$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir qalam, bir savol, bir kadrning kuchi

jurnalist. so

 “Jurnalistlarning qanday foydasi tegadi?” Bu savolni ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda, davralardagi suhbatlarda yoki matbuot vakillari haqida bahs ketganda tez-tez uchratish mumkin. Kimdir ularni “faqat xabar beruvchilar” desa, yana kimdir jurnalistikaning jamiyat hayotidagi o‘rnini ortiqcha baholashayotganini aytadi.

Tasavvur qiling, ertalab uyg‘ondingiz va mamlakatdagi muhim qarorlar, narx-navodagi o‘zgarishlar, sud jarayonlari, ta’limdagi islohotlar yoki siz yashayotgan hududdagi muammolar haqida ishonchli ma’lumot topa olmadingiz. Xabardorlik kamaysa mansabdorlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati sustlashadi, muammolar haqida gapiradigan minbarlar kamayadi, savol beradiganlar esa deyarli qolmaydi. Bunday vaziyatda axborot bo‘shlig‘ini faktlar emas, mish-mishlar egallaydi.

Jurnalistika ko‘prik qurmaydi, bino barpo etmaydi yoki jarrohlik amaliyotini bajarmaydi. Shu sabab uning mehnati darhol ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Biroq, jurnalistning bir maqolasi yillar davomida e’tibordan chetda qolgan muammoni kun tartibiga olib chiqadi, bir surishtiruv esa jamiyat taqdiriga ta’sir qiladigan qarorlarning qayta ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘ladi.

Shunga qaramay, bugun jurnalistlarga nisbatan bepisand munosabat, ularning faoliyatini shubha ostiga olish yoki mehnatini yetarlicha qadrlamaslik holatlari ham uchrab turadi. Shunday vaziyatda o‘zining olamshumul ishlari va materiallari bilan jahon hamjamiyati e’tiborini tortgan, qonunchilik siyosatlariga ta’sir o‘tkazib, insoniyat taraqqiyoti uchun hissa qo‘shgan jurnalistlarni eslash maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Prezident iste’fosi, mahbuslar qiynog‘i, monopoliyaning parchalanishi…

·      Nelli Blay XIX asr oxirida Amerikada yashagan jurnalist. U “niqob jurnalistikasi”ga asos solgan. Ayollar ruhiy xastaxonalaridagi dahshatli sharoitlarni fosh qilish uchun o‘zini telbalikka solib, 10 kun davomida o‘sha yerda yashaydi. Uning maqolalaridan so‘ng shifoxonalarda katta tekshiruvlar boshlanib, tizim butunlay o‘zgaradi.

·      The Washington Post gazetasi muxbirlari Bob Vudvord va Karl Bernstayn 1970-yillarda AQSh tarixidagi eng yirik siyosiy mojaroni fosh qilishgan. Ular “Uotergeyt mojarosi (Watergate scandal) ni surishtirib, AQSh prezidenti Richard Nikson ma’murligining maxfiy va noqonuniy harakatlarini (siyosiy josuslik) o‘rtaga chiqarishgan. Mazkur surishtiruv ortidan AQSh tarixida ilk va hozircha yagona marta amaldagi prezident o‘z xohishi bilan muddatidan oldin iste’fo berishga majbur bo‘lgan.

·      Seymur Hersh amerikalik tergov-surishtiruv jurnalisti va Pulitser mukofoti sovrindori. U Vyetnam urushi paytida AQSh harbiylarining yuzlab tinch aholi vakillarini o‘ldirib, “May Lay qirg‘ini”ni sodir etganini fosh etgan. Iroq urushi davrida Abu Grayb qamoqxonasida amerikalik askarlar tomonidan mahbuslarga qilingan dahshatli qiynoqlarni ommaga e’lon qilgan,

·      Makreyking jurnalistika davrini boshlab bergan Ida Terbil dunyoning eng boy odami Jon Rokfeller va uning gigant korxonasi Standard Oil monopoliyasiga qarshi 2 yil davomida yirik surishtiruv olib boradi. U kompaniyaning barcha maxfiy hujjatlarini va noqonuniy sxemalarini fosh qiladi. Uning maqolalari ortidan AQSh Oliy sudi Standard Oil korporatsiyasini monopoliyada ayblab, uni 34 ta mustaqil kompaniyaga bo‘lib

·      Germaniyalik siyosatshunos va jurnalist Hanna Arendt 1961-yilgi Quddusda fashistlar jinoyatchisi Adolf Eyxmanning sudida reportaj yozadi va dunyoga mashhur “Yovuzlikning banal tabiati” konsepsiyasini taqdim etadi. Unda millionlab odamlarni o‘ldirgan fashistlar qandaydir “maxluq“ emas, balki tizimning ko‘r-ko‘rona buyruqlarini bajaruvchi oddiy, fikrlashdan mahrum byurokratlar ekanini tushuntirib, insoniyatning totalitarizmga bo‘lgan qarashlarini yangilaydi. 

·      Mazen Darvesh Suriyadagi Media va so‘z erkinligi markaziga (CMFE) asos solgan. Suriyadagi fuqarolar urushi boshlangach, u rejim tomonidan amalga oshirilgan hibslar, qiynoqlar va tinch aholining g‘oyib bo‘lishi holatlarini hujjatlashtirib, dunyoga e’lon qilib borgan.

·      Shiori Ito Yaponiya kabi o‘ta konservativ, ayollar huquqlari va jinsiy zo‘ravonlik mavzulari yopiq bo‘lgan jamiyatda nufuzli teleradioboshlovchi tomonidan o‘ziga nisbatan qilingan zo‘ravonlikni ochiq e’lon qildi. Politsiya va sud tizimi ishni yopishga uringanida, u yolg‘iz o‘zi OAV orqali kurash boshladi. Uning jasorati Yaponiyada #MeToo harakatining boshlanishiga turtki bo‘ldi va mamlakatda 110 yildan beri o‘zgarmay kelayotgan jinsiy jinoyatlarga oid qonunchilikning qayta ko‘rib chiqilib, qat’iylashtirilishiga olib keldi.

·      O‘zbekistonda haqiqiy ma’rifiy va siyosiy jurnalistikani Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov kabi jadidlar boshlab bergan. Ular turli gazetalarni nashr qilib, millatni savodxon va ogoh bo‘lishga qaratilgan maqolalar e’lon qilishgan. Sovet Ittifoqining so‘nggi yillari va mustaqillik yillarining boshlarida esa o‘zbek matbuotida portlash yuz berdi. Chunki, “paxta ishi”, o‘zbeklarga qo‘yilgan nohaq ayblovlar va byurokratik siyosat jinoyatlarini fosh etishga qaratilgan tergov-surishtiruv maqolalari e’lon qilindi.

Bu jurnalistlar o‘z faoliyatlarini hech qachon osonlikcha olib bormagan. Har bir vazifa bajarilganidan yo material e’lon qilinganidan so‘ng bosimlar, tahdidlar va suiqasdlarga duch kelishgan yoki qurbon bo‘lishgan.

Insoniyat ovozi bir kadrda

Rezonanslarga har doim ham qalam yoki klaviaturalar emas, balki fotoapparatning bir tugmachasini bosish ham imkon yaratgan. Ba’zida bitta kadr butun boshli ziddiyatlarning to‘xtashiga, insoniyatning uyg‘onishiga yoki xalqaro yordamlar oqimining boshlanishiga sabab bo‘ladi.

·      Janubiy afrikalik fotomuxbir Kevin Karter Sudan qishlog‘idagi BMTning oziq-ovqat tarqatish markaziga ketayotganda, ochlikdan holdan toyib, yerga yiqilgan kichkina qizchani ko‘rib qoladi. Uning oldidagi quzg‘un qanotlarini qoqishini 20 daqiqa kutadi va suratga oladi. Qizaloqqa zarar yetkazmasligi uchun quzg‘unni haydab yuboradi. Surat The New York Times gazetasida bosilgach, dunyo Sudandagi ocharchilik fojiasidan larzaga keldi va mintaqaga millionlab dollar gumanitar yordam oqib keldi. Karter ushbu surat uchun nufuzli Pulitser mukofotini oldi. Biroq jamiyat uni bolaga yordam bermay, suratga olganlikda aybladi. Ruhiy bosimlarga bardosh berolmagan Karter mukofot olgandan 3 oy o‘tib, 33 yoshida o‘z joniga qasd qildi.

·      Associated Press agentligining vyetnamlik fotomuxbiri Nik Ut AQSh samolyotlarining xatolik tufayli tinch aholi yashaydigan qishloqqa kimyoviy qurol – napalm bombasini tashlashi va tanasi dahshatli darajada kuygan, og‘riqdan qichqirib, kiyimsiz holda ko‘chada qochib kelayotgan 9 yoshli Kim Fukni suratga oladi. Fotosurat e’lon qilingach, AQSh jamiyatida Vyetnam urushiga qarshi namoyishlar misli ko‘rilmagan darajada kuchaydi. Insonlar urushning tinch aholiga olib kelayotgan dahshatini tushunishdi va bu AQSh qo‘shinlarining Vyetnamdan chiqib ketishini tezlashtirgan asosiy omillardan biriga aylandi. Fotomuxbir suratni olib bo‘lgach, qizchani darhol shifoxonaga olib borgan va uning hayotini saqlab qolgan.

·      Turkiyalik fotomuxbir Nilufer Demir “Aylan Kurdi – Qochqinlar fojiasi ramzi” surati XXI asrning eng yirik migratsiya inqirozini butun dahshati bilan ko‘rsatib berdi. Suriyadagi fuqarolar urushidan qochib, Gretsiyaga o‘tishga uringan qochqinlar qayig‘i ag‘darilib ketadi. Suratda dengiz to‘lqinlari qirg‘oqqa chiqarib tashlagan 3 yoshli suriyalik kurd bolakay – Aylan Kurdining jonsiz tanasi aks etadi. Ushbu surat bir necha soat ichida dunyo matbuotining bosh sahifalariga chiqdi. U Yevropa Ittifoqining qochqinlar siyosatini butunlay o‘zgartirdi. Suriyalik qochqinlarga chegaralarni yopishni talab qilayotgan Yevropa davlatlari va jamoatchilik bu kadrni ko‘rgach, gumanitar inqiroz ko‘lamini his qildi va Germaniya boshchiligidagi davlatlar yuz minglab qochqinlar uchun o‘z eshiklarini ochishga majbur bo‘ldi.

·      Hindistonlik afsonaviy fotomuxbir Raghu Ray tomonidan insoniyat tarixidagi eng yirik texnogen fojia – Bhopal ekologik halokati (Union Carbide kimyoviy zavodidan zaharli gaz sizib chiqishi) sodir bo‘lgan joyda gazdan vafot etgan go‘dakni uning otasi qumga ko‘mayotgan holatini suratga olgan. Bu rasm so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada og‘ir bo‘lib, yirik xalqaro korporatsiyalarning xavfsizlik choralariga bepisandligi qanday fojialarga olib kelishini dunyoga isbotladi. Surat o‘sha korporatsiyaga qarshi xalqaro miqyosda ulkan sud ishlari ochilishiga va Bhopal qurbonlariga millionlab dollar kompensatsiya to‘lanishiga sabab bo‘ldi.

Jurnalistikaning haqiqiy qiymati uning kundalik hayotimizga qanchalik singib ketganida namoyon bo‘ladi. Biz har kuni o‘qiydigan yangiliklar, bilib olayotgan ma’lumotlar, muhokama qilayotgan ijtimoiy muammolar va javob talab qilayotgan savollar ortida ko‘pincha jurnalistlarning mehnati turadi. Shu bois ham uning ta’siri ba’zan ko‘zga tashlanmaydi, natijalari esa odatiy holdek qabul qilinadi.

Aslida jurnalistika faqat axborot tarqatish emas, balki jamiyatning o‘ziga oyna tutishidir. U muammolarni ko‘rsatadi, savollar beradi, turli fikrlarni bir maydonga jamlaydi va jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Jurnalistlarning har bir surishtiruvi katta o‘zgarishlarga olib kelmasligi mumkin, biroq ularning muntazam faoliyati ochiqlik, hisobdorlik va xabardorlik muhitini shakllantiradi.


Теги :
Jamiyat