$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Turkiy davlatlar o‘rtasida sun’iy intellekt karidori: Shavkat Mirziyoyevning tashabbusida nima ko‘zlangan?

Shavkat Mirziyoyev

Global texnologik poyga va iqtisodiy transformatsiyalar davrida turkiy tilli davlatlarning o‘zaro integratsiyasi yangi, strategik bosqichga ko‘tarilmoqda. Joriy yilning 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarining matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, unda ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaning iqtisodiy va texnologik kelajagini belgilab beruvchi qator fundamental tashabbuslarni ilgari surdi.

Iqtisodiy yuksalish va yangi moliya arxitekturasi

Bugungi kunda TDT shunchaki madaniy-tarixiy ittifoq emas, balki ulkan iqtisodiy kuchga aylanib bormoqda. Xususan, 2025-yilda tashkilotga aʼzo mamlakatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshgan bo‘lsa, O‘zbekistonning mazkur blok mamlakatlari bilan savdo aylanmasi o‘tgan yilning o‘zida 14 foizga o‘sdi. Bu dinamika amaliy mexanizmlar bilan ham mustahkamlanmoqda: joriy yildan boshlab Turkiy investitsiya jamg‘armasi o‘zining operatsion faoliyatini boshladi, shuningdek, Markaziy banklar kengashi hamda “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishga tushirildi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida erishilgan natijalarni e’tirof etgan holda, oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Prezident raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt (SI) yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini yaratishni taklif qildi.

Raqamli makon va intellektual salohiyat integratsiyasi

Global texnologik jarayonlarning shiddatli tusini inobatga olgan holda, sammitda tashkilot doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Bu qadam kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiyotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishi kutilmoqda.

Mintaqaviy integratsiyani jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston rahbari ikki yirik loyihani ilgari surdi: maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasini ishlab chiqish hamda Toshkent shahrida TDT aʼzo davlatlarining Texnologiyalar forumini tashkil etish.

Shu bilan birga, madaniy va ilmiy merosni raqamlashtirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOY ofisining ochilishi munosabati bilan Prezident mazkur tuzilma va Turkiy akademiya hamkorligida tarixiy-madaniy manbalarni yagona “katta maʼlumotlar” (Big Data) platformasiga jamlash g‘oyasini o‘rtaga tashladi.

Inson kapitali, venchur investitsiyalar va logistika

Inson kapitalini rivojlantirish borasida O‘zbekistonning roli alohida e’tirof etildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlashda muhim namuna bo‘lmoqda. Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun esa Shavkat Mirziyoyev a’zo davlatlarni O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga qo‘shilishga chaqirdi.

Iqtisodiy aloqalarning qon tomiri bo‘lgan logistika sohasida ham muhim o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yuk tashishni soddalashtirish maqsadida aʼzo davlatlar o‘rtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Endilikda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘rta koridor”ni qurilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona maʼlumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish eng ustuvor amaliy vazifalar etib belgilandi.

Global xavfsizlik

Sammitda global iqlim inqiroziga qarshi kurashish masalasi ham o‘z aksini topdi. Muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi. Raqamli yechimlar bu sohada ham asbob bo‘lib xizmat qiladi: sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish, qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash hamda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishga sunʼiy intellektni tatbiq etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Nihoyat, raqamli dunyoning eng katta tahdidlaridan biri bo‘lgan kiberhujumlarga qarshi hamkorlik ko‘rib chiqildi. Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga samarali to‘siq qo‘yish, mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida “Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans”ni tuzish taklif etildi.

Sammit yakunida ishtirokchi davlatlarning umumiy intilishlari va kelgusi hamkorlik strategiyasini o‘zida mujassam etgan tarixiy Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Теги :
Jamiyat