$
 11891.18
-46.71
 13753.34
-15.82
 141.83
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi muddatli to‘lov 1 yildan va 110 million so‘mdan oshmasligi kerak

Rassrochka

Aholiga tovar va xizmatlarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish tizimida tub islohotlar amalga oshiriladi. Shavkat Mirziyoyevning 14-avgustda qabul qilingan qaroriga muvofiq, ushbu sohada faoliyat yurituvchi subyektlar faoliyatini tartibga solish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.

Reyestr tizimi

Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatda rasman muddatli to‘lov xizmati operatorlari instituti ish boshlaydi. Banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari bo‘lgan, ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi barcha yuridik shaxslar operator deb e’tirof etiladi. Bo‘lib to‘lash xizmatlarini ko‘rsatish huquqi faqat Markaziy bank tomonidan yuritiladigan tegishli reyestrga kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.

Bunda tijorat banklari hamda mikromoliya tashkilotlari reyestrga regulyatorni oddiy xabardor qilish tartibi orqali qo‘shiladi. Boshqa barcha yuridik shaxslar esa Markaziy bankda to‘liq hisob ro‘yxatidan o‘tishlari talab etiladi.

Bitim obyekti uchun cheklovlar

Qaror bilan sohadagi qator amaliyotlarga aniq taqiqlar o‘rnatildi. Chunonchi, ko‘chmas mulk obyekti, shuningdek, muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan har qanday boshqa mol-mulk muddatli to‘lov shartnomasi obyekti bo‘lishi mumkin emas.

Xizmat ko‘rsatuvchi operatorlarga fuqarolarga moliyaviy iste’mol kreditlari ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish qat’iyan man etiladi. Shuningdek, muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqini boshqa shaxslarga o‘tkazish (voz kechish) amaliyoti cheklandi. Endilikda ushbu huquq faqat boshqa muddatli to‘lov operatori, mikromoliya tashkiloti yoki banklar xizmatiga o‘tkazilishi mumkin.

Moliyaviy shartlar va iste’molchilar kafolati

Hujjatda shartnoma qiymati va qo‘shimcha to‘lovlarning yuqori chegaralari belgilandi. Muddatli to‘lov xizmati bo‘yicha bir martalik shartnoma qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 250 baravaridan, ya’ni 110 million so‘mdan oshishi taqiqlanadi. Operator tomonidan olinadigan barcha komissiyalar, ustama to‘lovlar hamda tovar yoki xizmatning yakuniy bahosiga ta’sir etuvchi boshqa xarajatlar shartnomada alohida va oshkora ko‘rsatilishi shart.

Shuningdek, fuqarolarni ortiqcha qarzdorlik yukidan himoya qilish maqsadida asosiy qarzdan tashqari barcha ustamalar, vositachilik haqlari, penya va jarimalar yig‘indisi yillik muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshmasligi belgilandi. Shartnoma bo‘yicha iste’molchining majburiyat bajarish muddati eng ko‘pi bilan 12 oy qilib belgilanmoqda. Iste’molchiga qarzdorlikni istalgan vaqtda, hech qanday qo‘shimcha jarima yoki komissiyalarsiz muddatidan oldin to‘liq yoki qisman uzish huquqi beriladi.

Kredit byurolari bilan ma’lumot almashinuvi

Yangi tartib doirasida kichik qiymatdagi bitimlar uchun hisobot berish talabi yengillashtirildi. 2027-yildan e’tiboran qiymati BHMning 3 baravarigacha (1,32 million so‘mgacha) bo‘lgan tovar iste’mol kreditlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar va ularning bajarilishi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.

Теги :
Jamiyat