Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 74 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +8°
Читать на русском

Slutskiy migrantlar uchun yangi qoidalar tizimini joriy qilishni taklif qildi

LDPR raisi hujjat partiya tomonidan ishlab chiqilgan qonunchilik tashabbuslariga asoslanishini ta’kidladi. Ushbu tashabbus Alisher Qodirov tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Slutskiy migrantlar uchun yangi qoidalar tizimini joriy qilishni taklif qildi

LDPR partiyasi raisi Leonid Slutskiy chet elliklar uchun majburiy xulq-atvor qoidalarini o‘z ichiga oluvchi, “Migratsiya kodeksi” deb ataladigan hujjatni yaratishni taklif qildi. U ushbu hujjat mazmunini diasporalar va huquqni muhofaza qilish organlari bilan muhokama qilishni taklif etdi.

“Qonuniy mehnat migratsiyasini tartibga solish borasidagi tajribamizni umumlashtirib, LDPR partiyasi mamlakatning huquqiy maydonida majburiy bo‘ladigan “Migratsiya kodeksi”ni ishlab chiqish va qonuniylashtirishga qaror qildi. Ushbu kodeks vijdonan ishlash va Rossiya farovonligi uchun mehnat qilishni istagan chet ellik mehnat migrantlari uchun majburiy qoidalar to‘plamini belgilaydi”, — dedi Slutskiy LDPR fraksiyasining Davlat Dumasidagi bahorgi sessiya yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

“Migratsiya kodeksi”ni muhokama qilishga tayyor

U hujjat LDPR partiyasining qonunchilik tashabbuslariga asoslanishini, bu esa Rossiya fuqarolarining istaklariga muvofiq ishlab chiqilganini alohida ta’kidladi.

“Biz “Migratsiya kodeksi” mazmunini diasporalar, mehnat migrantlariga qiziqish bildirgan biznes vakillari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari va hukumat bilan muhokama qilishga tayyormiz”, — deya qo‘shimcha qildi Slutskiy.

Qayd etilgan majburiy qoidalar

LDPR raisi ushbu kodeksga bir qator majburiy qoidalar kiritilishini aytdi. Jumladan, mehnat migranti rus tilini bilishi, agar uning oilasi Rossiyada yashasa, o‘z oilasini rus tiliga o‘rgatishi, Rossiya madaniyati va an’analariga hurmat bilan yondashishi, jamoat joylarida xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, mehnat migranti rasmiy ish bilan band bo‘lishi, soliq to‘lashi, mehnat qilish uchun ruxsatnoma olishi, deportatsiya yoki chiqarib yuborilish xavfidan sug‘urtalangan bo‘lishi, barmoq izlarini olish, genomik ro‘yxatga olish va ruhiy testdan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Alisher Qodirovning munosabati

O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov Slutskiyning taklifini qo‘llab-quvvatlashini aytdi:

“Yaqin kelajakda kutilayotgan beqarorlik, relokantlarni jiddiy ortishi ehtimollari fonida nafaqat biz, butun Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya bilan viza orqali kirish-chiqish qilish, ish izlab borayotganlarga talablar va nazoratni kuchaytirish haqidagi rus siyosatchilarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak deb o‘ylayman.

O‘zbekistonda yashaydigan hamma o‘zbek tili, madaniyati va mahalliy qadriyatlarni bilishi va hurmat qilishi kerakligini biz ham shart deb hisoblaymiz va xorijga ish izlab borayotgan vatandoshlarimizni ham mahalliy til, madaniyat, qonunlar va qiladigan ishini yaxshi bilishi zarurligini tan olamiz.

Bu bilan haqini himoya qila olmaydigan, mahalliy ayirmachilar tomonidan kamsitilishga rozi bo‘layotgan, eng yomoni, ixtiyoriy-majburiy, mas’uliyatsizlarcha hayotini sotib yuborib O‘zbekiston uchun jiddiy ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy yuk yaratayotgan ayrim fuqarolarimizga ham yordam bergan bo‘lamiz”, – dedi u o‘z telegram kanalida.