$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistondagi tipik korrupsioner: Avval sudlanmagan, 31—49 yosh oralig‘idagi, oliy ma’lumotli, oilali erkak

korrupsiya

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025-yildagi korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili bo‘yicha korrupsionerning kriminologik portretini taqdim etdi.

Agentlikka ko‘ra, 2021-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rtacha 7 ming kishi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

Eng ko‘p uchraydigan korrupsiya turi

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlari ichida eng ko‘p uchraydigan tur – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishdir. Bu turdagi jinoyatlar umumiy korrupsiya holatlarining 33 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Ya’ni har yili o‘rtacha 2,5 mingdan ortiq holat davlat yoki tashkilot mablag‘larini “ichkaridan” o‘zlashtirish bilan bog‘liq.

Undan keyin mansab vakolatidan foydalangan holda firibgarlik va mansab soxtakorligi keladi. Pora berish jinoyatlari esa umumiy holatlarning 13 foizini tashkil etadi. E’tiborlisi, jamoatchilik eng ko‘p muhokama qiladigan pora olish jinoyati statistikada nisbatan past ulushga ega: har yili o‘rtacha 200 nafar atrofida shaxs pora olish uchun javobgarlikka tortilmoqda.

Yosh oralig‘i

Korrupsiya jinoyatlarining asosiy qismi 31-49 yosh oralig‘idagi shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yildagi holatlarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlarining 67 foizi aynan shu qatlam tomonidan sodir etilgan. Bu – insonning kasbiy faoliyati eng kuchaygan, qaror qabul qilish imkoniyati oshgan va ta’sir doirasi kengaygan davr hisoblanadi.

Ayniqsa, pora olish jinoyatlarining 76 foizi, talon-toroj holatlarining 66 foizi hamda mansab bilan bog‘liq firibgarliklarning 67 foizi aynan shu yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

18-30 yoshdagilar umumiy korrupsiya jinoyatlarida 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, pora berish holatlarida yoshlar ulushi 23 foizga chiqadi. Bu esa korrupsiya faqat “oluvchi” orqali emas, balki tizimga tezroq kirishga urinayotgan “beruvchi” muhit orqali ham yashab qolayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot darajasi

Tahlildagi eng muhim signallardan biri – ma’lumot darajasi bilan bog‘liq. O‘zbekistonda jinoyat sodir etgan shaxslar ichida oliy ma’lumotlilar ulushi o‘rtacha 20 foiz atrofida bo‘lsa, korrupsiya jinoyatlarida bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshadi. Ya’ni, korrupsiya ko‘p hollarda bilimsizlik emas, aksincha, tizimni yaxshi tushunadigan, huquqiy va moliyaviy mexanizmlarni anglaydigan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda.

Korrupsionerlarning 70 foizi oliy ma’lumotli, 19,6 foizi o‘rta maxsus va 10,4 foizi o‘rta ma’lumotli shaxslar hisoblanadi. Bu raqamlar korrupsiyani “qashshoqlik jinoyati” sifatida emas, imkoniyat va vakolat jinoyati sifatida ko‘rish kerakligini anglatadi.

Asosiy jinoyatlar oilali shaxslar tomonidan sodir etilgan

Tahlil yana bir qiziq holatni ochib bergan: korrupsiya jinoyatlarining 95 foizi oilali shaxslar tomonidan sodir etilgan. Bu esa korrupsiya aksariyat hollarda ijtimoiy hayotdan uzilgan emas, balki jamiyatga to‘liq integratsiyalashgan insonlar tomonidan sodir etilayotganini ko‘rsatadi.

2025-yilda aniqlangan korrupsiya jinoyatlarining 85 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ayollar ishtirokidagi holatlar nisbatan kam bo‘lsa-da, ular asosan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida jamlangan. Korrupsiya jinoyati sodir etgan ayollarning 46 foizi ta’lim, 21 foizi sog‘liqni saqlash tizimida ishlagan. Erkaklar esa asosan ijro organlari, tadbirkorlik va xo‘jalik boshqaruvi tizimlarida faoliyat yuritgan.

Теги :
Jamiyat