$
 12780.14
11.84
 13980.20
19.34
 133.11
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo bo‘ylab har 8 nafar ayol-qizdan bittasi o‘smirligida jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan

pedofiliya zo

Unicefning yangilangan statistikasi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning dahshatli ko‘lamini ko‘rsatadi. Dunyo bo‘ylab 370 milliondan ortiq qiz va ayollar - har 8 dan bir nafari - 18 yoshgacha nomusga tegish yoki jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.

Ayanchli statistika

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalik davridagi jinsiy zo‘ravonlikning aksariyati o‘smirlik davrida, xususan, 14-17 yosh oralig‘ida sodir bo‘ladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, jinsiy zo‘ravonlikka duch kelgan bolalar takroriy zo‘ravonlikka uchrashga nisbatan ko‘proq moyil bo‘ladilar.

Shahvoniy shilqimlik yoki onlayn tegajog‘lik kabi zo‘ravonlikning boshqa shakllari hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich 650 millionga ko‘tariladi - bu har oltinchi qiz va ayol degani. Bu esa zo‘ravonlik va tajovuzning barcha shakllariga samarali qarshi kurashish uchun keng qamrovli oldini olish va qo‘llab-quvvatlash strategiyalarining naqadar dolzarb ekanligini ko‘rsatadi.

Zo‘ravonlik, odatda, bolaga yaqin kishilar tomonidan amalga oshiriladi

“Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bizning vijdonimizga dog‘dir, - deydi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel. - Bu, ko‘pincha, bolaga yaqin bo‘lgan kishilar tomonidan amalga oshirilishi esa chuqur va uzoq muddatli jarohat yetkazadi.”

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uzoq muddatli va halokatli oqibatlarga olib keladi, bu esa hissiy jarohat, sog‘lik bilan bog‘liq muammolar va voyaga yetganida munosabatlarni shakllantirishda qiyinchiliklarga olib keladi. Siyosiy vaziyat beqaror bo‘lgan mamlakatlarda va konflikt zonalarida yashovchi bolalar bu muammo oldida ayniqsa zaif.

Qaysi hududlarda jinsiy zo‘ravonlik eng keng tarqalgan?

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik siz va biz o‘ylagandan acha kengroq tarqalgan bo‘lib, u geografik, madaniy va iqtisodiy chegaralarni kesib o‘tadi. Janubiy Afrika eng ko‘p jabrlangan hudud bo‘lib, bu yerda 79 million qiz va ayol (22%) zo‘ravonlikka uchragan. Keyingi o‘rinlarni Janubi-Sharqiy Osiyo (75 million), Markaziy va Janubiy Osiyo (73 million), Yevropa va Shimoliy Amerika (68 million), Lotin Amerikasi va Karib dengizi (45 million), Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyo (29 million) band qilib turibdi.

Har 11 erkakdan biri jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan

UNICEF taqdim etgan statistikada keltirilishicha, garchi qiz va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida ko‘proq xabar berilsa-da, o‘g‘il bolalar va erkaklar ham bu muammoga tez-tez duch kelmoqda. Taxminan 240 milliondan 310 milliongacha o‘g‘il bolalar va erkaklar, ya’ni har 11 nafar erkakdan bittasi, bolaligida zo‘rlanish yoki jinsiy tajovuzga uchragan. Ushbu hisob-kitobga jismoniy aloqasiz zo‘ravonlik shakllari ham kiritilsa, bu ko‘rsatkich 410 milliondan 530 milliongacha ko‘tariladi.

Nimalar qilish kerak?

Bu shoshilinch choralar ko‘rishni talab qiladigan global muammo. Biz nimalar qilishimiz kerak:

• Zo‘ravonlikning davom etishiga imkon beruvchi ijtimoiy va madaniy me’yorlarni o‘zgartirish.

• Bolalarga zo‘ravonlikni tan olish va xabar berishda yordam beradigan bilimlardan foydalanish imkoniyatini berish.

• Jabrlanuvchilarning ham huquqiy, ham psixologik yordam olish imkoniyatini ta’minlash.

• Bolalarni himoya qiluvchi va ularning qat’iy bajarilishini ta’minlaydigan qonunlarni kuchaytirish.

• Gender tengligiga erishish uchun ma’lumotlarni to‘plash va yaxshilash.