$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Buxoroda o‘smir qiz chindan ham o’g’irlanganmidi?

Qiz

Shofirkonda o’smir qizning o’girlangani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo’ldi. Bu haqda Xabar.uz nashri batafsil ma'lumot berdi.

6-sinf o’quvchisi o’g’irlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda taraqalgan videoga ko‘ra, Shofirkon tumani, Ko‘rishkent MFY O‘zgan qishlog‘ida yashovchi 6-sinf o‘quvchisi G.T. o‘zini 1 notanish erkak va 2 ayol qora rangli «Cobalt» rusumli avtomashinaga bosib, olib qochishga uringanini aytgan.

«Tengdoshlarim bilan o‘ynab yurgandik. O‘shandayam mashina oldinroqda turgan edi. Tengdoshlarim tarqalishgach, men amakimnikiga ketdim. Аmakimnikida hech kim yo‘q ekan. Qaytib kelayotganimda, bir erkak va ikki ayol meni mashinaga bosib olib kirdi», – degan u.

O‘smir qiz voqeani zudlik bilan kelib onasiga aytib bergan. Onasi tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan va holat yuzasidan tezkor guruh shakllantirilib, surishtiruv ishlari boshlangan.

«Cobalt»ning “yama”ga tushib qolgani yordam bergan

Ma'lumotlarga ko'ra, G.T. o‘z ko‘rsatmasida notanish kimsalarning kuch ishlatib, davlat raqami berkitilgan avtomashinaga bosib olib kirishgani, qarshilik ko‘rsatsa, uni urishgani, bir kilometrcha yurilgach, mahalladagi 28-maktabgacha taʼlim muassasasi oldidagi chuqurchaga mashinaning oyog‘i tushib, eshigi ochilib ketganini va shuning natijasida qiz ularning qo‘lidan qochib ketganini vaj qilb keltirgan.

Maktab direktori nimaga shama qildi?

«G.T. maktabda yaxshi baholarda o‘qiydi. O‘zlashtirishi yomon emas. Аmmo, meni hayratda qoldirgani, nahotki, u odamlarni baqir-chaqir qilib, yordamga chaqiradi-yu, hech kim eshitmaydi. Аxir, 28-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi judayam gavjum joyda joylashgan. Bu yerda yirik do‘kon, ishlab chiqarish sexi, guzar bor. Kechki soat 21-22 larga qadar odamlar bilan gavjum. Vaholanki, qishloq joyi. Tushunmadim», – deydi maktab direktori Mirali Toshev.

Bir gapi ikkinchisiga mos kelmayapti

Mahalla raisi Lola Bo‘ronova holatga izoh berar ekan, o‘smir qiz vajiga ko‘ra, uni chindan ham o‘g‘irlab qochishayotgan ekan, bir nafar erkak va ikki nafar ayol uni zo‘rlik bilan ham ushlab qolishi mumkinligini, qizning bir vaji keyingi vajiga to‘g‘ri kelmayotganini taʼkidlagan.

«G.T. avvaliga uni olib qochgan avtomashina davlat raqamining berkitilganini bildirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga eʼtibor qilinadigan bo‘lsa, u mashina raqamining katta-katta raqamlar bilan yozilganini, ammo unga eʼtibor qilmaganini aytib o‘tgan», – deydi mahalla raisi.

Kuzatuv kameralarida hech qanday qora «Cobalt» ko’rinmadi

Huquq-tartibot organlari vakillari holat yuzasidan surishtiruv harakatlarini olib borishgan va u hududda faol holatda bo‘lgan birorta kamerada qora rangli «Cobalt» rusumli avtomashina harakatlanmagani tasdiqlangan.

Qizning ruhiy holati nazoratga olindi

«Holat yuzasidan barcha huquq-tartibot organ idoralari, hokimiyat va yoshlar tashkilotlari jiddiy shug‘ullanishmoqda. Tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi. O‘smir qizning ruhiy holati ham qattiq nazoratga olindi. Yakuniy tekshiruv ishlari yuzasidan maʼlumot taqdim etiladi», – dedi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.