$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Sog‘lom turmushni targ‘ib qilganlarga 15 mln so‘mgacha mukofot beriladi

sport

O‘zbekistonda mahallalarda sog‘lom turmushni targ‘ib qilganlarga 15 mln so‘mgacha mukofot beriladi. Bu haqda 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

9 yilda 1 774 ta zamonaviy sport maydonchasi ochildi

Qayd etilishicha, yaqin 9 yilda mamlakatda 1 774 ta zamonaviy sport maydonchasi va 200 dan ortiq yirik sport inshooti ochilgan, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari tashkil etilgan. Shu davrda professional sportchilar va olimpiada terma jamoasi a’zolari soni ikki barobarga, paralimpiada sportchilari uch barobarga ko‘paydi. O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali qo‘lga kiritgan.

Maktablardagi sport to‘garaklari

Videoselektor yig‘ilishida maktablardagi sport to‘garaklarini tashkil etish va bolalarni jalb qilishdagi kamchiliklar tanqid qilindi. Masalan, Toshkentda 15 ta maktabda sport to‘garaklari nomiga mavjud, ammo atigi 3–4 nafar bola ishtirok etayotgani ma’lum qilindi. Shu bois hokimlarga maktablarda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ixtisoslashgan sport maktablari ham oddiy maktablardan farq qilmayotgani tanqid qilindi. Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktab natijasi Jarqo‘rg‘ondagi yagona sport maktabi bilan solishtirilganda pastligi aniqlangan. Murabbiy va direktorlarning maoshi sport natijasiga bog‘liq bo‘lishi tavsiya qilingan.

Oliy ta’lim muassasalarida sport yo‘nalishi ham yetarli darajada rivojlanmagan. Shu bilan birga, Termiz davlat universiteti tajribasi ijobiy baholangan: universitet 4 ta klub tashkil qilib, 5 ming talabani 18 ta sport turiga jalb etgan va xalqaro musobaqalarda 18 ta medal qo‘lga kiritgan. 207 ta oliygoh rektorlariga ushbu tajribani o‘rganish va sport bo‘yicha yillik reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Jizzax, Navoiy va Surxondaryo kabi hududlarda mavjud sport infratuzilmasidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etilgan. Sportchilarni jarohatdan tiklash va profilaktika asosan xorijda amalga oshirilayotgani ta’kidlanib, endilikda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari sport federatsiyalari bilan hamkorlikda sportchilar salomatligini har oyda kuzatib borishi ustvor vazifa etib belgilangan. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot universiteti va Farmatsevtika institutida sport va sog‘lom ovqatlanish mutaxassislari tayyorlash boshlanishi ma’lum qilingan.

Federatsiyalar va tadbirkorlar hamkorligi

Yig‘ilishda federatsiyalar va tadbirkorlar hamkorligi ham muhokama qilingan. 26 ta federatsiyada bosh kotib va boshqaruv kadrlari tahlil qilinadi, faoliyatga layoqatsizlar almashtiriladi. Ularning sportga homiy jalb qilmayotgani keskin tanqid qilingan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, mahallada sport qamrovi va aholining salomatligi yaxshilansa, volontyor va mahalla raisiga yil yakunida 15 mln so‘mgacha, murabbiyga esa 200 foizgacha oylik ustama beriladi.

Теги :
Jamiyat