$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Saida Mirziyoyeva Buxoroda: Bir necha oyda nimalar o‘zgardi?

Saida Mirziyoyeva Buxoroda

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva may oyida berilgan vazifalar ijrosini ko‘rish uchun yana Buxoroga bordi. Bu safar u bir necha oy ichida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari bilan tanishdi.

“Jo‘yzar” kanali yangilandi

1938-yilda qurilgan “Jo‘yzar” kanalining 9 kilometri betonlashtirildi. Natijada kanalning suv o‘tkazish quvvati sekundiga 5 kub metrdan 8 kub metrgacha oshdi. Loyiha to‘liq yakunlangach, yiliga 12 million kub metr suvni tejash, 349 ta fermer xo‘jaligi va minglab xonadonlarning tomorqalarini suv bilan yaxshiroq ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Kanal orqali 13,7 mingdan ortiq xonadonning ichimlik suvi ta’minoti ham yaxshilanadi.

Kanal bo‘yida zamonaviy baliqchilik xo‘jaligi ham ishga tushirildi. Hovuzga 2,5 ming dona sazan chavoqlari tashlanib, baliqlarni oziqlantirish va suvdagi kislorod miqdorini nazorat qilish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Yil oxirigacha bu yerda 4 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

Qariyb 50 yillik bog‘cha qayta qurildi

Saida Mirziyoyeva “Shayxoncha” mahallasidagi 1977-yilda qurilgan 21-sonli bog‘chada ham bo‘ldi. Qariyb 50 yil foydalanilgan bino eskirib, yaroqsiz holga kelgani sabab to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Avval 140 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chada 193 nafar bola tarbiyalanayotgan edi. Endi muassasa 240 o‘ringa kengaytirilib, qo‘shimcha 100 ta yangi o‘rin yaratildi. Natijada mahalladagi 3–6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetdi.

Bog‘cha energiya tejamkor qilib yangilangan. Binoning tashqi devorlari issiqlikni saqlovchi materiallar bilan qoplangan, 40 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish ham rejalashtirilgan.

Maqsad — Buxoroga yiliga 10 million sayyoh

Tashrif davomida Buxoroning turizm imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi loyihalar ham muhokama qilindi. “Afshona” majmuasi, etno-uylar, mehmonxonalar va boshqa loyihalar orqali viloyatga yiliga 10 million sayyoh jalb qilish maqsad qilingan.

Tashrif yakunida Saida Mirziyoyeva Buxorodagi “Yetti pir” qadamjolarini ziyorat qildi.

Теги :
Jamiyat