$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Investitsiya forumi, Eronga "hamdardlik", hamdo‘stlik uchrashuvlari, taqdimot-u videoselektorlar: Prezidentning may oyi sarhisobi

Prezident

2024-yil may oyi yurtimizda turli voqeliklarga boy bo‘ldi. Shu jumladan, davlat rahbari ham respublika bo‘ylab turli tashriflarni amalga oshirdi.

3-Toshkent xalqaro investitsiya forumi

2—3-may kunlari poytaxtimizda xalqaro miqyosda investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari ushbu tadbir fonida turli davlatlardan delegatsiyalar qabul qildi, forumda nutq so‘zladi va mamlakatimiz investitsiya siyosati va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Forum yakunlari bo‘yicha 26.6 milliardlik shartnomalar imzolandi. Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir - ta’kidladi Prezident.

Ishonch yorliqlari

Mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vengriya elchisi Yojef Roja, Eron Islom Respublikasi elchisi Muhammadali Iskandariy, Chexiya Respublikasi elchisi Lyubomir Frebort, O‘mon Sultonligi elchisi Vafo al-Busaidiy, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Muhammad Irqiydan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Marosim yakunida prezidentimiz elchilarga sharafli faoliyatida ulkan zafarlar tilab, elchilarni yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga undadi.

Xotira va qadrlash munosabati bilan

 Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan Moskva shahriga amaliy tashrif buyurdi. O‘zbekistondalik chog‘ida G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, "Matonat madhiyasi" yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi hamda Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Xotira va qadrlash kuni fonida prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi. Nuroniylar bilan suhbatlasharkan, "Hamma harakatlarimiz xalqimizni rozi qilish uchun. Islohotlar natijasi eng quyiga, har bir xonadonga kirib borishini istaymiz. Rejalarimiz ham katta. Hamma jipslashsa, birgalikda harakat qilsa, o‘ylagan niyatlarimizga tezroq yetishamiz. Sizdek nuroniylarning duolari bunda bizga madadkor bo‘ladi. Sizlarning hayotingiz iroda, jasorat maktabi, gaplaringiz yoshlarga ibrat», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Charm va ipak sanoati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish, joylarda Sayxunobod tajribasi asosida aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda charm va ipakchilik tarmog‘i yetarlicha tahlil, keragicha tanqid qilindi. Videoselektor yakuniga ko‘ra “Charmsanoat” uyushmasi faoliyati o‘zgartirilib, bu tarmoqqa Xalq banki biriktiriladigan, Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida suv tozalash va binochilik inshootlariga 40 mln. dollar ajratiladigan bo‘ldi. Pillaning xarid narxi 25 foizga oshirildi, pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi. Sayxunobodning ayrim hududlarida yo‘l qo‘ygan sustkashliklari uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olindi.

Shahar boʻylab sayr

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, san’at muxlislarini qizgʻin tabrikladi. “Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman”, - dedi Prezident. U O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti faoliyati bilan tanishdi. Yurtboshimiz Kinochilar saroyiga tashrif buyurib, O‘zbekiston kino san’ati muzeyi, “Tirik tarix" loyihasi taqdimoti bilan tanishdi va soha vakillari bilan suhbatlashdi.

Oʻzbekiston mezbonlik qiladi

May oyining oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti 2 davlatdan oliy martabali mehmonlar: Malayziya bosh vaziri hamda Rossiya Federatsiyasi prezidentini tantanali ravishda kutib oldi. Oʻzbekiston va Malayziya yetakchilari ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish, munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma bayonot imzoladilar.

Xuddi shu yoʻsinda prezidentimiz yurtimizga tashrif buyurgan rossiyalik hamkasbini ham samimiy tarzda qabul qildi. Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar. Va muzokaralar rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tartibda davom etdi. Majlis doirasida bir qator yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangani, 5 mlrd. dollarlik yangi shartnomalar toʻplami tayyorlangani e’lon qilindi. Davlatlar oʻrtasidagi hamdoʻstlik ramzi oʻlaroq Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan, keyinroq Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birgalikda Koʻksaroy qarorgohining Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.

Ta’ziya 

21-may kuni Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasining elchixonasiga tashrif buyurib, mamlakat shimolida vertolyot qulashi oqibatida Prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslar fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan do‘st Eron xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.

Buxoroga tashrif 

May oyi Buxoroda oʻtkazilgan videoselektor bilan yakunlandi. Yigʻilishda viloyat aholisi daromadlarini oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, sanoat zonalari, yer sugʻorish, tarixiy yodgorliklarga e’tibor masalalari koʻrib chiqildi. Davlat rahbari tashrif davomida Buxoroda xalqaro aeroport, gaz-kimyo majmuasi va quyosh elektr stansiyasi inshootlari qurilishiga start berdi. Shavkat Mirziyoyev Gʻijduvon tumaniga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlab, tumandagi mavjud muammolarni yechish toʻgʻrisida topshiriqlar berdi. Gʻijduvonda koʻplab loyihalar tuzilib, investitsiya dasturiga kiritish topshirildi.