$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi qurilish obyektlarini QR-kod orqali kuzatish mumkin bo‘ladi

qurilish

Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga oid videoselektor yig‘ilishida qurilish-montaj ishlari sifati masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada bajarilishi shart bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, O‘zbekistondagi qurilish jarayonlarni samarali va shaffof boshqarish maqsadida yangi qurilishlarda davlat nazorati tizimi joriy etilmoqda. Mazkur tizim zamonaviy raqamli yechimlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish jarayonlarini boshqarish, hujjatlashtirish va nazorat qilishda qulay imkoniyatlar yaratadi. Tizimning asosiy maqsadi qurilish jarayonlarini izchil boshqarish, ortiqcha qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘ymaslik va inson omili ta’sirini kamaytirish orqali sifat va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat.

Tizimning o‘ziga xos yangiligi va imkoniyatlari qanday omillarda ko‘rinadi?

“Dastlab cheklist tizimiga to‘xtalamiz. Ushbu tizim bilan qurilish jarayonlari bosqichma-bosqich tekshiriladi va har bir ish turi uchun to‘ldiriladigan cheklistlar orqali sifat nazorati amalga oshirilib, hujjatlashtirish jarayoni soddalashtiriladi”, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. Tizim qurilish korxonalarining holatini avtomatik baholaydi va reytingi past bo‘lgan yoki talabga javob bermaydigan korxonalarga ruxsatnoma bermaydi.

Muhim yangiliklardan yana biri, har bir obyekt uchun QR-kodli pasport joriy etilgan bo‘lib, ushbu kod orqali obyekt haqidagi barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish mumkin. Bu respublikadagi barcha fuqarolar va jamoat nazorati vakillariga qurilish obyektlar holatini qulay tarzda kuzatish imkonini beradi.

7 band qoldi

Obyektning foydalanishga qabul qilish jarayoni ham ancha soddalashtirilgan. Eski tizimdagi 27 ta cheklist bandi o‘rniga, yangi tizimda faqat 7 ta band qoldirilib, jarayonni tezlashtirish va ortiqcha kechikishlarning oldini olishga yordam beradigan tizim ishga tushgan.

Qurilish ishtirokchilari uchun interaktiv va qulay kabinetlar ishlab chiqilgan. Har bir kabinet foydalanuvchiga moslashtirilgan bo‘lib, bu orqali ichki nazorat, texnik nazorat, mualliflik nazorati va inspektorlar uchun alohida imkoniyatlar taqdim etilmoqda.

Qog‘oz hujjatlarga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi

Qurilish jarayonlari tizim orqali raqamlashtirilib, qo‘shimcha ravishda obyektlar real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Ya’ni, inspektor obyektni joyiga chiqib monitoring qilish bilan birgalikda elektron hujjat va fotosuratlar orqali obyektning holati bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Barcha xulosa, yozma ko‘rsatma va tasdiqlar elektron hujjat aylanishi orqali amalga oshiriladi. Bu esa qog‘oz hujjatlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirib, jarayonlarni tezlashtirishga yordam beradi.

Muhimi, qurilish jarayonlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, jarayonlarning shaffofligi oshirildi va korrupsiya xavfi kamaytirilgan.

Теги :
Jamiyat