$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon Chempionati O‘zbekistonga qancha daromad olib keladi?

jch 2026

Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati allaqachon birgina sport musobaqasi bo‘libgina qolmay, global iqtisodiyot, geosiyosat va mamlakatlar xalqaro imijini shakllantiruvchi ulkan "PR-vosita"ga aylangan. 2026-yilda AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan, tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadigan turnir nafaqat sportchilar, balki ishtirokchi davlatlar iqtisodiyoti uchun ham misli ko‘rilmagan imkoniyatlar maydonidir. O‘zbekiston milliy terma jamoasining ushbu nufuzli turnirga yetib borishi sportimiz tarixidagi eng yirik yutuq bo‘lgani shubhasiz. O‘zbekistonning jahon sahnasidagi ushbu ishtiroki davlat byudjeti, turizm va iqtisodiyotimizga qanday foyda olib keladi ? Quyida xalqaro tajribalar, FIFAning ishtirokchilarga ajratgan pullari va kutilayotgan iqtisodiy istiqbollarini ko‘rib chiqamiz.

FIFA ishtirokchilarga qancha to‘laydi?

Ko‘pchilikda "Jahon chempionatida qatnashish uchun davlat byudjetidan millionlab dollar sarflanadi" degan yanglish tasavvur mavjud. Aslida vaziyat butunlay teskari. Ishtirok uchun hech qaysi davlat badal to‘lamaydi. Aksincha, FIFA xalqaro televizion huquqlar, chiptalar savdosi va transmilliy homiylardan tushgan milliardlab daromadning katta qismini ishtirokchilarga taqsimlaydi. 2026-yilgi chempionat uchun umumiy mukofot jamg‘armasi rekord darajaga — 727 million dollarga yetgan. O‘zbekiston mundialga yo‘llanma olgan zahoti, FIFA tomonidan kafolatlangan quyidagi mablag‘larga avtomatik tarzda ega bo‘ladi:

1,5 million dollar miqdorida ishtirokchilarga turnir boshlanishidan oldin jamoaning logistika, mehmonxona va yig‘inlari uchun avans sifatida beriladi.

9 million dollar miqdorida esa shu yilgi FIFAning guruh bosqichdagi jamoalarning ishtiroki uchun ajratgan so‘mmasi. Bu ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining turnirdagi minimal oladigan mukofot puli. Demak, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) hisobiga kamida $10.5 million kafolatlangan sarmoya kelib tushadi. Agar jamoamiz guruhdan chiqib, pley-off bosqichlariga yo‘l olsa, daromad yanada o‘sib boradi:

  • 1/16 final: $11 million
  • Nimchorak final (1/8): $15 million
  • Chorak final: $19 million
  • Yarim final va final: 27 milliondan 50 million dollargacha.

Buning ustiga, "Club Benefits Programme" (Klublarni rag‘batlantirish dasturi) mahalliy futbol klublarining daromadiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. FIFA O‘zbekiston Superligasida o‘ynayotgan va mundialga yo‘l olgan har bir futbolchi uchun uning jamoasiga kunlik kompensatsiya to‘laydi (har bir o‘yinchi uchun kuniga taxminan $10,000 - $11,000 atrofida). Agar bitta mahalliy klubdan 3 nafar futbolchi turnirda kamida 20 kun qatnashsa, klub qariyb 1 million dollar ishlaydi. Bu O‘zbekiston ichki chempionati infratuzilmasini (akademiyalar, maydonlar) rivojlantirish uchun davlat byudjetidan tashqari ulkan sarmoya demakdir.

Masalan: birgina “Navbahor” klubining uch nafar futbolchisi Milliy terma jamoamiz tarkibida to‘p tepadi. Buni rag‘batlantirish dasturi doirasida beriladigan pulni taxmin qiladigan bo‘lsak. Bu dastur klubdagi futbolchi yig‘inlarga (mashg‘ulotlarga) qo‘shilgan kundan boshlab kunbay tarzida to‘laydi. Ya’ni bir kunga bir futbolchi uchun 10 000 dollar. Bu degani terma jamoamiz guruh bosqichida 3 ta o‘yin o‘tkazadi va bu kamida bir oy davom etadi. Birgina “Navbahor” klubining uch nafar a’zosiga ushbu mundial doirasida 900 000 dollar to‘lab beriladi. Agarda omadimiz kelib, guruh bosqichidan chiqa olsak yana kunlar cho‘zilib bu so‘mma 1 mln dollardan ham oshib ketadi.

