$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Amazon va Starbucks vatani 1-sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi

siet

AQShning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri Sietlda 2026-yil 1-sentyabr rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qilindi. Qarorni shahar meri Keti B. Uilson O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan imzoladi. 4-sentyabr kuni esa aynan Sietlda O‘zbekistonning AQSh G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasi rasman ochilishi rejalashtirilgan.

Sietl meri 1-sentyabrni O‘zbekiston nomi bilan e’lon qildi

Sietl meri Keti B. Uilson imzolagan rasmiy hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabr shaharda “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” — Uzbekistan Independence Day sifatida e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Vashingtondagi bosh konsuli Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Qaror O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan. Hujjatda mamlakatning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘liga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, O‘zbekiston 35 yil davomida suveren davlat sifatida rivojlangani, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda katta o‘zgarishlarni amalga oshirgani qayd etilgan.

Sietl meri O‘zbekistonning shaharda Bosh konsulxona faoliyatini yo‘lga qo‘yganiga ham e’tibor qaratgan. Natijada Sietl O‘zbekistonning bevosita diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lgan AQShdagi sanoqli shaharlardan biriga aylanadi. Bosh konsulxona orqali nafaqat diplomatik, balki biznes, ta’lim, madaniyat va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni ham kengaytirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston 100 milliondan ortiq iste’molchiga ega mintaqaga chiqish imkonini beradi

Sietl meri imzolagan hujjatda O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlariga ham katta o‘rin berilgan. Unda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat ekani va mintaqaning tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri ekani ta’kidlangan.

O‘zbekistonning geografik joylashuvi ham muhim ustunlik sifatida ko‘rsatilgan. Qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgan mamlakat 100 milliondan ortiq iste’molchiga ega Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun qulay imkoniyat yaratishi qayd etilgan.

Sietl va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar ham sanab o‘tilgan. Savdo va investitsiyadan tashqari, logistika, zamonaviy texnologiyalar va energetika sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyati bor. Sietlning kuchli biznes muhiti hisobga olinsa, O‘zbekistonning bu shaharda diplomatik vakolatxona ochishi mahalliy kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

4-sentyabr kuni O‘zbekistonning birinchi Bosh konsulxonasi ochiladi

1-sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qilish ortidan yana bir muhim tadbir rejalashtirilgan. Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, 4-sentyabr kuni Sietlda O‘zbekistonning AQSh G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir ham O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlanadi. Unda Vashington shtati va Sietl shahri rahbariyati, diplomatik korpus, AQShning yirik kompaniyalari, akademik doiralar va jamoatchilik vakillari qatnashishi kutilmoqda.

Ahror Burhonov Sietlning O‘zbekiston mustaqilligi yubileyiga bunday e’tibor qaratishini ikki tomon o‘rtasidagi yangi aloqalarning belgisi sifatida baholagan. Uning aytishicha, Bosh konsulxona ochilgach, mavjud munosabatlarni amaliy loyihalarga aylantirishga e’tibor qaratiladi. Bunda iqtisodiyot va texnologiya bilan birga ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi.

Sietlda Amazon va Starbucks, uning atrofida Microsoft va boshqa gigantlar joylashgan

Sietlning tanlanishi ham bejiz emas. Shahar AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy qismidagi eng yirik iqtisodiy, savdo va texnologik markazlardan biri hisoblanadi. Katta Sietl mintaqasida 4,1 milliondan ortiq odam yashaydi. 2025-yilda hudud iqtisodiyoti qariyb 607 milliard dollarlik yalpi hududiy mahsulot yaratgan. Dunyoning bir qator mashhur kompaniyalari aynan shu hudud bilan bog‘liq. Amazon va Starbucks bosh qarorgohlari Sietlda joylashgan. Microsoft, Costco Wholesale, T-Mobile va PACCAR ham Sietl atrofidagi shaharlarda faoliyat yuritadi. Boeing, Google, Meta, Expedia Group va Alaska Airlines kabi global kompaniyalarning ham mintaqada katta faoliyati mavjud.

Katta Sietldagi yetakchi ochiq aksiyadorlik kompaniyalarining jami daromadi 1,5 trillion dollardan oshadi. Shu sabab O‘zbekistonning bu yerda Bosh konsulxona ochishi faqat diplomatik vakolatxona tashkil etish bilan cheklanmaydi. U mahalliy biznes bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, investorlar va texnologik kompaniyalar bilan yangi loyihalarni muhokama qilish hamda O‘zbekiston va AQSh G‘arbiy sohili o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyat yaratishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat