$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Korxonalardan chiqayotgan oqava suvlar daryolarni zaharlamoqda

sanoat korxonalari

AOKAda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda sanoat korxonalaridan chiqadigan oqova suvlarning tabiiy suv obyektlariga zararini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Sanoat korxonalarining tabiiy suv obyektlariga zarari qanday kamaytirilmoqda?

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan sanoat korxonalaridan chiqadigan oqova suvlarning tabiiy suv obyektlariga zararini kamaytirish maqsadida xatlov o‘tkazildi. O‘zbekistonda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi I va II toifadagi lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish maqsadida 93 sanoat korxonasining ro‘yxati shakllantirildi.

140 sanoat korxonasining ro‘yxati

Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahridan chiqayotgan maishiy oqova suvlarni tozalovchi “Salar”, “Bektemir” va “Bo‘zsuv” to‘yintirish inshootlariga oqova suvlarini tashlayotgan sanoat korxonalari xatlovi amalga oshirildi. Oqova suvlar sifatini yaxshilash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi. Shaharda kommunal kanalizatsiya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 140 sanoat korxonasining ro‘yxati shakllantirildi.

44 korxonaga nisbatan tegishli choralar

O‘rganishlar davomida 115 korxonadan kimyoviy tahlil namunalari olindi. 25 korxona faoliyat yuritmayotganligi aniqlandi. Me’yoridan ortiq ifloslangan moddalar chiqaruvchi 44 korxonaga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rildi. Ochiq suv havzalariga iflos oqovalar chiqarayotgan 72 sanoat korxonasida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ularga ogohlantirish xatlari berilib, 38 korxonaga qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. 36 korxona bo‘yicha to‘plangan materiallar chora ko‘rish uchun huquq tartibot idoralariga yuborildi.

1161 shoxobcha oqova suv tindirgich va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlandi

Respublikadagi avtomobil yuvish shoxobchalarida suv aylanma tizimini joriy etish, ularni zamonaviy suv tindirgichlar va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlash, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarni kengaytirish maqsadida mavjud 2180 shoxobchada ekologik monitoring tadbirlari o‘tkazildi. 803 avtomobil yuvish shoxobchasi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarga aylantirildi. 1161 shoxobcha oqova suv tindirgich va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlandi. Natijada avtomobil yuvilishidan hosil bo‘ladigan oqova suvlarning 60 foizi tozalanishiga va suv resurslari tejalishiga erishildi.

1390 avtomobil yuvish shoxobchasida bosqichma-bosqich suv aylanma tizimini joriy etish, ularni zamonaviy suv tindirgichlar va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlash, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarni kengaytirish maqsadida ekologik monitoring tadbirlari amalga oshiriladi.

Rekultivatsiya bo‘yicha natijalar

O‘zbekiston bo‘ylab 2024-yilda 2 000 ga yer maydonlarini rekultivatsiya qilish rejalashtirilgan. O‘tgan 9 oy davomida 1100 ta yer maydoni rekultivatsiya qilindi. 3 yarim mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan buzilgan yerlarning rekultivatsiya qilinishi nazoratga olindi.

310 uchastkada daryo o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilmoqda

Prezidentning 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 14-son Farmoniga asosan, Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallar qazishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan edi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Favqulodda vaziyatlar va Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda hududiy bo‘linmalar bilan hamkorlikda respublika hududidagi daryo va soylarda shartnoma asosida o‘zan tozalash ishlari bajarilayotgan 310 uchastkada loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertizasi talablarining bajarilishi tanqidiy o‘rganildi.

Daryo ekologiyasini yaxshilash choralari kuchaytirilmoqda

Moratoriy munosabati bilan daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga shartnoma asosida jalb qilingan 138 tadbirkorlik subyekti bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilindi.

2024-yil yakuniga qadar sanoat va ishlab chiqarish oqovalarining tabiiy suv ob’yektlariga zararini kamaytirish maqsadida 38 korxonada lokal oqova tozalash inshootlari quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi.

Yer osti boyliklari qazib olinishi oqibatida buzilgan yer maydonlarini 2023–2025 yillarda hududlar kesimida rekultivatsiya qilish rejasiga muvofiq jami 900 ga yer maydoni rekultivatsiya qilinishi nazoratga olinadi.

Suvni tejab ishlatgan 20 xonadonga quyosh panellari beriladi

Nukus shahrida ichimlik suvidan oqilona foydalanish va ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi bo‘yicha xatlov o‘tkazildi. Buning uchun 38 ko‘p qavatli uy tanlab olindi.

Reyting tizimi bo‘yicha g‘olib deb topilgan 20 xonadon hamda 50 foizdan ziyod xonadonlari belgilangan me’yordan kam suv ishlatgan 20 ta ko‘p qavatli uyga Vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyosh panellari yoki uylar atrofi uchun yoritish moslamalari o‘rnatib beriladi.