“Yumshoq kuch”

Mundialning to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy foydasidan ko‘ra, uning "Yumshoq kuch" sifatidagi ta’siri yuz chandon kuchliroq. Yumshoq kuch — bu boshqa davlatlarni o‘z madaniyati, qadriyatlari va turmush tarzi orqali o‘ziga jalb qilish, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni iliqlashtirish usulidir. Jahon chempionati buning uchun sayyoradagi eng mukammal tizim hisoblanadi. Buni yaqin o‘tmishdagi ikki davlat misolida tushunish mumkin:

2018-yilgi turnirda Nigeriya terma jamoasi hech qanday yirik sport yutug‘iga erishmadi. Ammo jamoaning "Nike" tomonidan ishlangan yorqin yashil va oq naqshli formasi butun dunyoni aqldan ozdirdi. Forma dizayni Nigeriya madaniyati (Naija ruhi) bilan to‘ydirilgan edi. Natijada ushbu libos futbol maydonidan chiqib, global ko‘cha modasiga (streetwear) aylandi. Forma sotuvga chiqishidan oldinroq dunyo bo‘ylab 3 million dona oldindan buyurtma qabul qilindi. Bu nafaqat "Nike" va Nigeriya futbol assotsiatsiyasiga yuz millionlab dollar foyda keltirdi, balki butun dunyo yoshlari orasida Nigeriya madaniyatiga nisbatan ulkan qiziqish va ijobiy brendni shakllantirdi.

Yaponiya terma jamoasi va uning muxlislari yildan-yilga mundialning eng yorqin "yumshoq kuch" sohiblariga aylanmoqda. O‘yin qanday hisobda yakunlanmasin (xoh g‘alaba, xoh alamli mag‘lubiyat bo‘lsin), "Samuraylar" o‘yindan so‘ng kiyinish xonasini yaltiratib tozalab, stol ustida yapon tilida "Rahmat" degan yozuv qoldirib ketishadi. Yapon muxlislari esa o‘yindan keyin stadiondagi o‘zga millat vakillarining ham chiqindilarini yig‘ishtirishadi. Bu kadrlar jahon OAVlarida milliardlab marta ko‘riladi. Bu orqali Yaponiya dunyo hamjamiyatiga o‘zining yuksak tartib-intizomi, madaniyati va ishonchliligini bepul namoyish etadi. Investor va oddiy xaridor ongidagi "Yaponiyaga ishonish mumkin, ular o‘ta mas’uliyatli" degan tasavvur aynan mana shunday detallar orqali mustahkamlanadi.

O‘zbekiston ham o‘ziga xos boy madaniyat egasi. Mundialda o‘zbek muxlislarining chopon va do‘ppilardagi yorqin ishtiroki, karnay-surnay sadolari ostidagi bayramona kayfiyati, jamoamizning maydondagi va maydondan tashqaridagi xulq-atvori bizning "Yumshoq kuch"imizga aylanadi. Amerikadagi stadionlarda millionlab marta ko‘rsatiladigan bu madaniyatimiz xorijliklar qalbida O‘zbekistonga nisbatan iliqlik va qiziqish uyg‘otadi.

Turizm uchun mundialni “qurol” qilib olish mumkin

Jahon qamrovi haqida gapirganda raqamlarga yuzlanamiz: FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilgi Qatardagi mundialni dunyo bo‘ylab jami qariyb 5 milliard inson tomosha qildi. 2026-yildagi Shimoliy Amerika turnirida bu raqam yanada ortishi aniq.

