$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Uyidan ayrilgan millionlar: Butunjahon qochqinlar kuni

qochqin

Bir kechada uyini, mahallasini, maktabini, ish joyini va hatto yaqinlarini ortda qoldirishga majbur bo‘lish qanday his?

Bugun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar aynan shunday taqdirni boshdan kechirmoqda. Ular urush, qurolli mojarolar, ta’qiblar, inson huquqlarining buzilishi va zo‘ravonliklardan qochib, xavfsiz boshpana izlashga majbur bo‘lgan qochqinlardir. Har yili 20-iyun sanasi Butunjahon qochqinlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana nafaqat statistika ortidagi insonlarni eslash, balki ularning hayoti, kurashi va umidlariga e’tibor qaratish uchun xizmat qiladi.

Afrikadan boshlangan tashabbus

Butunjahon qochqinlar kunining ildizlari Afrikaga borib taqaladi. 1960–1990-yillarda qit’ada mustamlakachilikdan ozod bo‘lish jarayonlari, fuqarolar urushlari va qurolli mojarolar millionlab insonlarni uy-joyini tark etishga majbur qildi. Shu sababli Afrika Birligi Tashkiloti 20-iyunni Afrika qochqinlar kuni deb e’lon qilgan.

2000-yilda BMT Bosh Assambleyasi 55/76-sonli rezolyutsiyani qabul qildi va ushbu sanani global miqyosga olib chiqdi. Natijada 2001-yildan boshlab 20-iyun Butunjahon qochqinlar kuni sifatida butun dunyoda nishonlana boshlandi. Bugungi kunda bu sana qochqinlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan bag‘rikenglikni kuchaytirish va urush hamda mojarolarning inson hayotiga ta’siri haqida xabardorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Har 67 kishidan biri o‘z uyini tark etgan

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 120 milliondan ortiq inson majburiy ko‘chirilganlar toifasiga kiradi. Shundan 40 milliondan ortig‘i qochqin maqomiga ega. Eng achinarlisi, qochqinlarning yarmidan ko‘prog‘i bolalardir. Ular o‘z bolaligini maktabda emas, qochqinlar lagerlarida o‘tkazmoqda.2026-yilgi Butunjahon qochqinlar kuni Hamma xavfsiz bolguncha shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu shior urush va zo‘ravonliklardan qochayotgan insonlar soni hali ham kamaymayotganidan dalolat.

Eng katta qochqinlik inqirozlari

Bugungi qochqinlar xaritasida bir nechta yirik inqirozlar alohida ajralib turadi. Suriya, Afg‘oniston va Janubiy Sudandagi urushlar oqibatida 20 milliondan ortiq inson o‘z vatanini tark etgan. Rossiya-Ukraina urushi millionlab ukrainaliklarni Yevropaning turli davlatlariga boshpana izlashga majbur qildi. Myanmada roxinja musulmonlariga qarshi ta’qiblar sabab bir milliondan ortiq inson Bangladesh va boshqa mamlakatlarga ko‘chib o‘tdi. Venesueladagi iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz esa Lotin Amerikasi tarixidagi eng yirik migratsiya oqimlaridan birini yuzaga keltirdi.

Qizig‘i shundaki, dunyodagi qochqinlarning qariyb 70 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda boshpana topgan. Eng ko‘p qochqin qabul qilayotgan davlatlar orasida Turkiya, Eron, Kolumbiya va Pokiston bor.

O‘zbekistonning o‘rni

O‘zbekiston qochqinlar soni bo‘yicha yirik davlatlardan biri bo‘lmasa-da, mintaqadagi muhim gumanitar markazlardan hisoblanadi. BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda minglab boshpana izlovchilar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qiladi. Termiz yuk markazida joylashgan Mintaqaviy gumanitar logistika markazi esa Afg‘oniston va qo‘shni hududlarga insonparvarlik yuklarini yetkazishda muhim rol o‘ynamoqda.

Qochqinlar ham jamiyat a’zolari

Qochqinlar ko‘pincha yordamga muhtoj insonlar sifatida tasvirlanadi. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, ularga imkoniyat berilganda ular ilm-fan, sport, siyosat va madaniyatda ulkan yutuqlarga erisha oladi. Masalan, buyuk fizik Albert Eynshteyn natsistlar ta’qibidan qochib AQShga ko‘chgan. AQSh diplomatiyasining eng taniqli arboblaridan biri Genri Kissinjer ham Germaniyadan qochgan yahudiy oilasidan chiqqan. Afsonaviy Queen guruhi solisti Freddi Merkuri Zanzibar inqilobidan keyin Buyuk Britaniyada boshpana topgan. Kanada futbolining yulduzi Alfonso Devis esa Liberiyadagi urushdan qochgan oilada Gananing qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Suriyalik suzuvchi Yusra Mardini esa urushdan qochib Yevropaga yetib kelgach, Olimpiada tarixidagi qochqinlar jamoasi a’zosiga aylandi. Bu hikoyalar qochqinlar faqat statistika emasligini, ular orasida jamiyatning faol ishtirokchilari borligini ko‘rsatadi.

Qochqinlar haqida hikoya qilgan filmlar

Kino san’ati ham qochqinlar taqdirini dunyoga yetkazishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Shamol ortidan yugurib” (The Kite Runner) - Afg’oniston urushi fonida kechadigan ushbu film do‘stlik, aybdorlik va vatandan ayrilish mavzularini yoritadi. Asar yozuvchi Xolid Husayni romani asosida suratga olingan.

“Human Flow” – Xitoylik rassom Ai Veyvey tomonidan yaratilgan hujjatli film 23 mamlakatdagi qochqinlar hayotini tasvirlaydi. Filmni suratga olish uchun ijodkorlar bir necha yil davomida qochqinlar lagerlarini kezib chiqqan.

“The Swimmers” – Suriyalik opa-singillar Yusra va Sara Mardinining haqiqiy hayoti asosida ishlangan. Yevropaga qochish vaqtida ular cho‘kayotgan qayiqdagi odamlarni qutqarish uchun bir necha soat dengizda suzishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik Yusra Olimpiada ishtirokchisiga aylandi.

Bir chamadon ichiga sig‘gan hayot

Qochqinlik ko‘pincha faqat geografik ko‘chish emas. Bu bolalik xotiralari, yaqinlar, til, madaniyat va uy hissidan ayrilishdir. Bugun millionlab insonlar o‘z hayotini bir nechta hujjat va bitta chamadonga joylashtirib, oxiri noma’lum yo‘l sari olmoqda.

Butunjahon qochqinlar kuni esa bizga bir haqiqatni eslatadi: qochqinlar muammosi faqat statistika emas. Har bir raqam ortida o‘z uyiga qaytishni orzu qilayotgan inson taqdiri turibdi.

Теги :
Jamiyat