$
 11960.09
-71.16
 13670.38
-94.57
 152.53
-0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Bu yil eng ko‘p qaysi davlat stipendiyasi beriladi?

Stipendiya

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan eng faol va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy 02/10-5795-sonli xatiga asosan, 2026/27-o‘quv yili uchun davlat stipendiyalarining yakuniy kvotalari rasman tasdiqlandi. Unga ko‘ra, mamlakat miqyosida ilm-fan, jamoat ishlari va o‘qishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan talabalar uchun jami 776 ta nufuzli o‘rin taqdim etiladi.

Bu yilgi tanlov respublika oliygohlarining yuqori bosqichlarida o‘qiyotgan jami 335 ming 471 nafar talaba o‘rtasida kechadi. Stipendiyalar nafaqat o‘quv jarayonidagi a’lo baholar, balki talabalarning mustaqil ilmiy izlanishlari hamda jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligiga qarab, eng munosib nomzodlarga taqdim etilishi belgilangan.

Davlat stipendiyalarining turlari bo‘yicha taqsimoti

Yangi o‘quv yilida ajratilgan kvotalarning eng salmoqli qismi mamlakatning bosh stipendiyasi hisoblangan Prezident stipendiyasiga to‘g‘ri keladi — jami 187 ta o‘rin. Shuningdek, iqtidorli yoshlar buyuk davlat arboblari, allomalar va adiblar nomidagi mukofotlar uchun ham o‘zaro bellashadilar.

Xususan, Islom Karimov nomidagi stipendiya uchun 194 ta, Alisher Navoiy nomidagi stipendiya uchun esa 175 ta kvota ajratilgan. Shuningdek, joriy mavsumda Zahiriddin Muhammad Bobur stipendiyasi 51 ta, Imom al-Buxoriy stipendiyasi 44 ta, Abu Rayhon Beruniy stipendiyasi 38 ta hamda Abu Ali ibn Sino stipendiyasi 33 ta nomzodga berilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’rifatparvar va ijodkorlar nomi bilan ataluvchi stipendiyalar ham o‘z egalarini kutmoqda. Abdulla Avloniy stipendiyasi uchun 16 ta, Mirzo Ulug‘bek stipendiyasi uchun 13 ta o‘rin belgilangan. Qoraqalpog‘iston adabiyotining yirik namoyandalari nomidagi To‘lepbergen Qayipbergenov hamda Ibroyim Yusupov stipendiyalariga 11 tadan kvota ajratilgan bo‘lsa, Pahlavon Mahmud nomidagi stipendiya jami 3 nafar talabaga nasib etadi.

Maxsus test sinovlari joriy etiladi

Joriy o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va nomzodlarni saralash tizimida muhim tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Endilikda stipendiyaga da’vogar bo‘lgan talabgorlarning faqatgina hujjatlari va yutuqlari ko‘rib chiqilishi bilan cheklanilmaydi.

Yangi tartibga muvofiq, barcha talabgorlarning zamonaviy axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi hamda xorijiy tillarni qay darajada bilishi va amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu imtihonlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hududlar kesimida tashkil etiladigan maxsus test sinovlari shaklida amalga oshiriladi va yakuniy xolis bahoni shakllantirishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat