$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Shifokorlarga uy uchun yangi imtiyoz berildi: Kimlar undan foydalana oladi?

uy

Davlat tibbiyot muassasasida uzoq yillardan beri ishlayotgan shifokor va farmatsevtlar uchun muhim yangilik e’lon qilindi. Endi ayrim tibbiyot xodimlariga ipoteka asosida uy sotib olishda dastlabki badalning bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Buning uchun bir nechta muhim shartlar mavjud.

Xo‘sh, ushbu imtiyozga ega bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Kimlar subsidiya olishi mumkin?

4-iyuldan kuchga kirgan Hukumat qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil mehnat qilgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi tasdiqlandi. Endi ular ipoteka krediti asosida birlamchi bozordan uy sotib olayotganda dastlabki badalning 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Subsidiya fuqaroning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududi bo‘yicha ajratiladi, biroq uy-joyni O‘zbekistonning istalgan hududidan xarid qilish mumkin. Bu uzoq yillar davlat tibbiyot tizimida ishlagan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ularning uy-joy sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Ariza topshirish tartibi qanday?

Subsidiya olishni istaganlar Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshirishi mumkin. Ariza ko‘rib chiqilishidan oldin fuqaroning hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgani hamda kamida 15 yillik ish stajiga ega ekani tekshiriladi. Subsidiya bir oilaga faqat bir marta beriladi, ya’ni er yoki xotindan faqat bittasi undan foydalanishi mumkin. Agar arizadagi ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lsa, ilgari boshqa uy-joy subsidiyasidan yoki davlat dasturi asosidagi ipoteka kreditidan foydalangan bo‘lsa, shuningdek belgilangan talablarga javob bermasa, subsidiya ajratish rad etiladi. Bunda 2024-yil 1-maygacha olingan davlat ipoteka kreditlari istisno sifatida hisobga olinmaydi.

G‘oliblar qanday aniqlanadi?

Subsidiya oluvchilar navbat asosida emas, balki tasodifiy elektron tanlov orqali aniqlanadi. Har chorakda belgilangan kvota doirasida 125 nafar nomzod random.org platformasi orqali avtomatik ravishda tanlab olinadi. Jarayonning shaffof bo‘lishi uchun tanlov Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida jonli efirda namoyish etiladi, videoyozuv saqlanadi va foydalanilgan reyestr o‘zgarmagani alohida tasdiqlanadi. Natijalar ariza ID raqamlari orqali e’lon qilinadi. G‘oliblarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron xabarnoma va SMS yuboriladi. Shundan so‘ng ular qurilish tashkiloti bilan shartnoma tuzib, ipoteka krediti asosida uy sotib olish jarayonini boshlashi mumkin. Subsidiya to‘lovlari va barcha jarayonlar Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

Теги :
Jamiyat