$
 12033.28
64.69
 14060.89
40.88
 149.30
1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Takrorlash majburiyati: Avlod “surayotgan” toksik munosabatlar ildizi qayerda?

toxic relations

Nega ba’zilar tinch va osoyishta munosabatlardan ko‘ra, doimiy drama, rashk va noaniqlik hukmron bo‘lgan “azobli sevgi” ni tanlaydi? Bizning azobli munosabatlarga ongsiz ravishda intilishimiz shunchaki hissiy tanlov emas, balki psixologiyadagi “takrorlash majburiyati” fenomeni va miyaning neyrokimyoviy qaramlik mexanizmlari kabi murakkab jarayonlar mahsulidir. Ushbu paradoksal holatning ildizlarini nafaqat bolalikdagi psixologik travmalar, balki farzand tarbiyasidagi stereotiplar hamda “uzlukli rag‘batlantirish” qonuniyatlari kabi real ilmiy omillar bilan dalillash mumkin.

Keling, bu masalaga neyrobiologiya, psixoterapiya va milliy qadriyatlarimiz prizmasidan  nazar tashlaymiz.

Kimyoviy qopqon: Sevgi va azob “kokteyli”

Munosabatlar doimiy stress, qo‘rquv va qisqa muddatli yarashishlar zanjiri ko‘rinishida davom etsa, bu toksik bog‘lanish (trauma bonding) deb ataladi. Patrik Karnesning “Xiyonat rishtasi” (The Betrayal Bond) nazariyasiga ko‘ra, bunday holatda insonning miyasi xuddi giyohvand moddaga o‘rgangandek reaksiya beradi.




Ushbu neyrokimyoviy qaramlik mexanizmi quyidagicha ishlaydi: sherigingiz sizga azob berganda (sovuq muomala, janjal) organizmda stress gormoni — kortizol oshib ketadi. “U” ozroq mehr ko‘rsatishi bilan esa dofamin (zavq) va oksitotsin (bog‘lanish) gormonlari keskin ko‘tariladi. Bunday beqarorlik miyada kuchli eyforiyani yaratadi. Tinch va sog‘lom munosabatlarda bunday gormonal tebranishlar bo‘lmaydi, shuning uchun toksik munosabatlarga o‘rgangan odamga tinch hayot zerikarli, sevgisizdek tuyuladi.

“Kazino effekti”: Nega umid uzolmaymiz?

Nega yomon munosabatdan ketish qiyin? Bixeviorist B.F. Skinner buni “Uzlukli rag‘batlantirish” (Intermittent Reinforcement) orqali tushuntiradi.

Tasavvur qiling, agar kazinodagi avtomat har safar yutuq bersa, odam tez zerikadi. Agar hech qachon bermasa, o‘ynamay qo‘yadi. Ammo kutilmagan va tartibsiz yutuqlar o‘yinchini qaram qiladi.

Munosabatlarda ham shunday: aksariyat hollarda sovuq munosabat qiluvchi sherigingiz kutilmaganda dunyodagi eng mehribon insonga aylanadi. Siz mana shu bir chimdim baxt umidida qolgan barcha azoblarga chidashga majbur bo‘lasiz.

Milliy tahlil: “Kumush va Zaynab” sindromi

Ushbu psixologik qonuniyatlarni o‘zbek adabiyotining eng mashhur asari — “O‘tkan kunlar” misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Nega “Otabeklar” (va millionlab kitobxonlar) “Kumushlar” ni sevib, “Zaynablar” ga befarq bo‘lishadi?

Buning sababi Zaynabning yomonligida emas, balki psixologik qadriyat tushunchasidadir.

  • Taqchillik tamoyili: Kumush — Otabekning o‘zi kurashib, izlab topgan va yetishish uchun “jang qilgan” muhabbatidir. Inson miyasi o‘zi sarmoya (hissiy yoki jismoniy) kiritgan narsani qattiq qadrlaydi.
  • Mavjudlikning qadrsizlanishi: Zaynab Otabekka “sovg‘a” sifatida taqdim etildi. Uning sevgisi, itoati va borligi — kafolatlangan edi. Bixeviorizmga ko‘ra, kafolatlangan mukofot dofamin (zavq) chaqirmaydi. Zaynab qanchalik ko‘p mehr va e’tibor bergani sari, uning qadri paradoksal ravishda shunchalik tushib bordi.

Demak, biz ko‘pincha Zaynab kabi “xavfsiz bandargoh”larni emas, Kumush kabi “to‘lqinli dengiz”ni tanlaymiz. Chunki bizning ongostimiz tinchlikdan ko‘ra, kurash va ehtirosni tiriklik belgisi deb qabul qilishga o‘rgangan. Aslida esa, Zaynab — e’tiborsizlik va hissiy zo‘ravonlik (neglekt) qurboni edi.

Terapevt xonasidan lavhalar: O‘zimizni qanday aldaymiz?

Psixolog Robin Norvud o‘zining mashhur “Haddan ortiq sevadigan ayollar” (Women Who Love Too Much) kitobida bu muammoning ildizini ochib beradi. Biz o‘zimizga aytadigan yolg‘onlarimiz aslida, himoya mexanizmimizdir.

Psixoterapevt xonasidagi seansni tasavvur qilib ko‘raylik.  Ushbu suhbatlar sizga tanishmi?

1-vaziyat: “Men uni qutqara olaman…”

Siz: “Uning bolaligi juda og‘ir o‘tgan, shuning uchun ba’zan qo‘pollik qiladi. Uni hech kim tushunmaydi, faqat men tushunaman. Agar yetarlicha mehr bersam va sabr qilsam,  u, albatta, o‘zgaradi”.

Terapevt: “To‘xtang. Siz sevyapsizmi yoki davolayapsiz? Norvud buni 'Qutqaruvchi fantaziyasi' deb ataydi. Achchiq haqiqat shuki, siz uni o‘zgartirishga urinib, vaziyatni nazorat qilmoqchisiz. Bu sevgi emas, balki hokimiyatdir. Eslab qoling: Inson faqat o‘zi qat'iy xohlasagina o‘zgaradi. Sizning mehringiz — reabilitatsiya markazi emas”.

2-vaziyat: “Yaxshi yigitlar zerikarli…”

Siz: “Falonchi (sokin, g‘amxo‘r va barqaror yigit) juda yaxshi inson. Lekin... u bilan zerikaman. O‘rtamizda olov, uchqun yo‘q. Menga his-tuyg‘ular bo‘roni kerak”.

Terapevt: “Siz izlayotgan o‘sha 'olov' — aslida xavotir va qo‘rquv, xolos. Bolaligida hissiy sovuqlik yoki janjal ko‘rgan miya uchun xotirjamlik — 'o‘lim' dek tuyuladi. Siz tinchlikni zerikish bilan adashtiryapsiz. Sog‘lom munosabatlarda yurak doim ham tinimsiz “dukullab” urmaydi, balki halovat topadi”.

3-vaziyat: “Hammasi mening aybim…”

Siz: “U bugun yana baqirdi. Balki noto‘g‘ri gapirgandirman? Kechki ovqatni vaqtida suzganimda, ehtimol,  jahli chiqmasdi”.

Terapevt: “Bu gaplarni hozir siz emas, ichingizdagi qo‘rquv aytyapti. Sherigingizning tajovuzkor xulqi uchun javobgarlikni bo‘yningizga olyapsiz. Sizning 'sho‘rva suzishingiz' birovning zo‘ravonligini oqlay olmaydi. Bu o‘z-o‘zini aldashning eng xavfli turidir”.

Xulosa qilib aytganda, Jon Boulbining “Bog‘lanish nazariyasi”ga ko‘ra, biz bolalikda ota-onamiz bilan bo‘lgan munosabat modelini kelajakdagi juftimizda qidiramiz (takrorlash majburiyati). Ya’ni azobli yoki azobsizligidan qat’i nazar oldindan qanaqaligini bilmaganimiz uchun ongimiz “notanish yo‘l” ga emas, azobli bo‘lsa ham qayta-qayta “tanish yo‘l” ga yetaklayverishi mumkin.





Toksik sevgini "haqiqiy ehtiros" deb o‘ylash xato. Sog‘lom munosabatlar zerikarli emas, ular xavfsizdir.

Ushbu doiradan chiqish uchun birinchi qadam — muammoni anglashdir. Milliy tarbiyamizdagi "sabr" tushunchasini qayta ko‘rib chiqish, uni o‘zlikni yo‘qotish emas, balki qiyinchiliklarni birgalikda yengish deb tushunish lozim. Zero, sevgi insonga qanot bag‘ishlashi kerak, uning qanotlarini qayirishi emas.


Теги :
Jamiyat
Salomatlik