$
 11914.67
3.74
 13735.23
-49.29
 148.27
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Daromad yetmayapti, qarz esa ortib bormoqda

Kredit

Oʻzbekistonda qarzdor aholining aksar qismi kreditini oʻz vaqtida toʻlashga qiynalmoqda. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan navbatdagi “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da maʼlumot berilgan.

Kredit olayotganlar soni koʻpaymoqda

Tahlilda aholining bankdan kredit olish darajasi ortib borayotgani xavotiri qayd etilgan. 2025-yilning 1-iyul holatiga koʻra, 5 million nafardan koʻproq kishida bank kreditlari mavjud boʻlgan. Bu koʻrsatkich 2024-yil mos holatiga nisbatan 15 foizga yuqori. Shuningdek, har ming nafar mehnatga layoqatli odamdan 238 nafari kredit olmoqda. Bir yil ilgari mazkur raqam 29 nafarga kam boʻlgan.

Bankdan tashqari ham qarz oluvchilar koʻp

Hisob-kitoblarga qaraganda, bankdan krediti borlar orasida bankdan tashqari ham qarz olish holatlari koʻpaymoqda. Xususan, 2025-yil I yarmida bankdan kredit olgan aholining 47 foizida bankdan tashqari qarzlari ham mavjudligi aniqlangan. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 6 foizga koʻp.

Aholining qarz yukini aniqlash

Markaziy bank sharhida 2025-yil iyulda aholi qarz yukini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan soʻrov natijalari ham keltirilgan. Soʻrovda respublikaning barcha hududlaridan 4,5 mingdan ortiq respondent qatnashgan. Hisob-kitoblarda aholining bank va bankdan tashqari hamma qarzlari inobatga olingan.

Oylik daromad qancha?

Respondentlardan 80 foizi oʻrtacha oylik daromadi 12 million soʻmdan oshmasligini bildirgan. 24 foiz ishtirokchi qoʻshimcha daromadlari borligini taʼkidlagan. 75 foiz qatnashchining qoʻshimcha daromadi 6 million soʻmdan kamni tashkil etgan. Soʻrovda qatnashgan ishtirokchilarning 73 foizi bank yoki bankdan tashqari qarzi mavjudligini qayd etgan. Qatnashchilar tomonidan qarz mablagʻlarining 41 foizi uy-joylarni xarid qilish yoki taʼmirlash hamda avtomobil sotib olishga yoʻnaltirilmoqda.

Qarzni qaytarishda qiynalayotganilar ulushi yuqoriligicha qolmoqda

Soʻrovda aholi toʻlov qobiliyatini aniqlashga doir savollarga ham javob olingan. Jumladan, respondentlarning 61 foizi qarz majburiyatlarini oʻz vaqtida qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirgan.

“Respondentlarning asosiy qismida kelajakda toʻlov qobiliyatida oʻzgarishlar boʻyicha kutilmalari ijobiy shakllanmoqda”, deyiladi tahlilda.

Ishtirokchilardan 51 foizi keyingi 6 oyda toʻlov qobiliyati yaxshilanishini bildirgan. Yana 17 foiz qatnashchi keyingi 6 oy ichida qarz olishga ehtiyoj sezmoqda. Respondentlar olmoqchi boʻlgan kreditlarining 40 foizini uy-joy sotib olish yoki taʼmirlash hamda avtomobil xarid qilishga sarflamoqchi ekanini aytgan.

Birinchi yarim yillikda respondentlarning bank va bankdan tashqari jami qarz majburiyatlari boʻyicha oʻrtacha qarz yuki darajasi 50 foizni tashkil etgan. Bu qarzdorlar oylik daromadining yarmini kredit toʻlovlariga sarflayotganini anglatadi. Soʻrov natijasiga koʻra, ishtirokchilardan 11 foizida qarz yuki darajasi 100 foizdan yuqori shakllangani maʼlum boʻlgan. Yaʼni oylik daromad qarzlarni toʻlashga yetmasligi qayd etilgan.

Теги :
Iqtisodiyot