Tasavvur qiling, qariyb butun sayyora aholisi e’tibori qaratilgan maydonda sizning davlatingiz nomi o‘nlab marta jaranglaydi. Bu hech qanday pul evaziga sotib olib bo‘lmaydigan reklama kampaniyasidir. Turnirda kutilmagan, yorqin ishtirok etgan "anderdog" (avvaldan favorit hisoblanmagan) davlatlar iqtisodiyotida darhol keskin sakrash kuzatiladi. Eng yaqin va aniq misol — Marokash. 2022-yilgi mundialda yarim finalgacha yetib bordi. Marokash Turizm vazirligining yakuniy hisobotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatga turistlar tashrifi tarixiy rekord o‘rnatib, 14.5 million kishiga yetdi (bu 2022-yilga nisbatan 34 foizlik katta o‘sishdir). Mamlakat turizmdan 10 milliard dollardan ortiq sof daromad qildi. Ispaniya, Portugaliya kabi grantlarni mag‘lub etgan jamoani ko‘rgan yevropaliklar va amerikaliklar internetda Marokashning tarixi, geografiyasi va madaniyatini qidirishga tushishdi, natijada mamlakatning internetdagi obro‘yi ham sezilarli oshdi.

Tarixda bunday misollar ko‘p. 1998-yili Yamayka, 2014-yili Kosta-Rika aynan yorqin o‘yinlari orqali g‘arb investorlari va sayyohlar e’tiboriga tushgan. Kosta-Rika pley-offga chiqqan yili mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi 20 foizga o‘sgani qayd etilgan.

Agar O‘zbekiston guruhdan chiqa olsa yoki hatto guruh bosqichida nomdor raqiblarga qarshi shijoatli o‘yin ko‘rsatsa ham, jahon xaritasida O‘zbekiston degan davlatni izlovchilar soni ko‘payadi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizga kelishni orzu qiladigan G‘arb va Osiyo turistlari oqimi karrasiga ortishi mumkin. Bu orqali O‘zbekiston aviaqatnovlar, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va hunarmandchilik kabi yuzlab yondosh sohalarni uzoq yillar davomida ish bilan ta’minlaydigan uzluksiz pul oqimini yaratishi mumkin.

Kelajak istiqbollari: Faqat turizm emas...

Jahon chempionatidagi ishtirokning iqtisodiy ta’siri faqat turizm bilan cheklanmaydi. Globallashuv sharoitida davlat brendi uning iqtisodiy qudratini belgilaydi:

1. "Made in Uzbekistan" brendining tanilishi: Xalqaro maydonda taniluvchanlik eksportchilarimiz ishini osonlashtiradi. G‘arb xaridorlari uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yoki IT-xizmatlar uchinchi dunyo mahsuloti emas, balki "Jahon chempionatida porlagan davlat" mahsuloti sifatida qabul qilinadi. Bu ishonch mezonini keskin oshiradi.

2. Sarmoyaviy iqlimning iliqlashishi: Yirik transmilliy korporatsiyalar xavfsiz, barqaror va xalqaro aloqalari keng davlatlarga pul tikadi. Mundial o‘yinlari doirasida biznes va siyosat elitasi ishtirok etadi. U yerda o‘rnatiladigan norasmiy diplomatik va iqtisodiy aloqalar ertaga O‘zbekistonga zavodlar yoki yirik texnologik loyihalar ko‘rinishida kirib keladi. "O‘zbekistonga mundial nima beradi?" degan savol faqatgina hisob raqamiga tushadigan 10 million dollar atrofidagi pul bilan cheklanmaydi. Jahon Chempionati O‘zbekiston uchun milliy g‘ururni namoyish etish, "Yumshoq kuch" orqali global imijini o‘zgartirish va jahon hamjamiyatini turistik hamda iqtisodiy hamkorlikka chorlash uchun millionlab dollarlik reklama maydonidir.

Tarix shuni ko‘rsatadiki, mundial in’om etgan e’tibor to‘lqinidan to‘g‘ri foydalana olgan davlatlar yillar davomida uning iqtisodiy mevasini terishadi. Mamlakatimiz Turizm qo‘mitasi, Investitsiyalar vazirligi va xususiy biznes vakillari bu imkoniyatlardan maksimal foydalanish strategiyasini bugundanoq ishlab chiqishlari zarur. Mundial biz uchun shunchaki chempionat emas, balki kuchli iqtisodiy sakrash uchun tramplindir.

Теги :
Jamiyat