$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Ikkilamchi bozorda avtomobillar narxi qanday?

Mashina bozor

O‘zbekiston ikkilamchi avtomobil bozorida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ekologik toza transport vositalariga bo‘lgan qiziqish keskin ortib, an’anaviy mahalliy avtomobillarning mavqeyi zaiflashib bormoqda. Iqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2026-yilning aprel oyida e’lon qilingan 1,4 milliondan ziyod takliflarni atroflicha tahlil qilib, bozordagi yangi tendensiyalarni ochiqladi.

Yashil transportning shiddatli yurishi

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, haydovchilar orasida nisbatan yangi mashinalarga ehtiyoj yuqori. So‘nggi besh yil ichida konveyerdan chiqqan avtomobillarni sotish bo‘yicha e’lonlar hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 59,6 foizga ko‘paygan. Biroq, umumiy savdo dinamikasida biroz pasayish sezilgan: aprel oyidagi faollik joriy yilning mart oyiga nisbatan 18,6 foizga kamayganini ko‘rish mumkin.

Bozordagi eng tub burilish elektromobillar va gibrid mashinalar segmentida qayd etildi. Atigi ikki yil muqaddam, ya’ni 2024-yilning iyunida ushbu toifadagi transportlarning ulushi bor-yo‘g‘i 5,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilning apreliga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizlik dovonni zabt etdi. Cho‘qqidan yiqilish esa milliy avtosanoat mahsulotlarida kuzatildi — aynan shu davr oralig‘ida mahalliy mashinalarning bozordagi ulushi 53,7 foizdan 47 foizga tushib qoldi.

Milliy brendlar narxidagi turg‘unlik va aralash tendensiyalar

Ulush yo‘qotilishiga qaramay, mahalliy avtomobillar segmentida narxlar keskin tebranishlarsiz, nisbatan barqaror saqlanib turibdi. Bozorda eng xaridorgir bo‘lgan “Chevrolet Cobalt” modeli hamon o‘rtacha 12 900 dollar atrofida baholanmoqda. Aksincha, “Chevrolet Onix” modellarida biroz qimmatlashish kuzatilib, uning o‘rtacha qiymati 14 800 dollarga yetgan. Shu bilan birga, hamyonbop hisoblangan “Chevrolet Damas”, “Chevrolet Labo” hamda eskiroq avlodga mansub “Chevrolet Nexia” modellarining ayrim pozitsiyalarida narxlarning pasayishi qayd etildi.

Xorijdan olib kelinadigan (import) avtomobillar toifasida esa narxlar har xil yo‘nalishda rivojlanmoqda. Misol uchun, “Chery” va “KIA” brendlarining ba’zi modellari arzonlashgan bo‘lsa, aksincha, o‘rtacha va yuqori masofani bosib o‘tgan “Kia Carnival” hamda “Kia Sorento” krossoverlari ikkilamchi bozorda biroz qimmatroq sotila boshlagan.

Mahalliy avtolarning haqiqiy raqobatchisi

Soha mutaxassislarining fikricha, bugungi kunda elektromobillar mahalliy modellarga shunchaki muqobil variant emas, balki ularning bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solayotgan jiddiy raqibga aylandi. Xususan, Xitoyning mashhur “BYD” brendi modellari o‘z narx navosi bilan xaridorlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Bugungi kunda ushbu brendning ixcham “Seagull” modeli 15,5–16 ming dollar, “Yuan Up” krossoveri 20–21,5 ming dollar, ommabop “Chazor” sedani esa 20,5–22 ming dollar oralig‘ida taklif etilmoqda.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, ikkilamchi bozorda narxlarning o‘sishi bir tekisda kechmayapti. Arzon va hamyonbop mashinalar segmentida yuqori likvidlik (tez sotiluvchanlik) saqlanib qolayotgan bo‘lsa, qimmatbaho premium klass va elektromobillar bozorining ayrim qismlarida narxlarning beqarorligi hamda tebranishlar hamon davom etmoqda.

Теги :
Jamiyat
Avto