$
 12122.07
48.78
 14187.67
29.32
 156.39
1.23
weather
+26
Кечаси   +14°

Muqobillar doim mavjud: Ijtimoiy tarmoqlarni bloklagan davlatlar aholisi qanday yashayapti?

taqiq

Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bunday qonun nafaqat Qozog‘iston balki, Yevropa davlatlarida ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Xo‘sh, yana qaysi davlatlar bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi?

Dunyo bolalarni internetdan himoyalashga kirishdi

Bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlari bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan himoyalash uchun qat’iy choralar ko‘ra boshladi. 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra, bu borada eng keskin qadamni Avstraliya tashladi. Mamlakatda 2025-yil dekabr oyidan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga Instagram, TikTok, Facebook, YouTube va Snapchat’dan foydalanish rasman taqiqlangan. Qoidalarga amal qilmagan ijtimoiy tarmoqlarga juda katta jarimalar belgilangan.

Malayziyada ham 2026-yil 1-yanvardan boshlab shunga o‘xshash tartib joriy etildi. Bu yerda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalana olmaydi va platformalar yoshni maxsus tizim orqali tekshirishi shart bo‘ladi.

Yevropada esa bunday cheklovlar hali muhokama bosqichida. Fransiya 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun taqiq kiritishni rejalashtirmoqda, Buyuk Britaniya esa Avstraliya tajribasini o‘rganmoqda, Norvegiya va Daniya ham yosh chegarasini belgilash masalasini ko‘rib chiqyapti. Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklash taklifi muhokama qilinmoqda.

Ayrim davlatlarda, jumladan AQShning ba’zi hududlarida, bolalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi uchun ota-onaning roziligi talab qilinadi. Ammo bu qoidalar hamon sudlarda bahsli masala bo‘lib qolmoqda.

Mashhur ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatlar

Rossiyada Instagram va Facebook bloklangan. Lekin bunday cheklovlarni joriy qilgan yagona davlat Rossiya emas. Mutaxassislar fikricha, ayrim ijtimoiy tarmoqlarning yopilishi katta muammolarga olib kelmaydi. Axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspert Aleksandr Vlasovning aytishicha, har doim muqobil platformalar bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, axborot tarqatish uchun raqobatchi kanallar hech qachon yo‘qolib ketmaydi, shuning uchun bitta tarmoq o‘chirilsa, o‘rnini boshqasi egallaydi.

Rossiyada bunga misol sifatida “VKontakte”, “Odnoklassniki” va hatto ICQ’ning qayta jonlantirilayotganini keltirish mumkin. Mutaxassis Facebook’ni Rossiyada oson bloklash mumkin bo‘lganini aynan muqobil tarmoqlar borligi bilan izohlaydi. YouTube’ni esa hozircha to‘liq taqiqlash qiyin, chunki uni to‘liq almashtira oladigan platforma hali yo‘q.

Vlasovning ta’kidlashicha, rossiyalik ijtimoiy tarmoqlar xorijiy platformalar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Masalan, “VKontakte” foydalanuvchilari soni bir paytlar Facebook’dan ham ko‘p bo‘lgan. Faqat Facebook’da mashhurlar ko‘p bo‘lgani sabab u ommaboproq hisoblanadi. Agar mashhur shaxslar mahalliy platformalarni qo‘llab-quvvatlaganida, vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Xitoy

Xitoyda 2009-yildan beri Twitter va Facebook yopilgan. 2014-yilda Instagram, 2017-yilda esa WhatsApp bloklangan. Shunga qaramay, mamlakat ichida o‘zining ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlari faol ishlaydi.

Masalan, Xitoyda yaratilgan Qzone ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi, ammo u deyarli faqat Xitoyning o‘zida mashhur. Eng ommabop ilovalardan yana biri — WeChat bo‘lib, u nafaqat messenjer, balki ijtimoiy tarmoq va to‘lov tizimi sifatida ham ishlaydi.

Qizig‘i, Xitoyda TikTok ham ishlamaydi, garchi u xitoylik kompaniya tomonidan yaratilgan bo‘lsa ham. Uning o‘rnini Douyin nomli ilova bosadi. Bu ilovada bolalar uchun cheklovlar bor va xorijiy kontent ko‘rsatilmaydi.

Eron

Eronda Facebook, YouTube va Twitter kabi mashhur ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan. Ularning o‘rniga mamlakat ichida yaratilgan muqobil platformalar ishlatiladi. Masalan, Facenama nomli ijtimoiy tarmoq tashqi ko‘rinishi va ishlash uslubi jihatidan Facebook’ga juda o‘xshaydi. YouTube o‘rnini esa Aparat deb nomlangan mahalliy video platforma bosgan.

2017-yilda Apple Eron uchun App Store’ni butunlay yopgan. Oradan bir yil o‘tib, mamlakatda Sib nomli mahalliy ilovalar do‘koni paydo bo‘lgan. U orqali foydalanuvchilar telefonlariga kerakli dasturlarni yuklab oladi.

Eronda hukumat ruxsat bergan VPN xizmatlari ham bor, lekin ular yopilgan saytlarni ochib bermaydi. Boshqa VPN dasturlaridan foydalanish noqonuniy hisoblanadi. Umuman olganda, Eron internet senzurasini eng qattiq qo‘llaydigan davlatlardan biri bo‘lib, norozilik namoyishlari paytida internet butunlay o‘chirib qo‘yilishi ham mumkin.

Hindiston

2020-yil yozida Hindistonda bir qator mobil ilovalar, jumladan juda mashhur bo‘lgan TikTok ham bloklangan. Hukumat bu qarorni ilovalar mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid solayotgani bilan izohlagan. TikTok o‘rnini esa hozir MX TakaTak egallagan bo‘lib, u ishlash uslubi va ko‘rinishi jihatidan TikTok’ga juda o‘xshaydi.

Shu bilan birga, Hindistonda Facebook, Instagram, Twitter, Pinterest va LinkedIn kabi ijtimoiy tarmoqlar erkin ishlaydi. 2022-yilda esa Instagram mamlakatdagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq bo‘lgan.

Turkmaniston

Turkmanistonda deyarli barcha mashhur ijtimoiy tarmoqlarga kirish yopilgan. Facebook, Instagram, WhatsApp, Telegram va hatto Rossiyaning “VKontakte” kabi tarmoqlari ham ishlamaydi.

Internet mamlakatda faqat bitta davlat provayderi orqali taqdim etiladi va chet el saytlariga kirish qat’iy nazorat qilinadi.

Fuqarolarga davlat buyurtmasi asosida yaratilgan mahalliy ilovalardan foydalanish tavsiya etiladi. VPN ishlatish esa taqiqlangan bo‘lib, buning uchun hatto hibsga olinishi ham mumkin.

Nigeriya

2021-yil yozida Nigeriyada Twitter vaqtincha bloklangan. Bunga sabab sifatida platformaning prezident Muhammadu Buxari yozgan tvitini o‘chirib tashlagani aytilgan. Hukumat buni qabul qilmay, ijtimoiy tarmoqqa kirishni cheklagan. Oradan bir necha oy o‘tgach, 2022-yil boshida Twitter yana ishga tushdi. Kompaniya Nigeriyada rasmiy ofis ochishga va davlat soliq qoidalariga amal qilishga rozi bo‘lgach, taqiq bekor qilindi.

Venesuela

Venesuelada 2019-yilda muxolifat yetakchisi hukumat ag‘darilishining so‘nggi bosqichi haqida bayonot bergach, bir nechta ijtimoiy tarmoqlar vaqtincha bloklangan. 2020-yilda esa parlament saylovlari vaqtida OAV va ijtimoiy tarmoqlarga kirish yana cheklangan.

Shunga qaramay, mamlakatda hanuz Facebook va Twitter keng qo‘llaniladi. Venesuelada xorijiy ijtimoiy tarmoqlarga raqobat qila oladigan mahalliy platformalar deyarli yo‘q.

Vaqtinchalik ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatlar

Nepal

2025-yil kuzida Nepal kutilmaganda 26 ta mashhur onlayn platformani blokladi. Ular orasida Facebook, Instagram, X, YouTube, WhatsApp va LinkedIn ham bor edi. Bunga sabab sifatida kompaniyalar hukumat reyestridan o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tmagani ko‘rsatildi.

Rasmiylar bu holatni senzura emas, balki “bozorni tartibga solish” deb izohladi. Ammo foydalanuvchilarning noroziligi va xalqaro tashkilotlar tanqididan so‘ng hukumat atigi besh kun o‘tib cheklovlarni bekor qildi.

Braziliya

2024-yil avgustida Braziliyada X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter) vaqtincha bloklandi. Bunga kompaniya mamlakatda rasmiy yuridik vakil tayinlamagani va ekstremistik deb topilgan kontentni o‘chirmagani sabab bo‘ldi. Sud bu kamchiliklar bartaraf etilmaguncha servis faoliyatini to‘xtatish haqida qaror chiqardi.

Cheklov bir oydan sal ko‘proq davom etdi, ammo bu vaqt ichida mamlakatda raqamli erkinlik chegaralari borasida qizg‘in siyosiy bahslarni keltirib chiqardi.

Efiopiya

2023-yil fevral oyida Efiopiyada TikTok, Facebook va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirish vaqtincha cheklab qo‘yildi. Bunga pravoslav cherkovida yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab bo‘ldi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar norozilik namoyishlari va mitinglarni uyushtirish uchun ishlatilgan. Taqiq bir necha hafta davom etdi va vaziyat barqarorlashgach, cheklovlar olib tashlandi.

Uganda

2018-yilda Ugandada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun maxsus soliq joriy etildi. Fuqarolar Facebook, Twitter va WhatsApp kabi platformalarga kirish uchun kuniga 200 ugandalik shilling, ya’ni taxminan 5 sent to‘lashga majbur bo‘ldi.

Rasmiylar bu qarorni internetdagi “bekorchi gap-so‘zlarga” qarshi kurash bilan izohladi. Biroq huquq faollari va tanqidchilar buni so‘z erkinligini cheklash va hukumatni tanqid qilayotgan faollikni bostirishga urinish deb baholadi.

Soliq aholiga yoqmay qoldi va ko‘pchilik uni VPN orqali chetlab o‘ta boshladi. Natijada uch yil o‘tib, 2021-yil iyulida ijtimoiy tarmoqlar solig‘i bekor qilinib, uning o‘rniga internet-trafik uchun 12 foizlik soliq joriy etildi.

Теги :
Jamiyat