$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Tugallanmagan ta’mir, sifatsiz ishlar: 2023-yilgi “Tashabbusli budjet” qanday o‘tgan?

Yo

“Yuksalish” harakati tomonidan 2023-yilda “Tashabbusli budjet” tanlovlarida g‘olib bo‘lgan loyihalar holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.

Moliyalashtirish 8 baravarga oshdi

Oxirgi uch yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlarini moliyalashtirish 8 baravarga – 530 milliard so‘mdan 4 trillion 115 milliard so‘mgacha oshdi.

“Tashabbusli budjet” loyihasi joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Tahlillarga ko‘ra, 2019-yilda tanlovlarda 87 755 kishi ishtirok etib, 28 704 ta loyihaga ovoz bergan bo‘lsa, 2023-yilda 18 million fuqaro ushbu jarayonlarga jalb etilgan bo‘lib, 49 464 ta loyihaga ovoz bergan.

Bunda g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish jarayonlari, ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, bu boradagi mahalliy aholi fikri o‘rganildi.

O‘tgan yilgi loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 5 trillion yo‘naltirilgan

Ma’lumot uchun: 2023-yilda “Tashabbusli budjetning” birinchi mavsumida 2985 tashabbus, ikkinchi mavsumida 1192 tashabbus, “Mening yo‘lim” dasturida esa 514 tashabbus g‘olib deb topilgan. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun budjetdan jami 4719,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, monitoring doirasida 433 ta loyihaning amalga oshirilishi oʻrganilib, 1408 nafar respondent oʻrtasida anonim ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazildi.

Eng ko‘p loyihalar ta’lim muassasalariga tegishli

Loyihalarning 201 tasi ta’lim, 89 tasi sog‘liqni saqlash, 106 tasi yo‘llar, 27 tasi infratuzilmani yaxshilash, 5 tasi ichimlik suvi, 5 tasi elektr energiyasi va tabiiy gaz masalalariga tegishli.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati “Tashabbusli budjet” tajribasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va bu jarayon keng jamoatchilik orasida ijobiy baholandi.

Biroq, o‘rganishlar davomida loyihalarni amalga oshirishda qator kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi.

28 foiz loyihalarda muammolar bor

O‘rganilgan obyektlarning 121 tasida, ya’ni 28 foizida loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi, ishlar sifatsiz bajarilganligi yoki xanuzgacha tugallanmaganligi, shuningdek, ajratilgan mablag‘lar boshqa maqsadlarga yo‘naltirilganligi kabi qator kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

O‘z navbatida, ushbu loyihalar uchun 520 ming nafar aholi ovoz bergan bo‘lib, mavjud kamchiliklar ularning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Obyektlardan 24 tasi bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmagan

Xususan, o‘rganilgan obyektlardan 24 tasi bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmagan.

Toshkent viloyatida 4 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida 3 tadan, Andijon viloyatida 2 ta, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 1 tadan 2023-yildagi “Tashabbusli budjet” tanlovlarida g‘olib deb topilgan loyihalar bugungi kunga qadar amalga oshirilmagan.

Jumladan, Nukus shahri 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining tashqi fasadi va panjaralarini yangidan ta’mirlash ishlarini amalga oshirish loyihasi 3417 nafar fuqaro ovozi bilan g‘olib deb topilgan. Ta’mirlash ishlari uchun avans mablag‘lari 2024-yil 20-fevralda to‘lab berilgan. Ushbu obyekt bugunga qadar foydalanishga topshirilmagan.

Andijon tumanidagi 43-umumta’lim maktabiga zarur bo‘lgan jihozlar sotib olish orqali moddiy-texnik bazasini rivonlantirish loyihasi g‘olib deb topilgan. Loyiha doirasida xarid qilingan 41 turdagi jihozlardan 7 turdagisi yetib kelmagan. Shuningdek, xarid qilinishi lozim bo‘lgan 5 turdagi jihozlar smeta hujjatlarida tasdiqlangan miqdorga nisbatan kam miqdorda yetkazib berilgan.

Peshku tumani “Obidxo‘ja” qishlog‘idan o‘tadigan yuqori bosimli gaz quvuridan “Obod turmush” qishlog‘ini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun gaz quvurini o‘tkazish loyihasi 5563 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. 2024-yil 15-martda "Hududgazta’minot" AJ tomonidan loyihani amalga oshirishga qo‘shimcha ravishda 1580,0 mln. so‘m mablag‘ talab etilishi tufayli loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan. Xalq deputatlari Peshku tuman kengashining 2024-yil 23-apreldagi tegishli qaroriga asosan ushbu loyiha doirasida ajratilgan mablag‘ “Tashabbusli budjet jamg‘armasi”ga qaytarilgan va loyiha amalga oshirilmasdan qolgan.

G‘ijduvon tumani “Biyosin” MFYda joylashgan eski binoni ta’mirlash hamda shu binoda kutubxona ochish loyihasi g‘olib deb topilgan. Mazkur loyiha bo‘yicha 2023-yil aprel oyida ishlar boshlangan bo‘lsada, loyiha xanuzgacha foydalanishga topshirilmagan. Loyihani foydalanishga topshirish muddati asossiz ravishda 2024-yil 31-dekabriga qadar uzaytirib qo‘yilgan.

Chust tumanidagi “Yakkabuloq” MFYda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 1200 metr tabiiy gaz tarmog‘ini tortish loyihasi g‘olib deb topilgan. Bugungi kunda loyihada ko‘rsatilgan vazifalar to‘liq bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan, monitoring guruhiga ma’lum qilinishicha tuman hokimining og‘zaki topshirig‘iga asosan markaziy gaz tarmog‘iga ulanmagan.

Chirchiq shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabida zamonaviy sport zalini qurish va sport anjomlari bilan ta’minlash loyihasi 2023-yil ikkinchi mavsumda g‘olib deb topilgan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza xulosalari taqdim etilmaganligi sababli bugunga qadar ishlar boshlanmagan.

Ijtimoiy tengsizlik davom etmoqda

Yil boshida joriy yildan boshlab loyihada ba’zi o‘zgarishlar sodir bo‘lgani ma’lum qilgan edik. O‘zgarishga ko‘ra, endilikda ovoz berishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etilib, bir odam nomida nechta sim-kartasi bo‘lishidan qat’i nazar loyiha uchun faqat 1 marta ovoz bera olishi belgilangan. 1-mavsum mana shunday yangilik bilan boshlandi.

Maqolada ta’kidlanganidek, ko‘pchilik kutgan balki kutmagan va asosiy o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan jihat hamon e’tibor doirasidan chetda qolmoqda. Loyihada nima uchundir ishtirok etayotgan mahallalarning aholisi soni inobatga olinmagan. Masalan, bir mahallada 2 500 dan ortiq odam yashaydi. Ularning 1 000 ga yaqini ovoz bera oluvchi qatlam bo‘lishi mumkin. Qo‘shni mahalla hududida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni esa 9 000 ming atrofida va tabiiyki, ulardagi ovoz berishga layoqatli qatlam ham bundan avvalgi mahalladan 4 - 4,5 karrasiga yuqori. Bunday vaziyatda aholisi kam mahalla har qancha urinmasin befoyda bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.

Теги :
Jamiyat