$
 11794.88
-25.52
 13685.60
1.12
 138.67
-0.38
weather
+26
Кечаси   +14°

Hammaning hammaga qarshi urushi: Nega jamiyatimizda jungli qonunlari ustunlik qilyapti?

Jungli

Ertalabki soat sakkiz. Mashinalarning tinimsiz va asabiy signallari, odamlar bilan limmo-lim toʻlgan, ichida nafas olib boʻlmaydigan avtobuslar. Hamma qayergadir shoshilgan, hamma kechikayotgan, hamma nimadandir tashvishda. Toʻsatdan avtobus ichida kimdir kimningdir oyogʻini bosib oldi. Oddiygina holat, uzr soʻrash bilan tugashi kerak boʻlgan voqea. Ammo soniyalar ichida butun salonni baqiriq-chaqiriq, haqorat va koʻzlardagi cheksiz nafrat qoplaydi...

Nima uchun biz bunchalik asabiy, agressiv boʻlib qoldik? Nega odamlar bir-biriga gʻajib tashlashga tayyor dushmandek qarayapti?

Quvvati tugagan batareyalar

Biz koʻpincha agressiyani shaxsning tarbiyasizligi yoki yomon xarakteriga yoʻyamiz. Biroq muammo ancha chuqurroq, u insonning eng birlamchi jismoniy ehtiyojlari inqirozga uchragan joydan boshlanadi.

Tasavvur qiling, oʻrtacha statistik ishchi kuniga 10–12 soatlab mehnat qiladi. Ertalab nonushtaga vaqt yoʻq, tushlik esa koʻpincha quruq tamaddi yoki oyoq ustidagi apil-tapil choy bilan oʻtadi. Kechasi uxlashdan oldin esa miyani tinchlantirish oʻrniga, telefon ekraniga tikilib, ijtimoiy tarmoqlardagi ming xil muammolarni miyadan oʻtkazamiz.

Organizm surunkali ravishda toʻyib uxlamaslik, vaqtida oziqlanmaslik va minimal darajada dam olmaslik holatiga oʻtadi. Biologiyada buni organizmning “ochlik va xavf” rejimiga oʻtishi deyiladi. Tana doimiy stress gormonlarini, xususan, kortizolni ishlab chiqara boshlaydi. Surunkali charchoq oylab, yillab qonda aylanib yursa, miyaning ratsional fikrlaydigan qismi (prefrontal qobigʻi) faoliyatini susaytiradi. Bunday sharoitda yashayotgan insonning asab tizimi portlash arafasidagi dinamitga aylanib qoladi. Unga shunchaki birgina uchqun — avtobusdagi turtki yoki navbatdagi nohaqlik yetarli. Miyaning ratsional, aqlli qismi charchoqdan oʻchib qolgan boʻladi va birinchi planga ibtidoiy instinkt — “hujum qilish” chiqadi.

Eng yomoni, bu koʻchadagi asabiylik va charchoq havoda yoʻq boʻlib ketmaydi. Fizikadagi energiyaning saqlanish qonuni kabi, ofisda, fabrikada yoki bozorda oʻz haq-huquqini himoya qila olmagan, iqtisodiy bosim ostida ezilgan inson bu zaryadni uyiga olib keladi. Oila ijtimoiy xavfsizlik maskani boʻlishi kerak edi, biroq u koʻpincha “emotsional chiqindilar” tashlanadigan joyga aylanmoqda.

Mana shu nuqtada zanjirning eng mudhish halqasi ishga tushadi. Arzimagan toʻpolon uchun bolaga baqiriladi, uning shaxsiyati kamsitiladi yoki qoʻl koʻtariladi. Yoshligidan muloqotning faqat baqiriq, jazo va kuch ishlatish formatini koʻrgan bola buni yagona toʻgʻri yechim sifatida qabul qiladi. U uydagi baqiriq va zoʻravonlikni oʻziga singdirib, ertaga bogʻchaga borib tengdoshini tishlaydi, maktabga chiqib sinfdoshi ustidan “samosud” uyushtiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda bizni dahshatga solayotgan oʻsha shafqatsiz videolar koʻkdan tushgani yoʻq: ukalar, singillar yoki farzandlarimiz qilayotgan agressiya ota-onaning surunkali charchogʻi, eʼtiborsizligi va asabiy muhitining bevosita mevasidir. Jamiyat oʻz-oʻzini agressiya bilan oziqlantiradigan mudhish aylanma doirani yaratib boʻldi.

