$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiya ijtimoiy tarmoqlar qolib, sun’iy intellektlarni ham bloglamoqchi

ChatGPT x Gemini

Rossiya hukumati texnologik suverenitetni mustahkamlash bahonasida sun’iy intellekt (SI) sohasida nazoratni keskinlashtiruvchi yangi qonun loyihasini jamoatchilikka taqdim etdi. Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat, mamlakatdagi xorijiy neyrotarmoqlar faoliyatini huquqiy tartibga solishni emas, balki ularni cheklash uchun qonuniy “poydevor” yaratishni ko‘zda tutmoqda. “RIA Novosti” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qoidalarning 2027-yil 1-sentabrdan kuchga kirishi kutilmoqda.

Ma’lumotlar xavfsizligi yoki siyosiy to‘siq?

Loyiha markazida “chegaralararo SI texnologiyalari” tushunchasi turibdi. Unga ko‘ra, kunlik foydalanuvchilar soni yarim milliondan oshadigan har qanday xalqaro SI xizmati rossiyaliklarga tegishli ma’lumotlarni – xoh u oddiy so‘rov bo‘lsin, xoh murakkab muloqotlar yoki metama’lumotlar – kamida uch yil davomida Rossiya Federatsiyasi hududidagi serverlarda saqlashga majbur qilinadi.

Ekspertlarning fikricha, global texnologik gigantlarning bu talabni bajarishi amrimahol. Bugungi geosiyosiy vaziyatda G‘arb kompaniyalarining Rossiyada yirik ma’lumotlar markazlarini (data-center) tashkil etishi nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham imkonsizdek ko‘rinadi. Bu esa mazkur xizmatlarning mamlakatda butunlay taqiqlanishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadi.

Paradoksal vaziyat

Qonun loyihasi atrofidagi bahslar bir qiziq holatni yuzaga chiqarmoqda. Hozirda jahonning eng mashhur SI xizmatlari hisoblangan ChatGPT, Claude va Gemini kabi platformalar rasman Rossiya bozoridan chiqib ketgan. Ular IP-manzillar bo‘yicha cheklovlar o‘rnatgan va Rossiya bank kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilmaydi. Foydalanuvchilar esa ushbu xizmatlardan asosan VPN va turli norasmiy API kanallari orqali foydalanib kelishmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, yangi cheklovlar xalqaro korporatsiyalarga emas, balki ko‘proq Rossiya ichidagi tadbirkorlarga zarba berishi kutilmoqda. Xavf ostida xorijiy SI modellari asosida ishlovchi mahalliy agregatorlar, Telegram-botlar va o‘z jarayonlariga xalqaro integratsiyalarni joriy qilgan korporativ sektor vakillari qolmoqda.

Xitoy modellari najotmi?

G‘arb texnologiyalaridan uzilish fonida Rossiya biznesi va davlat sektoriga “ochiq kodli” (open-source) modellarga o‘tish tavsiya etilmoqda. Bunda asosiy e’tibor Xitoy ishlanmalariga qaratilgan. Xususan, Alibaba kompaniyasining Qwen yoki shov-shuvli DeepSeek kabi modellari asosiy muqobil sifatida ko‘rilmoqda.

Ushbu modellarning afzalligi shundaki, ularning arxitekturasi neyrotarmoqni mahalliy, yopiq serverlarda ishga tushirish imkonini beradi. Bu esa ma’lumotlarning mamlakat tashqarisiga chiqib ketmasligini ta’minlaydi va hukumat talab qilayotgan “yopiq muhit”ni yaratadi. Biroq, bu Rossiya texnologik ekotizimining jahon bozoridan uzilib, ma’lum bir mintaqa ishlanmalariga qaram bo‘lib qolish xavfini ham yuzaga keltirmoqda.

Теги :
Jamiyat