$
 11934.61
-17.49
 13788.05
8.47
 144.64
-0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

SSSR haqidagi chiqishlari bilan tanilgan Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi

sssr

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi Aziz Hakimovni tuhmat, haqorat qilish hamda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishda aybdor deb topib, 4 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Urushni targ‘ib qilish bo‘yicha ayblovda esa jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli u oqlandi. Sud hukmi bilan Hakimov yuritgan Telegram’dagi “Comrade_Aziz” kanalini bloklash ham belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bahslarga sabab bo‘lgan

Aziz Hakimov ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan tanilgan. U o‘z sahifalarida O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga qarshi fikrlar bildirgan, SSSRni targ‘ib qilib, uni qayta tiklash zarurligi haqidagi g‘oyalarni ilgari surgan.

Uning tarixiy mavzulardagi ayrim chiqishlari ham ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan. Xususan, Hakimov 1930-yillardagi siyosiy qatag‘on qurbonlari hamda 1920-yillardagi milliy-ozodlik kurashi qatnashchilari xotirasini qoralovchi fikrlar bildirgan. Bu chiqishlar foydalanuvchilar orasida jiddiy bahs va noroziliklarni keltirib chiqargan edi.

Hakimov bundan avval ham javobgarlikka tortilgan. 2025-yilda u O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘jani kamsitgani uchun jarimaga tortilgan edi. Sud unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 18 million 750 ming so‘m jarima belgilagan.

Uchta modda bo‘yicha aybdor deb topildi

Aziz Hakimovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining yopiq majlisida ko‘rib chiqildi. Sud uning harakatlarida Jinoyat kodeksining 150-moddasida nazarda tutilgan urushni targ‘ib qilish jinoyati tarkibi mavjud emas, degan xulosaga keldi. Shu sababli Hakimov Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan ushbu ayblov bo‘yicha oqlandi.

Shu bilan birga, sud uni Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan tuhmat, 140-moddasi 2-qismidagi haqorat qilish hamda 156-moddasi 2-qismidagi milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyatlarini sodir etishda aybdor deb topdi.

Sud Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalariga muvofiq tayinlangan jazolarni qisman qo‘shdi. Yakunda Aziz Hakimovga 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Comrade_Aziz” Telegram kanali bloklanadi

Sud hukmida Aziz Hakimov yuritgan Telegram’dagi “Comrade_Aziz” kanaliga nisbatan ham alohida qaror qabul qilindi. Raqamli texnologiyalar vazirligiga ushbu kanalni bloklash majburiyati yuklatildi.

Jinoyat ishi doirasida olti nafar shaxs jabrlanuvchi sifatida qatnashgan. Sud ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga alohida murojaat qilish huquqiga ega ekanini tushuntirdi.

Aziz Hakimovga ham hukm ustidan shikoyat qilish huquqi tushuntirilgan. U belgilangan muddat va tartibda yuqori sud instansiyasiga murojaat qilib, chiqarilgan hukm ustidan shikoyat berishi mumkin.

Теги :
Jamiyat