Frustratsiya

Uy ichidagi stress oʻchoqlaridan chiqib, koʻchaga — raqamli va real ijtimoiy muhitga nazar tashlaylik. Charchoq va kortizol bosimidagi odamning asab tizimi har qanday tashqi stimulga haddan tashqari oʻtkir reaksiyaga tayyor turadi. Lekin bu reaksiya faqat jismoniy turtkilarga emas, balki psixologik ochiq yaralarga ham qarshi qaratiladi.

Bugun har birimiz choʻntagimizda butun dunyo boyligi va “ideal hayot” vitrinasini koʻtarib yuramiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi layklar, muvaffaqiyatlar, dabdabali toʻylar va mukammal koʻringan yuzlar — bularning barchasi qondirilmagan ehtiyojlarimizni yanada qitiqlaydi.

Sotsiologlar buni “frustratsiya” deb atashadi. Frustratsiya — bu oʻzimiz kutgan, ammo erisha olmagan narsalarimizdan kelib chiqadigan ichki norozilik. Odam ijtimoiy tarmoqda boshqalarning “erkin va boy” hayotini koʻrib, oʻzining kundalik mashaqqati, uyqusiz tunlari va munosib baholanmagan mehnati bilan taqqoslaydi. Natijada, miyada bir fikr mustahkamlanadi: “Men qolib ketyapman”, “Atrofimdagilar mendan oʻzib ketdi”, “Adolat yoʻq. Bu norozilik ichimizda yigʻilib qoladi va xuddi bosim ostidagi bugʻ qozoni kabi, eng kichik bir tirqish topilishi bilan tashqariga otilib chiqadi.

Bu psixologik holat jamoat joylaridagi, masalan, bankdagi, poliklinikadagi yoki doʻkondagi navbatlarda eng yaqqol koʻzga tashlanadi. Odam soatlab navbat kutar ekan, uning ongida “men yutqazib qoʻyaman”, “menga yetmay qoladi”, “tizim meni mensimayapti” degan xavotir kuchayadi. Bu xavotir uni raqibga aylantiradi. Uning uchun navbatdagi yonida turgan inson hamkor emas, balki uning resursini tortib olishi mumkin boʻlgan “dushman”dir. Birgina tartib buzilishi — masalan, kimdir navbatsiz kirsa, bu shunchaki qoidabuzarlik emas, balki butun jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi “isyon” sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun ham oʻsha “arzimas” holatda odamlar oʻzini toʻxtata olmay, bir-biriga tashlanishadi.

Bu yerdagi eng qiziq jihat shundaki, adolatga boʻlgan ishonch qancha past boʻlsa, agressiya darajasi shuncha yuqori boʻladi. Agar tizimda tartib boʻlsa, masalan, raqamli navbatlar yoki shaffof qoidalar boʻlsa, odam “men baribir navbatimni olaman” degan ishonch bilan xotirjam boʻladi. Ammo shaffoflik yoʻq joyda, har bir inson “oʻz haqini” musht bilan himoya qilishga majbur ekanligiga ishonadi.

Instiktlar boshqaradigan tartibsizlik

Shaxsiy charchoq va raqamli bosim — bular individual insonning ichki dunyasida sodir boʻladigan jarayonlar edi. Biroq bu ichki dinamitlar nima sababdan aynan bugun ommaviy portlashlarga, koʻchalardagi samosudlarga va ijtimoiy shafqatsizlikka aylanib boryapti? Buning javobi inson psixologiyasidan koʻra chuqurroq joyda, jamiyatni ushlab turgan koʻrinmas poydevorning, yaʼni ijtimoiy shartnomaning inqirozida yotibdi.

Ingliz mutafakkiri Tomas Gobbs oʻzining mashhur “Leviafan” asarida bir gʻoyani ilgari surgan edi: agar jamiyatda hamma amal qiladigan, adolatni taʼminlaydigan umumiy qonunlar kuchini yoʻqotsa, insonlar oʻzining tabiiy, yovvoyi holatiga qaytadi. U buni “hammaning hammaga qarshi urushi” (Bellum omnium contra omnes) deb atagan.

Bugun jamiyatda kuzatilayotgan koʻplab agressiya koʻrinishlari aslida odamlarning qonunga va ijtimoiy adolatga boʻlgan ishonchi zaiflashayotganidan darak beruvchi simptomlardir. Qonunlar hamma uchun birdek ishlamaydigan, muammolar qonuniy yoʻl bilan emas, balki tanish-bilishchilik, pul yoki mansab kuchi bilan hal qilinadigan muhit yuzaga kelsa, odamning himoya instinkti uygʻonadi.

Inson ongsiz ravishda shunday xulosaga keladi: “Agar tizim meni himoya qilmasa, men oʻzimni va haqimni oʻzim himoya qilishim kerak”. Maktab oʻquvchilarining bir-biri ustidan guruh boʻlib “sud” oʻtkazishi, koʻchada arzimas sabab bilan bir-birining yoqasidan oladigan haydovchilar — bularning barchasi qonunga boʻlgan ishonchsizlikning amaldagi ifodasidir. Odamlar oʻz muammolarini oʻzlari, koʻpincha zoʻravonlik yoʻli bilan hal qilishga oʻtadi.

Taniqli fransuz faylasufi Jan-Jak Russo ogohlantirganidek, agar qonunlar faqat boylar va kuchlilarni himoya qilib, ojizlarni jazolashga xizmat qilsa, jamiyat barqarorlikni emas, tizimli zoʻravonlikni boshdan kechirayotgan boʻladi. Inson qadri va uning huquqlari faqat moddiy imkoniyatlari yoki ijtimoiy maqomi bilan oʻlchana boshlagan muhitda:

 * Odamlar oʻrtasidagi muloqot madaniyati yoʻqoladi;

 * Hamkorlik oʻrnini resurslar (taʼlim, tibbiyot, adolat) uchun shafqatsiz kurash egallaydi;

 * Atrofdagilar munosib vatandosh emas, balki yashab qolish yoʻlidagi xavfli raqib sifatida koʻriladi.

Zamonaviy sotsiologik tadqiqotlar ham ijtimoiy tengsizlik darajasi yuqori boʻlgan jamiyatlarda odamlarning bir-biriga boʻlgan ishonchi minimal nuqtaga tushishini isbotlamoqda. Ishonch yoʻqolgan joyda esa qoʻrquv tugʻiladi. Qoʻrquv esa har doim agressiyani voyaga yetkazadi.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga azob berayotganlarni yoki jamoat joylarida tartiblarni buzayotganlarni shunchaki “yovvoyi” deb atash bilan qutula olmaymiz. Ular ijtimoiy shartnoma buzilgan, odamiylik va oʻzaro hurmat qadrsizlangan, “jungli qonunlari” (kuchlining haqligi) ustunlik qila boshlagan tizimning hosilalaridir. Agar adolat qalqoni zaiflashsa, har qanday madaniyatli jamiyat qisqa fursat ichida instinktlar boshqaradigan tartibsizlik girdobiga gʻarq boʻlishi muqarrar.

Zanjirni qayerdan uzish kerak?

Biz oʻzimizni faqat shaxsiy hayotimiz, ishimiz yoki mamlakatimiz ichidagi muammolar qurshovida yashayapmiz deb oʻylaymiz. Biroq zamonaviy inson global dunyoning bir boʻlagidir. Smartfonlarimizga kelayotgan har bir xabar, dunyoning qaysidir nuqtasidagi urushlar, iqtisodiy inqirozlar va ekologik fojialar ongsiz ravishda bizga “fonli stress” (background stress) boʻlib taʼsir qiladi.

Global miqyosda tinchlik va barqarorlik koʻrsatkichlari pasayib borayotgan ushbu “Buyuk parchalanish” davrida zoʻravonlik va xavfsizlikka oid qoʻrquvlar tobora ortmoqda. Kelajakka ishonchi yoʻq, ertangi kunidan xavotirda boʻlgan odam esa, tabiiy ravishda, bugun koʻchada duch keladigan kichik toʻqnashuvlarida ham shafqatsizroq munosabatda boʻlishni boshlaydi.

Jamiyat miqyosidagi bu agressiya va nafrat zanjirini shunchaki “odamlar, insofli boʻling” degan balandparvoz shiorlar bilan uzib boʻlmaydi. Bu yerda aniq, tizimli va shaxsiy darajadagi strategiya zarur.

1. Davlat va Mehnat tizimi darajasida: “Inson kapitalini asrash”

 Mehnat qonunchiligini qatʼiy nazorat qilish. Haftalik ish meʼyorini buzayotgan, xodimlarni tun-u kun yuqori kuchlanish ostida ishlatayotgan tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirish. Surunkali charchoq agressiyaning bosh sababidir.

 Moslashuvchan ish tartiblari: Yosh bolali ayollar va uzoq masofadan qatnab ishlaydigan xodimlar uchun masofadan (online) ishlash yoki haftalik ish kunlarini optimallashtirish tizimini (masalan, rivojlangan davlatlar tajribasidagi moslashuvchan grafik yoki 4 kunlik ish haftasini) joriy etish.

 Tizimli adolat va shaffoflik: Jamoat joylarida, davlat idoralarida inson omilini kamaytiruvchi toʻliq raqamli navbatlar va adolatli xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish. Inson “men qolib ketmayman, huquqim poymol boʻlmaydi” degan ishonchni his qilishi shart.

 2. Jamiyat darajasida: “Ijtimoiy kapitalni tiklash”

Urbanizatsiya muhitida hamjihatlik: Shaharlarda odamlar oʻrtasidagi begonalashuvga qarshi mahalla daxldorligi va oʻzaro yordam madaniyatini ragʻbatlantirish.

 Maktab va bogʻchalarda psixologik immunitet: Taʼlim muassasalarida bolalarga faqat fanlarni emas, balki oʻz hissiyotlarini boshqarish (emotsional intellekt) va nizolarni zoʻravonliksiz hal qilish sanʼatini oʻrgatish.

3. Shaxsiy darajada: “Ruhiy gigiyena”

 Raqamli detoks: Har kuni uxlashdan kamida bir soat oldin telefon va ijtimoiy tarmoqlardan uzilish. Miyaga axborot xurujlaridan dam olish imkonini berish.

 Birlamchi ehtiyojlar ustuvorligi: Uyqu, vaqtida va sifatli ovqatlanish hamda jismoniy harakatni daxlsiz majburiyat deb bilish. Unutmang, och va charchagan tanangiz, atrofingizdagi begunoh insonlar uchun xavf manbaidir.

Qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat va munosib yashash sharoiti — bular shunchaki chiroyli siyosiy terminlar emas. Ular jamiyatimizni yovvoyilikdan, “jungli tartiblari”dan asrab turuvchi yagona ishonchli qalqondir. Agar biz bugun har bir fuqaroning ruhiy holati, uning mehnat sharoiti va adolatga boʻlgan ishonchi haqida qaygʻurmasak, ertaga farzandlarimizga faqat nafrat va agressiya hukmronlik qiladigan shafqatsiz bir dunyoni meros qoldiramiz. Bu mudhish zanjirni uzish esa har birimizning bugungi va hozirgi qarorimizga bogʻliq.


Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat