$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Birinchi yo‘llanma, ilk xayrlashuv: JCH–2026 da pley-off va chiqib ketgan ilk jamoa ma’lum bo‘ldi

jch

Jahon chempionatining “C” va “D” guruhlarida ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. Bu turdan so‘ng AQSh muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Gaiti mundial bilan xayrlashgan ilk jamoaga aylandi. Qizig‘i, favoritlar yirik hisoblar ortidan quvmadi, ammo kerakli natijalarni qo‘lga kiritib, keyingi bosqich sari muhim qadam tashladi.

Xo‘sh, ikkinchi turdan keyin qaysi jamoalar pley-offga eng yaqin turibdi?

AQSh Avstraliyani yengib, muddatidan oldin pley-offga chiqdi

D guruhidagi markaziy bahsda AQSh Avstraliyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi va muddatidan oldin 1/16 final masalasini hal qildi. O‘yin oldidan intriga yetarlicha edi. Amerikaliklar ilk turda Paragvayni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Avstraliya kutilmaganda Turkiyani 2:0 hisobida yenggandi.

Biroq bu safar avstraliyaliklar mezbonlarga ishni osonlashtirib berdi. 5-daqiqada asosiy tarkibda maydonga tushgan Folarin Balogun chap qanotdan yorib kirib, to‘pni jarima maydonchasi ichiga uzatdi. Himoyachi Kemeron Burgess esa noqulay vaziyatda to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi va hisob ochildi.

AQSh ketma-ket ikkinchi o‘yinda raqib xatosidan foydalandi. Shundan keyin Maurisio Pochettino shogirdlari qanotlar orqali hujumlarni kuchaytirib, o‘yin tempini nazorat qildi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda standart vaziyatdan keyin qaytgan to‘pni Aleks Frimen darvozaga joyladi. VAR tekshiruvdan so‘ng golni tasdiqladi va hisob 2:0 bo‘ldi.

Bir soatdan keyin Avstraliya nihoyat jonlandi. Toni Popovich shogirdlari bir necha marta penalti ishlashga urindi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Uchrashuvning eng noodatiy voqeasi esa maydonda yuz berdi. Germaniyalik hakam Feliks Svayerning oyog‘i tortishib qolib, unga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Natijada AQSh ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritib, pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin hal qildi. Endi amerikaliklarga guruhda birinchi o‘rinni saqlab qolish uchun Turkiyaga qarshi o‘yinda durang ham yetarli bo‘ladi. Avstraliya esa pley-off uchun Paragvayga qarshi hal qiluvchi bahs olib boradi.

Tantashev boshqargan o‘yinda mundialning eng tezkor goli urildi

“C” guruhida Marokash va Shotlandiya o‘rtasidagi uchrashuv mundialning eng tezkor gollaridan biri bilan tarixga kirdi. O‘yinni boshqargan o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev start hushtagidan atigi 69 soniya o‘tgach gol qayd etilganiga guvoh bo‘ldi.

Braim Diasning ajoyib uzatmasidan keyin Ismael Saybari Shotlandiya himoyasini yorib o‘tib, kuchli zarba bilan darvozabon Angus Gannni ojiz qoldirdi. Hisob 1:0 bo‘ldi va bu gol hozircha turnirning eng tezkor goli sifatida qayd etildi.

Shundan keyin o‘yin Marokash nazorati ostida kechdi. Reytingda yuqoriroq turgan afrikaliklar to‘pni ko‘proq nazorat qildi, Shotlandiya esa yugurdi, kurashdi va imkon qadar qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda Saybarining yana bir zarbasi ustunga tegdi. El-Xannus esa bir necha bor Angus Gannni qiyin seyvlar qilishga majbur qildi.

O‘yinning ikkinchi yarmida shotlandiyalik futbolchilar hakamlardan penalti kutib, raqib jarima maydonchasida bir necha bor yiqildi. Biroq Ilgiz Tantashev va uning yordamchilari Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin bu vaziyatlarda qoidabuzarlik ko‘rmadi va o‘yinni davom ettirdi.

Minimal hisobdagi g‘alaba Marokashni pley-offga yanada yaqinlashtirdi. Endi ular Gaitiga qarshi uchinchi tur bahsida keyingi bosqich masalasini uzil-kesil hal qilishi mumkin. Shotlandiyani esa Braziliyaga qarshi ancha murakkab sinov kutmoqda.

Braziliya Gaitini yengdi, mundialning ilk qurboni ma’lum bo‘ldi

“C” guruhidagi ikkinchi uchrashuvda Braziliya Gaitini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Karlo Anchelotti shogirdlari ortiqcha kuch sarflamasdan kerakli natijani qo‘lga kiritdi.

Gaitiliklar o‘yin boshida jon-jahdi bilan himoyalandi. Biroq 23-daqiqada Vinisiusning yorib kirishidan keyin qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Mateus Kunya yetib keldi va hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay aynan Kunya yana gol urib, dubl qayd etdi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida esa Vinisius o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va hisob 3:0 ko‘rinishiga keldi.

Ikkinchi bo‘limda braziliyaliklar hujumlarni kamaytirib, kuchni tejashga o‘tdi. Bu Gaitiga ham hujum qilish va bir nechta vaziyat yaratish imkonini berdi. Ammo orol davlati vakillari bundan foydalana olmadi.

Aslida Gaiti uchun eng muhim bahs birinchi turdagi Shotlandiyaga qarshi uchrashuv edi. O‘sha o‘yindagi minimal mag‘lubiyatdan keyin Sebastyan Mine shogirdlari Braziliya va Marokashga qarshi bahslarda ko‘proq muxlislarning hurmatini qozonish uchun maydonga tushayotgandek edi.

Natijada Gaiti ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatni qabul qilib, JCH-2026 bilan xayrlashgan ilk jamoaga aylandi. Braziliya esa keyingi bosqich sari yana bir muhim qadam tashladi. Ular uchun yagona noxush holat birinchi bo‘limning o‘zidayoq jarohat olib maydonni tark etgan Rafinya bo‘ldi.


Теги :
Jamiyat