga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston rasmiy investitsiyaviy kredit reytingiga ega bo‘lib, bu borada Misr va Nigeriya kabi davlatlardan ustunlik qiladi. Hozirda mamlakat rivojlanayotgan davlatlarning milliy valyutadagi obligatsiyalarini jamlagan JPMorgan bankining nufuzli GBI-EM indeksiga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Geosiyosat, tranzit va yuqori texnologiyalar

Tenge kursining barqarorlashuviga mamlakatga kirib kelayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 6,3 milliard dollarni tashkil etdi. Hukumat neft sohasidan tashqari qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida Xitoydan Yevropaga yuk tashuvchi asosiy tranzit xabiga aylanishni rejalashtirgan.

Osiyo bozorlari fondi menejeri Ruchir Desainikaning bildirishicha, Qozog‘iston Xitoy tovarlarining Yevropa yo‘nalishidagi tranzitidan katta moliyaviy naf ko‘rmoqda. Ayni paytda AQSh va Xitoy ushbu strategik hududda o‘z ta’sirini oshirish uchun raqobat olib bormoqda.

Shuningdek, avgust oyida Qozog‘iston Nvidia va Firebird kompaniyalari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollarga teng bo‘lgan shartnomani imzoladi. Ushbu yirik sarmoya mamlakatda zamonaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini (data-tsentrlar) barpo etishga sarflanadi.

Citic CLSA tahlilchisi Maks Hopkinsning xulosa qilishicha, Xitoy va Rossiya o‘rtasida joylashgan Qozog‘iston ushbu qo‘shnilarning hech biriga to‘liq qaram bo‘lib qolishni istamaydi. Shu sababli mamlakat o‘z iqtisodiyotiga ko‘proq va xilma-xil xorijiy kapitalni jalb etish siyosatini faol davom ettirmoqda.

Теги :
Jamiyat