$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston turizm uchun yagona sayt yaratish maqsadida yana millionlar sarflash arafasida

Sayt

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy turizm uchun yagona raqamli platforma yaratilmoqda. Farmon allaqachon imzolangan, rejalar katta, saytni ishga tushirish ikki bosqichda amalga oshirilishi ma’lum qilingan. 2025-yil 1-sentyabrdan sinov muddati bo‘lsa, 2025-yil 1-dekabrdan sayt to‘liq holda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 

Vebsaytda nimalar bo‘ladi?

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portalda quyidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi:

  • Mehmonxonalarni band qilish va baholash;
  • Turoperatorlar, tarjimonlar va gidlar xizmatlariga buyurtma berish;
  • Taksi buyurtma qilish va avtomobil ijarasi;
  • Avtobuslar, samolyotlar, poyezdlar, shuningdek, madaniy meros obyektlari, muzeylar va attraksionlarga chiptalar xarid qilish;
  • Xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun haq to‘lash shular qatorida.

Bu loyiha qanchaga tushadi?

Shu o‘rinda bizda savol tug‘ilishi aniq. Ushbu loyiha O‘zbekiston uchun qanchaga tushadi? O‘ylaymanki, o‘zbekistonliklar Ma’naviyat markazining vebsayti uchun 1,3 milliard so‘m, O‘zbekiston san’atkorlari haqidagi portalga esa 500 million so‘m sarflash rejalashtirilganini hali esdan chiqarganicha yo‘q. Yuqoridagi loyihalarning summasiga nazar solar ekanmiz, yangi loyihaning qiymati ehtimoliy ravishda nisbatan qimmatroq bo‘ladigandek. 

Qiziqarlisi, yuqorida keltirilgan saytda mavjud bo‘luvchi xizmatlarning deyarli barchasi allaqachon mavjud. Booking va Yandex Taxidan tortib o‘nlab milliy saytlar va ilovalar bunga yorqin misol bo‘la oladi. O‘zi shundoq ham mavjud xizmatlarning hammasini bir yerga jamlash uchun fuqarolarning soliqlaridan hosil bo‘luvchi byudjetdan mablag‘ sarflash qanchalik o‘rinli?

“Milliy qadriyatlar atlasi” veb-sayti va mobil ilovasi

Joriy yilning iyul oyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish xizmati uchun 1,3 milliard so‘mlik (102 ming dollar) tender o‘tkazgan edi. Saytga joylangan maʼlumotda loyihaning to‘liq nomi “Milliy qadriyatlar atlasi” veb-sayti va mobil ilovasi ekani yozilgan. Sayt va mobil ilova 2024-yil 21-fevraldagi prezident farmonining “jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalarning maxsus tizimini, ularning mobil ilovasini yaratish” bandi asosida yaratiladi. Shu bilan birga, davlat rahbarining 2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida bergan topshiriqlari asos sifatida keltirilgan. 

“Onlayn Mahalla” axborot tizimi

O‘zbekistonda vazirlik va idoralar tomonidan sayt yaratish uchun sarflanadigan yirik mablag‘lar doimiy ravishda jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lib kelgan. Masalan, 2022-yil noyabrda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi 8,4 milliard so‘m evaziga “Onlayn Mahalla” axborot tizimini yaratishni buyurtma qilgandi. Mazkur buyurtma tender o‘tkazilmasdan amalga oshirilgani jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘lgan. Antimonopoliya qo‘mitasi holat yuzasidan izoh berarkan, ushbu buyurtma “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasiga asosan qonuniy ekanini maʼlum qilgan.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot