$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘ngi yillarda ruhiy kasalliklar 95 foizga oshdi. Eng ko‘p aziyat chekayotganlar – ayollar va yoshlar

Ruhiy kasal

2023-yilda dunyo bo‘ylab taxminan 1,2 milliard odam turli ruhiy kasalliklardan aziyat chekkan. Bu ko‘rsatkich 1990-yil bilan solishtirilganda 95,5 foizga oshgan. Bu haqda CNN yangi ilmiy tadqiqot natijalariga asoslanib xabar berdi. 21-may kuni The Lancet tibbiyot jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda 204 ta mamlakat va hududdagi 12 turdagi ruhiy kasallik yosh, jins, yashash muhiti va sotsiodemografik omillar kesimida tahlil qilingan.

Tadqiqotning bosh muallifi doktor Demian Santomauro natijalardagi bunday yuqori ko‘rsatkichlar uni hayratga solganini aytdi.

“Bu holatga ta’sir qilayotgan omillar juda ko‘p va ularni bir-biridan aniq ajratish murakkab. Ushbu xavf omillariga qarshi kurashish esa butun dunyo miqyosida umumiy yetakchilikni talab etadi”, dedi Avstraliyadagi Kvinslend universiteti Jamoat salomatligi maktabi dotsenti Santomauro.

Xavotir va depressiya

Eng katta o‘sish xavotir va depressiya holatlarida qayd etildi. 2023-yilda ham aynan shu ikki kasallik eng keng tarqalgan ruhiy buzilishlar bo‘lib qoldi. Uchinchi o‘rinni esa boshqa ruhiy xastaliklar yoki zararli moddalar iste’moli bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiyat buzilishlari egalladi.

Tadqiqot doirasida bipolyar buzilish, shizofreniya, autizm spektri buzilishi, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi (DEGS), anoreksiya, bulimiya, distimiya, xulq-atvor buzilishi hamda sababi noma’lum aqliy rivojlanishdan ortda qolish holatlari ham o‘rganildi.

Ma’lumot uchun, distimiya — uzoq davom etadigan, biroq nisbatan yengil shakldagi depressiya bo‘lib, u surunkali depressiv buzilish sifatida ham taniladi. Xulq-atvor buzilishi esa asosan bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi hamda doimiy itoatsizlik va agressiv harakatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Kasalliklar ko‘rsatkichi va pandemiya ta’siri

Olimlar barcha 12 turdagi ruhiy kasallik bo‘yicha o‘sish kuzatilganini aniqladi. Xususan, 1990-yilga nisbatan xavotir hissi 158 foizga, depressiya esa 131 foizga oshgan. Eng kam uchraydigan kasalliklar anoreksiya, bulimiya va shizofreniya bo‘ldi. Biroq ularni kam ahamiyatli deb bo‘lmaydi. Chunki 2023-yilda dunyo bo‘yicha qariyb 4 million anoreksiya, 14 million bulimiya va 26 million shizofreniya holati qayd etilgan.

Ruhiy kasalliklarning aksariyati ayollarda ko‘proq uchrashi aniqlangan. Shu bilan birga, autizm, xulq-atvor buzilishi, DEGS, shaxsiyat buzilishi hamda sababi noma’lum aqliy zaiflik erkaklarda ko‘proq qayd etilgan. Tadqiqot COVID-19 pandemiyasi ayrim ruhiy xastaliklar darajasiga qanday ta’sir qilganini ham ko‘rsatib berdi.

Koronavirus pandemiyasidan avval ham xavotir, depressiya va boshqa ruhiy kasalliklar ko‘rsatkichi o‘sishda davom etayotgan edi. Ammo pandemiya davrida va undan keyin depressiya yanada kuchaydi hamda pandemiyadan oldingi darajaga qaytmadi. Xavotir hissi esa rekord darajaga chiqib, 2023-yil davomida ham yuqori bo‘lib qoldi.

Eng ko‘p zarar yoshlarga

Ruhiy kasalliklar tobora nogironlikning asosiy sabablaridan biriga aylanmoqda. Bundan eng ko‘p ayollar va 15–39 yosh oralig‘idagi insonlar aziyat chekmoqda. Santomauroning ta’kidlashicha, ilgari ruhiy muammolar eng yuqori darajada asosan o‘rta yoshdagi odamlarda, ayniqsa ayollarda kuzatilgan bo‘lsa, endilikda tarixda ilk bor 15–19 yoshli o‘smirlar eng ko‘p zarar ko‘rayotgan guruhga aylangan.

“Biz avvallari eng yuqori ko‘rsatkichni doimo o‘rta yoshdagi insonlarda kuzatardik”, dedi u.

Virjiniya Tech Karilion tibbiyot maktabining Psixiatriya va xulq-atvor tibbiyoti kafedrasi rahbari doktor Robert Trestmanning aytishicha, yoshlik davri miya, ijtimoiy va intellektual ko‘nikmalar shakllanishidagi eng nozik va muhim bosqich hisoblanadi.

Mazkur tadqiqotda qatnashmagan Trestman rivojlanishdagi buzilishlar uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Mutaxassislar fikricha, ko‘rsatkichlarning ortishiga ijobiy hamda salbiy omillar birdek ta’sir qilmoqda.

“Ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq stigma sezilarli ravishda kamaydi. Endi odamlar ichida yig‘lab, jim azob chekish o‘rniga, yordam so‘rashga ancha erkin qaray boshladi”, dedi Amerika Psixiatriya assotsiatsiyasining sog‘liqni saqlash tizimlari va moliyalashtirish kengashi raisi Trestman.

Santomauro va boshqa ekspertlar ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan insonlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan tavsiyalarni ham berdi. Ular qatorida mutaxassis bilan maslahatlashish, turli terapiyalar, dori vositalari hamda boshqa qo‘llab-quvvatlovchi usullardan foydalanish bor. Ruhiy k

Bundan tashqari, ekspertlar imkon qadar sog‘lom turmush tarziga amal qilishni tavsiya qilmoqda. Xususan, to‘g‘ri ovqatlanish, ijtimoiy aloqalarni saqlash, jismoniy faollik, yetarli uyqu, sevimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish hamda ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ushlash muhim ekani ta’kidlanmoqda.

Теги :
Jamiyat