$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda yopiq sud ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin

yopiq sud

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yopiq sud majlislari ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, deb xabar bermoqda hujjat muhokamasini o‘rgangan Gazeta.uz. Qayd etilishicha, boshqa holatlardan farqli o‘laroq, qabul qilingan qonun loyihasi haqidagi ma’lumotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Youtube’dan boshqa rasmiy sahifalari – sayt yoki Telegram kanalida e’lon qilinmagan.

Qonun loyihasi nimani nazarda tutadi?

Ushbu hujjat Prezident administratsiyasining 2024-yil 23-sentyabrdagi topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan.

 Loyiha yopiq sud jarayonlarining maxfiyligini ta’minlash va sud qarorlari e’lon qilinishidan oldin ularning oshkor etilishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvanovga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda yopiq sud majlislari ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun aniq javobgarlik belgilanmagan. Hozirda Jinoyat kodeksining 239-moddasida tergov yoki surishtiruv jarayonidagi ma’lumotlarni oshkor qilish uchun jazo belgilangan bo‘lsa-da, sud jarayonlariga taalluqli aniq qoidalar mavjud emas. Shu sababli, yangi qonun loyihasi ushbu bo‘shliqni to‘ldirishni nazarda tutadi.

Yangi tartib qanday bo‘ladi?

Qonun loyihasi sud majlisida qatnashgan shaxslarning sud ruxsatisiz yopiq sud ma’lumotlarini e’lon qilishi jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l ochadi. Hozirda sud jarayonlarini kuzatish va qayd qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, shu jumladan advokatlar, jurnalistlar va jarayon ishtirokchilarining yopiq sud ishi tafsilotlarini oshkor qilishi tartib buzilishi sifatida baholanadi.

Deputatlar muhokama chog‘ida boshqa davlatlar tajribasini ham ko‘rib chiqdilar. Xususan:

 • Singapurda bunday qoidani buzgan shaxslar 5 000 dollargacha jarima yoki 12 oygacha ozodlikni cheklash jazosi olishi mumkin.

 • Qirg‘izistonda 200 dan 500 BHMgacha jarima belgilangan.

 • Qozog‘istonda esa 2 000 BHMgacha jarima, 600 soatgacha jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash jazosini nazarda tutuvchi modda mavjud.

Kutilmalar

Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvanovning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi:

 • Yopiq sud ishlaridagi shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlaydi;

 • Sud jarayonlari maxfiyligini mustahkamlaydi;

 • Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytiradi;

 • Qonun ustuvorligi indeksida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Muhokama jarayonida 130 deputat qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, 1 nafari betaraf qoldi, 11 nafari esa ovoz bermadi. Qarshi ovoz bergan deputatlar bo‘lmadi.

Теги :
Jamiyat