$
 12199.10
30.12
 14585.24
-2.93
 160.49
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Xavotirli ro‘yxat: Endi O‘zbekiston qizamiqdan xoli davlat emas

qizamiq

2024-yilda qizamiq bilan kasallanish holatlari keskin ko‘payishi oqibatida bir qator davlatlar qizamiqdan xoli mamlakat maqomini yo‘qotdi. Ular orasida Armaniston, Avstriya, Ozarbayjon, Ispaniya, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston ham bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, agar qizamiq virusi bir mamlakatda bir yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz tarqalsa, o‘sha davlat qizamiqdan xoli maqomidan mahrum bo‘ladi. 2024-yilda aynan shunday vaziyat ushbu mamlakatlarda qayd etilgan.

JSST Yevropa mintaqasi vakili Bhanu Bhatnagarning ta’kidlashicha, kuchli epidemiologik nazorat, kasallik tarqalishiga tezkor javob berish va emlanmagan aholi qatlamlarini qamrab olish orqali qizamiqni yana nazoratga olish mumkin. Uning aytishicha, agar bu borada yetarli choralar ko‘rilsa, barcha davlatlar qizamiqni yenga oladi.

Mutaxassislar qizamiq odatda emlash darajasi pasayganida birinchi bo‘lib qaytadigan kasallik ekanini eslatmoqda. Shu sababli JSST mamlakatlarni emlashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishga, siyosiy iroda va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni oshirishga chaqirmoqda. Bu nafaqat qizamiq, balki boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun ham muhim hisoblanadi.

Yangi mamlakatlarda qizamiq yana ko‘paymoqda

2024-yilda Angliyada qizamiq bilan kasallanishning 2 911 ta holati laboratoriya orqali tasdiqlandi. Bu oxirgi 12 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. 2025-yilga oid so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra esa 957 ta holat qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘g‘ri keladi.

Bhanu Bhatnagarning aytishicha, aholining ayrim qatlamlarida immunitet yetishmasligi 2024-yilda qizamiq va boshqa emlash bilan oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklarning qayta tarqalishiga sabab bo‘lgan. Bu holat qizamiqni yo‘q qilgan yoki shu maqomni saqlab turgan davlatlar sonining kamayishiga olib kelgan.

Ispaniyada ham qizamiq holatlari yil sayin ortib bormoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda qariyb 400 ta holat aniqlangan. Bu 2024-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p, 2023-yildagi 11 ta holat bilan solishtirganda esa juda keskin o‘sish hisoblanadi.

Avstriyada ham vaziyat o‘xshash. 2024-yilda u yerda 542 ta qizamiq holati qayd etilgan. Bu esa bir yil avvalgi 186 ta holat bilan solishtirganda ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

Yevropada endemik holat

Yevropaning boshqa hududlarida ham vaziyat yaxshi emas. 2024-yilda Yevropa Ittifoqi bo‘ylab qizamiq bilan kasallanish 35 mingdan oshdi. Bu oldingi yilga qaraganda qariyb o‘n baravar ko‘p degani. Bunday ma’lumotlarni Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi e’lon qilgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rganlar bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlardir. Ulardan keyin 1 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar turibdi. Qizamiq hozircha 12 ta davlatda endemik holatda saqlanib qolmoqda. Bular Bosniya va Gersegovina, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Turkiya va Ukraina.

Eng og‘ir vaziyat Ruminiyada kuzatildi. 2024-yilda bu mamlakatda 30 mingdan ortiq qizamiq holati qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2023-yilda bu raqam atigi 3 mingdan oshiq edi.

JSST mutaxassislari qizamiq bilan kasallanganlarning aksariyati emlanmaganini ta’kidlamoqda. Shu sabab tashkilot qizamiqqa qarshi emlashning ikki dozasi bilan aholining kamida 95 foizini qamrab olish juda muhim ekanini yana bir bor eslatmoqda.

Qizamiq nima va u qanday davolanadi?

Qizamiq juda tez yuquvchi kasallik hisoblanadi. Mutaxassislarning aytishicha, immuniteti bo‘lmagan odam qizamiq bilan kasallangan kishi bilan aloqada bo‘lsa, 90 foiz holatda o‘zi ham kasallanadi.

Kasallik belgilari odatda yuqqanidan keyin 10–12 kun o‘tib paydo bo‘ladi. Avvaliga burun oqishi, yo‘tal va yengil isitma kabi oddiy shamollashga o‘xshash alomatlar kuzatiladi. Keyin esa ko‘z yorug‘likka sezgir bo‘lib qoladi, tana harorati ko‘tariladi va butun tanaga qizil toshma tarqaladi. Qizamiq virusini odamdan odamga yo‘talish yoki aksirish paytida havoga tarqaladigan tomchilar orqali yuqtirish mumkin.

Qizamiqni davolaydigan maxsus dori yo‘q. Odatda kasallik ikki hafta atrofida davom etadi va ko‘p hollarda asoratsiz o‘tadi. Eng samarali himoya usuli esa qizamiqqa qarshi vaksinaning ikki dozasini olish hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat