$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

1-martdan qonunchilikda nimalar o'zgaradi?

Qonunchilik

Bojxona boji undirilmaydigan tovarlar

Prezidentning tegishli farmoni bilan 2024-yil 1-martdan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar uchun bojxona bojlari undirilmaydi. (https://www.lex.uz/uz/docs/6759637)Bu imtiyoz 2026-yil 1-martgacha amalda bo‘ladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari to‘lanishidan ozod etiladi:

mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;

cho‘milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to‘lov-ma’lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;

turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do‘konlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak bo‘ladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar.

Yuk mashinalariga ta'qiq

Toshkent shahrida vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bu haqda "O‘zbekiston–2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, 2024-yil 1-martdan boshlab Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi. Hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga ham qo‘yiladi. Shuningdek, o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.

Qurilishda yangi talab

Yangi quriladigan uylarga ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari bo‘yicha talab kuchaytirilmoqda. Bu haqda prezidentning «Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan. Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-martdan yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi. Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari bo‘yicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida o‘z va tutash hududlarida "yashil belbog‘lar barpo etish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy bo‘lgan talab etib belgilanadi.

Fermerlar uchun ijara huquqi

2024-yil 1-martdan boshlab, fermerlar qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda prezidentning "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Bunda:

— shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda o‘tkaziladi;

— ijaraga oluvchi yerga ijara huquqini o‘tkazishdan oldin undan kamida 3 yil, 2021 yilgacha hokim qarori bilan olgan bo‘lsa, kamida 5 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi kerak;

— ijaraga oluvchi auksion yoki ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qo‘shimcha to‘lov majburiyatlarini to‘liq bajargan bo‘lishi shart;

— yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalarini ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.

Shuningdek, 2024-yil 1-martdan:

— B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va «bulutli» platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

— nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «Uzbekistan.travel» yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;

— oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchilarga moliyaviy resurslar ajratiladi;

— nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur, xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha bo‘lgan qismini, shuningdek, ingliz tilini bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etiladi;

— markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning qurilishida (rekonstruksiya va kapital ta’mirlash) mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan lift, eskalator, sanoat havo sovitish tizimlari, sanoat isitish qozonlari, transformator qurilmalari, quyosh suv isitkichlari va panellari hamda isitish radiatorlarining o‘rnatilishi talab etiladi.