$
 12780.14
11.84
 13980.20
19.34
 133.11
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Kibersavodxonlik: Internetda “fake” xabarlarni aniqlashni o‘rganamiz

kiberxujum

O‘zbekistonda onlayn firibgarlikning keng tarqalgan mazkur usullaridan yana biri ko‘pchiligimizga yaxshi tanish, bu — ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Telegram messenjerida ochilgan soxta “fake” akkauntlar orqali yuqori turuvchi idoralar rahbarlari nomidan quyi bo‘g‘in muassasalari mas’ullariga soxta xabarnomalar yuborish holatlari. Yoki firibgarlar nafaqat yordam puli, balki taniqli kompaniyalar (masalan, Click), tijorat banklari va millionerlarning nomidan foydalanib, “arzon kreditlar” va “falon yillik yubiley” munosabati bilan pul tarqatilayotganini aytishadi.

 Markaziy tashkilotlar nomidan firibgarlik holatlari ko‘paymoqda

Kiberxavfsizlik markazi “Aldanib qolmang! Ogoh bo‘ling! Turli so‘rovnoma, savol-javob, aksiyalar, elektron havolalar, onlayn o‘yinlar va boshqa feyk e’lonlarga ishonib, pulingizni o‘g‘irlatib qo‘ymang. Haqiqiyga o‘xshatib yasalgan saytlarda plastik karta ma’lumotlaringiz va telefon raqamingizga kelgan parolni kiritishingiz bilanoq firibgarlar kartadagi barcha pulingizni bir zumda yechib olishadi”, deya fuqarolarni doimiy ogohlantirib keladi. Shunga qaramay, aldanib qolayotganlar kam emas.

So‘nggi kunlarda markaziy tashkilotlar va mansabdorlar nomidan internet foydalanuvchilariga “to‘lanmagan naqd pulni qaytarish yoki Markaziy bank nomidan davlat tomonidan har bir insonga 10 million so‘m olish imkoniyati mazmunida feyk xabarlar tarqatilmoqda. Mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydi.

Minfinuz nomli havola ostida tarqalayotgan xabarlarni mantiqan izohlab ko‘ramiz. Ushbu havoladan manfaatlanayotgan shaxslarning iddao qilishicha, siz 30.000.430 so‘mlik kompensatsiyani olishingiz uchun ularning advokatiga murojaat qilishingiz, ya’ni 191.000 so‘m advokat xizmatiga to‘lov qilishingiz so‘raladi, mazkur pullarni o‘tkazganingizdan so‘ng hech qanaqa pul sizning hisobingizga kelib tushmaydi. Firibgarlarning maqsadi shunchaki sizning 191.000 so‘m pul mablag‘ingizga ega qilish.

 Nishonda Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati ham firibgarlar nazaridan chetda qolmayapti. Qallob shaxslar yaratgan soxta profillar orqali tizimdagi mas’ul xodimlarga turli yolg‘on va noqonuniy topshiriqlar berilmoqda. “Shu o‘rinda vazirlik barcha rahbarlarni ogohlikka chaqirib, bunday “fake” ma’lumotlarga ishonmasliklari, axborot xavfsizligini ta’minlashga yanada jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘rab qoladi”, – deydi vazirlik matbuot xizmati fuqarolarni ogohlikka chaqirib.

 Soxta akkauntlarni qanday aniqlash mumkin?

1. Yopiq ma’lumotlar: Soxta akkauntlarda barcha ma’lumotlar yopiq bo‘ladi. Profilga kiritilgan axborotlar juda kam, yoki ular umumiy va noaniq bo‘lishi mumkin.

2. Yangi yozishmalar: Yozishmalar yoki chatlar yaqinda boshlangan bo‘ladi, ya’ni bu profil eski emas va yaqinda yaratilganligini ko‘rsatadi.

3. Video va audio qo‘ng‘iroqlar yo‘q: Ushbu soxta akkauntlarga video yoki audio qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yo‘q, yoki ular buni rad etadi.

4. Maqsadli talablar: Firibgarlar ko‘pincha o‘z xabarlarida fuqarolardan to‘lov yoki shaxsiy ma’lumotlarni talab qiladi, bu esa soxta akkaunt ekanligidan dalolat beradi.

 Nima qilish kerak?

1. Xabarlarni tekshirish: Sizga kelgan har qanday shubhali xabarni, ayniqsa pul talab qiladigan yoki shaxsiy ma’lumot so‘raydigan xabarlarni ehtiyotkorlik bilan tekshiring. Rasmiy manbalar orqali axborotni tasdiqlashga harakat qiling.

2. Kiberxavfsizlik platformalari: https://fake.cyber102.uz/ kabi maxsus platformalar orqali havolalarni tekshirib, ularning haqiqiy yoki soxta ekanligini aniqlashingiz mumkin.

3. Rasmiy tashkilotlarga murojaat qilish: Agar siz shubhali akkaunt yoki xabar bilan to‘qnashsangiz, darhol tegishli tashkilotlarga, jumladan, O‘zbekiston IIV TQD Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qiling.

4. Ogohlikni oshirish: O‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni begona shaxslarga yoki noma’lum manbalarga bermang.

Yolg‘on (feyk) va noxolis axborotlarni tarqatganlik uchun qonunchilikda qanday jazolar belgilangan?

Yolg‘on xabarlar tarqalishining oldini olish va uni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida 2020-yil 25-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 658-sonli qonuni bilan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, BHMning 50(11 mln. 150 ming so‘m) baravaridan 100 (22 mln. 300 ming so‘m) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2446-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln. 600 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.