$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

2050-yilga borib Facebook va Instagram qanday qilib ulkan “raqamli qabriston”ga aylanadi?

qabriston

Siz har kuni ertalab, uyg‘onishingiz bilanoq smartfoningiz ekranini yoqib, ijtimoiy tarmoq lentasini odatiy tarzda ko‘zdan kechirasiz. Do‘stlaringizning yangi suratlari, qiziqarli videolar, tug'ilgan kunlar haqidagi bildirishnomalarga reasiyalar qoldirasiz. Hammasi odatdagidek ko‘rinadi. Ehtimol, bugun siz ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon vafot etgan insonning suratiga “layk” bosgandirsiz. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bugun siz tirik deb bilgan insonlar balki alalqachon vafot etgadir. Bugun biz internet rivojlangan asrda yashamoqdamiz, hattoki, biz vafot etsak ham bizning raqamli shaxsiyatimiz yashashda davom etadi.

Biz har kuni foydalanadigan platformalar sekin-asta, ammo to‘xtatib bo‘lmas darajada ulkan, ko‘rinmas raqamli qabristonga aylanib bormoqda. Bu shunchaki fantastik filmlardagi syujet yoki mavhum taxmin emas, balki dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlari tomonidan tasdiqlangan demografik va statistik haqiqatdir. Bugun virtual olamning eng jiddiy, ammo kam gapiriladigan muammolaridan biri – yaqin o‘n yilliklarda ijtimoiy tarmoqlardagi vafot etgan insonlar profili tirik foydalanuvchilar sonidan o‘tib ketishi xavfi va buning ortidan keladiga xavfsizlik muammolarini tahlil qilamiz.

Oksford prognozi: Tarmoqlarni o‘liklar egallaydimi?

Ushbu mavzuda dunyo hamjamiyatini sergak torttirgan eng katta akademik izlanish Oksford Universiteti qoshidagi Oksford Internet Instituti olimlari Karl Öhman va David Watson tomonidan olib borilgan. “Facebook’ni o‘liklar egallayaptimi?” deb nomlangan tadqiqotda Birlashgan Millatlar Tashkilotining global o‘lim ko‘rsatkichlari demografiyasi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ma’lumotlari o‘zaro tahlil qilingan. Olimlar kelajakda ushbu ikki asosiy ssenariyni ishlab chiqqan.

Minimal “konservativ” ssenariysi: Olimlar unda Agar Facebook 2018-yildan boshlab umuman yangi foydalanuvchi jalb qilmagan va o‘sishdan butkul to‘xtagan deb hisoblansa ham, 2100-yilga borib platformada kamida 1,4 milliard a’zo vafot etgan bo‘ladi. Eng qizigi, ushbu ssenariy bo‘yicha 2070-yilga borib o‘lik akkauntlar soni tirik foydalanuvchilardan o‘tib ketadi.

Maksimal “realistik” ssenariyga ko‘ra: Agar platforma o‘zining yillik o‘rtacha o‘sish sur’atlarini saqlab qolsa, asr oxiriga borib o‘lgan foydalanuvchilar soni 4,9 milliarddan oshadi. Bu esa 2050-yillardan boshlab yirik ijtimoiy tarmoqlar jumladan, Meta tarkibidagi Facebook va Instagram asosan marhumlarning ma’lumotlar omboriga aylanishini anglatadi.

Raqamlar nimani ko‘rsatmoqda?

Raqamlar ko‘lamini yaxshiroq his qilish uchun bugungi kundagi real holatga nazar tashlaylik. Tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har kuni o‘rtacha 8 000 dan ziyod Facebook foydalanuvchisi vafot etadi. Bu soatiga qariyb 330 kishi, har ikki daqiqada esa 11 nafar foydalanuvchining hayotdan ko‘z yumishidir. Biroq, ularning serverlarda saqlanadigan ma’lumotlari – yuklagan suratlari, yozgan izohlari va “layk”lari o‘chib ketmaydi. Hozirgi kunda Meta kompaniyasining rasmiy ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, har oy global miqyosda 30 milliondan ortiq inson vafot etgan yaqinlarining “Xotira sahifasi”ga tashrif buyuradi. Bu raqam yil sayin o‘sib bormoqda.

Geografik burilish: Virtual dunyoning osiyolashishi

Oksford tadqiqotining kutilmagan jihatlaridan biri shundaki, kelajakdagi “raqamli qabriston”ning asosiy qismi bugun ijtimoiy tarmoqlar trendini belgilab berayotgan AQSh yoki Yevropa davlatlariga tegishli bo‘lmaydi. Demografik o‘zgarishlar va foydalanuvchilar oqimi shuni ko‘rsatmoqdaki, 2100-yilgacha jami o‘lgan profillarning 44 foizi Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ro‘yxatda Hindiston va Indoneziya kabi aholisi juda ko‘p va internet tez ommalashayotgan davlatlar yetakchilik qiladi. Demak, kelajakda virtual qabristonlar ham o‘ziga xos tarzda “osiyolashib” boradi.

Texnologik gigantlar nima qilmoqda?

Millionlab o‘lik profillar oqimi shunchaki ma’naviy muammo emas, balki serverlar uchun ulkan yuk va platformalar uchun bosh og‘rig‘idir. Meta kompaniyasi bu muammoga qarshi bir qancha choralarni joriy qilgan:

Agar biror kishi vafot etsa va bu haqda tegishli hujjatlar masalan, o‘lim haqida guvohnoma platformaga taqdim etilsa, profil egasining ismi yonida “Xotirlash” belgisi paydo bo‘ladi.

Sun’iy intellekt tizimlari endilikda vafot etgan insonlarning profillarini tirik do‘stlariga “Tug‘ilgan kun tasmasi” yoki “Do‘stlar taklifi” kabi kutilmagan va yaqinlarining ko‘ngliga og‘riq beruvchi joylarda ko‘rsatmaslikka harakat qiladi.

Foydalanuvchilar hayotlik chog‘ida o‘zlaridan keyin sahifani ma’lum darajada boshqarish uchun ishonchli vakil tayinlashlari mumkin. Ammo bu vakil ham marhumning shaxsiy yozishmalarini o‘qish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Raqamli o‘limning uchta yashirin xavfi

Insoniyat tarixida hech qachon milliardlab odamlarning kundalik hayoti, his-tuyg‘ulari, suratlari va eng maxfiy o‘ylari bir joyda – bir nechta xususiy kompaniyaning serverlarida to‘planmagan edi. Bu vaziyat jamiyat oldiga bir qator jiddiy savollarni qo‘ymoqda. O‘lik akkauntlar xakerlar va kiber-jinoyatchilar uchun eng oson va qulay o‘ljadir. Profil egasi endi tarmoqqa kirmasligini bilgan xakerlar sahifani buzib kirib, undagi eski ma’lumotlar yordamida marhumning yaqinlaridan pul undirish yoki firibgarlik sxemalarida foydalanishmoqda.

Egasiz qolgan “zombi” akkauntlar botlar tarmog‘iga aylantirilib, siyosiy yoki iqtisodiy maqsadlarda manipulyatsiya qilinishi xavfi juda yuqori. Tarixiy meros kimning qo‘lida? ScienceDaily va Forbes nashrlari olimlarning jiddiy ogohlantirishini keltirmoqda: insoniyat sivilizatsiyasining bir necha avlodiga tegishli eng ulkan raqamli arxiv faqat bitta tijoriy va faqat pul ishlashni ko‘zlaydigan xususiy kompaniya qo‘lida qolib ketmoqda.

O‘zbekiston auditoriyasi va raqamli meros madaniyati

Biz ushbu tahlil doirasida O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning real holatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bizning jamiyatimizda ham ushbu masala tobora dolzarblashib bormoqda, ammo jamoatchilik bunga mutlaqo tayyor emas. O‘zbek mentaliteti va qadriyatlaridan kelib chiqib, odamlar vafot etgan yaqinlarining sahifalarini turlicha qabul qilishadi.

Odam vafot etgach, uning ortidan har xil yomon gaplar ko‘paymasligi, xakerlar uydirma narsalar tarqatmasligi uchun sahifa butunlay o‘chirib tashlanishi kerak, deb hisoblaydi.

BA’zilar esa marhumning yozgan yaxshi statuslari, chiroyli suratlari va ezgu amallari eslatma bo‘lib turishi uchun sahifani xotira sahifasiga aylantirish tarafdori.

Biroq eng katta va xavfli muammo – O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining mutlaq ko‘pchiligi, qariyb 90 foizi “Raqamli meros” yoki vasiylik funksiyalari borligini mutlaqo bilmaydi. Natijada yuzlab hamyurtlarimizning akkauntlari o‘limidan keyin egasiz va himoyasiz qolib ketmoqda.

Internet faqatgina tiriklar uchun muloqot maydoni bo‘lgan davrlar ortda qolmoqda. 2050-yilga borib biz butkul yangi ijtimoiy reallik bilan yuzlashamiz: virtual dunyodagi o‘liklar soni tiriklar ovozidan balandroq aks sado bera boshlaydi. Siz bugun yozayotgan oddiy bir izoh, yuklayotgan rasmingiz kelajakda qaysidir raqamli katakchada sizdan qoladigan yagona abadiy iz bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, bugundan boshlab o‘z akkauntlaringiz xavfsizligiga va eng muhimi, sizdan keyin u yerda qoladigan ma’naviy merosga jiddiyroq e’tibor qarating. Zero, yaqin kelajakda raqamli qabristonlarning eng katta muammosi ularning borligida emas, balki ularni kim boshqarishi va qanday maqsadlarda ishlatishida bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat