$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar nega pul jamg‘armay qo‘ymoqda?

Jamg Foto: Kun.uz

O‘zbekiston moliya bozoridagi so‘nggi tendensiyalar aholining jamg‘arish qobiliyati pasayib, aksincha, kreditga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotganini fosh qildi. Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mamlakatda “moliyaviy xavfsizlik yostiqchasi”ga ega bo‘lmagan fuqarolar soni sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, respondentlarning 40,4 foizi ayni paytda hech qanday pul jamg‘armasiga ega emasligini tan olgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning uchinchi choragida bu ko‘rsatkich 38 foizni tashkil etgan edi. Oradagi qisqa uch oylik davr ichida jamg‘armasiz qolganlar ulushi 2,4 foizga oshgani xavotirli signal sifatida baholanmoqda.

Jamg‘armalar muddati va kutilmalar

Mavjud jamg‘armalarning “umri” ham uzoq emas. So‘rovda qatnashganlarning 34,1 foizi o‘z pullari faqat bir oylik ehtiyojlariga yetishini bildirgan. Moliyaviy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 1 oydan 3 oygacha hamda 6 oydan ortiq muddatga yetarli mablag‘i borlar ulushi kamaygan. Faqatgina 3 oydan 6 oygacha yetadigan zahiraga ega bo‘lganlar guruhida biroz o‘sish kuzatilgan.

Shunga qaramay, aholining kelajakka bo‘lgan ishonchi hamon yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ishtirokchilarning 62,6 foizi kelgusida o‘z jamg‘armalarini ko‘paytirishga umid qilmoqda. Respondentlarning qariyb chorak qismi moddiy ahvoli barqaror qolishini aytsa, 13,2 foizi vaziyat yomonlashishi va pullari kamayishidan xavotirda.

Kreditga bog‘liqlik

Jamg‘arish imkoniyati cheklangan bir sharoitda, aholining bank xizmatlariga, xususan, qarz mablag‘lariga bo‘lgan moyilligi ortib bormoqda. Tadqiqotda ishtirok etganlarning 54 foizi yaqin bir yil ichida bankdan kredit olish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi choraklarga nisbatan yuqorilab, aholi orasida iste’mol krediti va qarzdorlik madaniyati kengayayotganidan dalolat beradi.

Qarz olishga bo‘lgan talab barcha qatlamlarda bir xil emas. Markaziy bank tahliliga ko‘ra:

  • Eng yuqori talab: Oylik daromadi 7 milliondan 10 million so‘mgacha bo‘lgan o‘rta qatlam vakillari orasida kuzatilmoqda.
  • Eng past talab: Daromadi 20 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar orasida bank qarziga ehtiyoj pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonliklar bankdan olgan mablag‘larini, asosan, uzoq muddatli investitsiya yoki hayotiy zaruriyatlar uchun sarflashni rejalashtirmoqda. Kredit olishning asosiy sabablari sifatida uy-joylarni ta’mirlash, ta’lim to‘lovlarini qoplash va shaxsiy avtomobil xarid qilish kabi maqsadlar ko‘rsatilgan. Bu esa aholining asosiy qismi yirik xarajatlarni faqat tashqi moliyalashtirish hisobiga amalga oshira olayotganini anglatadi.

Avvalroq, o‘zbekistonliklar daromadini asosan uy ta’miri uchun sarflayotgani haqida xabar bergan edik.

Теги :
Jamiyat