$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh Rossiyaning muhim nuqtasiga zarba berdi

Pentagon

Qo‘shma Shtatlar hukumati Rossiya moliya sektoriga aloqador 118 jismoniy va yuridik shaxsga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi.

Asosiy cheklov

Ma’lumotga ko‘ra, eng muhim sanksiyalar “Gazprombank”ga qarshi qaratilgan. Ushbu bank ilgari G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lmagan va shuning uchun Rossiya kompaniyalari xususan, “Gazprom” energetika kompaniyasi ushbu bankdagi o‘z hisob raqamlariga eksport qilinadigan tovarlar uchun dollar va yevroda to‘lovlarni qabul qilishni davom ettirishi mumkin edi. Putinning farmoniga ko‘ra, 2022-yil bahoridan boshlab xorijiy importchilarning “Gazprombank”da maxsus hisob raqamlari bo‘lishi shart edi.

SDN ro‘yxati

SDN ro‘yxatiga yana BKS-bank, Sentrokredit, DOMRF, Bratskiy narodniy bank, Energotransbank, Kremlevskiy, Iturup, Sinara kabi 50dan ortiq banklar va sho‘balar ham qo‘shilgan. Rossiya Markaziy banki raisi birinchi o‘rinbosarlari va top menejerlari ham sanksiyaga uchragan. “Agroros bank”, “BKS-bank” va boshqa kredit tashkilotlariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. Shuningdek, Rossiya Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosarlari Dmitriy Tulin va Vladimir Chistyuxin, Markaziy bank milliy to‘lov tizimi departamenti boshlig‘i Alla Bakina va moliya tizimi barqarorligi boshqarmasi boshlig‘i Yelizaveta Danilova ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, aynan Gazprombank Rossiyaning Ukrainaga bosqinini moliyalashtirish, neft va gazdan olayotgan daromadlarini harbiy maqsadlarga kanallashtiruvchi va qayta taqsimlovchi bank sifatida ko‘riladi. Urush boshlangach, aynan Gazprombank neft va gaz hisob-kitoblari uchun darcha sifatida jazolanmay kelayotgandi.

AQSh sanksiyalari

Bundan avvalroq AQSh Rossiya va Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilish ustida ishlayotgani haqida ma’lum qilgandi. Vashington yangi paketni saylangan prezident Donald Tramp iqtidorga kelguniga qadar tasdiqlashga ulgurmoqchi. Tramp Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy ziddiyatni tezda hal qilishni istashini bildirgan edi. G‘arb mamlakatlari Tramp takliflarining bir qismi Kiyev uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Buyuk Britaniya va AQSh hukumatlarining O‘zbekiston kompaniyalariga qarshi cheklovlari

Avvalroq Buyuk Britaniya va AQSh hukumati Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Bundan bir hafta avval esa xuddi shunday tarzda AQSh moliya vazirligi ham o'zining sanksiya ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikki kompaniyasini kiritgan edi. Bular: Uzstanex va The Elite Investment Group. Ikkala firma ham AQShning savdo taqiqlarini buzgan holda Rossiyaga dastgohlar va elektr transformatorlari kabi sanksiyalangan mahsulotlarni yetkazib berishda ayblangan. AQSh moliya vazirligi xodimi Uolli Adeyemo Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda, xususan, Ukrainadagi maxsus operatsiya doirasida foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy texnologiya va uskunalar yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan. 

Теги :
Jamiyat