$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Raqamli savdo makonidan mehnat migratsiyasigacha Shavkat Mirziyoyev YOII davlatlariga qanday takliflar berdi?

Mirziyoyev YOIIda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida yuqori darajada tashkil etilgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishida kuzatuvchi maqomidagi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi. Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida kechgan ushbu nufuzli tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan qatnashdi. Shuningdek, xalqaro muloqotda kuzatuvchi maqomiga ega Kuba Respublikasi vitse-prezidenti Salvador Mesa, Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayev hamda mehmon sifatida taklif etilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev ham hozir boʻldi.

Mazkur anjumanning diqqat markazida koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasiga oid strategik loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni hayotga tatbiq etish masalalari turdi.

Amaliy sheriklik

Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni izchil chuqurlashtirish mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatining eng asosiy strategik yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolayotganini qatʼiy taʼkidladi. Bugungi kunda ushbu ittifoqqa aʼzo davlatlar bilan aloqalar oddiy hamkorlik doirasidan chiqib, kompleks iqtisodiy sheriklik xarakterini kasb etdi. Buni oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining barqaror ravishda oʻsib borayotgani, ishlab chiqarish zanjirlarining kengayayotgani, logistika tizimlarining mustahkamlanayotgani hamda raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmat koʻrsatish sohalarida yangi yoʻnalishlar ochilayotgani yaqqol isbotlamoqda.

Hozirgi vaqtda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda qabul qilingan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirish jarayoni yakuniga yetmoqda. Shu sababli, davlatimiz rahbari joriy yilning kuz faslida Toshkent shahrida oʻtkazilishi moʻljallangan Qoʻshma ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi doirasida yangi uzoq muddatli rejani qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini oʻzaro muvofiqlashtirish boʻyicha muhim “yoʻl xaritasi tasdiqlangani bu boradagi amaliy qadamlardan biridir. Bundan tashqari, Oʻzbekiston ittifoq doirasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, savdo va yuk tashish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish hamda iqlim oʻzgarishi masalalariga bagʻishlangan global tashabbuslarda faol ishtirok etib kelmoqda. Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisi ochilgani esa sanoat kooperatsiyasi yoʻnalishida yangi investitsiyaviy loyihalar portfelini shakllantirishga kuchli turtki berdi.

Toʻsiqlarsiz savdo va “aqlli transport yoʻlaklari

Oʻzbekiston prezidenti ittifoq bilan sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga xizmat qiladigan bir qator konseptual takliflarni oʻrtaga tashladi. Eng birinchi navbatda, Oʻzbekiston va birlashma tarkibidagi davlatlar oʻrtasida hech qanday toʻsiqlarsiz savdo qilish imkonini beruvchi yagona raqamli makonni yaratish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun elektron tijoratni tartibga solish mexanizmlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarida tezkor raqamli maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Shu bilan birga, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hamda elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich oʻzaro tan olish tizimiga oʻtish gʻoyatda muhim ahamiyatga ega.

Logistika sohasidagi aloqalarni tubdan yaxshilash maqsadida raqamli tranzit tizimlarini keng joriy etish, yuklarni kuzatish elektron bazalariga ulanish hamda chegaralardagi oʻtkazish punktlarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish taklif qilindi. Bu choralar mintaqada “aqlli transport-bojxona yoʻlaklarining shakllanishiga zamin yaratadi.

Sanoat kooperatsiyasi va qoʻshma loyiha ofisi

Toshkent shahrida oʻtkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo oltinchi xalqaro sanoat koʻrgazmasi natijalari biznes doiralarning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik oʻrnatish hamda yangi qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishga boʻlgan qiziqishi naqadar yuqori ekanligini koʻrsatdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu koʻrgazmaning ulkan salohiyatidan Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari oʻrtasidagi uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishda foydalanishni taklif etdi. Bu borada sanoat avtomatizatsiyasi, robototexnika, energetika sektori uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi ilgʻor texnologiyalar hamda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish eng istiqbolli sohalar sifatida belgilandi.

Eski qoliplardan voz kechgan holda, Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasi sohasida mutlaqo yangi mexanizmni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi. Xususan, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydigan qoʻshma loyiha ofisini tashkil etish tashabbusi eʼlon qilindi. Ushbu tuzilma sheriklarni tanlash, erkin sanoat zonalari negizida investitsiyaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va moliyaviy resurslarni jalb qilish bilan shugʻullanadi.

“YOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz”, – dedi Mirziyoyev.

“Yashil” transformatsiya va ekologik raqobatbardoshlik

Uchrashuvda ekologiya va energiya samaradorligi masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Oʻzbekiston rahbari energiya sarfini optimallashtirish, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish va tayyor mahsulotlarning uglerod sigʻimini izchil kamaytirish maqsadida Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qoʻshma dasturini qabul qilishni taklif qildi. Mazkur dastur doirasida istiqbolli “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning muqobil va yangi vositalarini rivojlantirish hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng qoʻllash orqali sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish kabi amaliy vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

“Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda”, – dedi mamlakat yetakchisi.

Mehnat migratsiyasini tartibga solish va turizm ittifoqi

Muloqot chogʻida oʻzaro mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish masalasi eng muhim ustuvorliklardan biri sifatida koʻrib chiqildi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni milliy elektron bandlik xizmatlarini uzviy integratsiya qilish orqali butunlay yangi, sifatli bosqichga olib chiqish zarurligi uqtirildi. Mazkur tizimning joriy etilishi fuqarolarga ishonchli va xavfsiz boʻsh ish oʻrinlari, mehnat shartnomalari shartlari hamda xorijiy davlatlarning migratsiya qonunchiligi talablari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan hech qanday vositachilarsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkonini beruvchi yagona raqamli muhitni yaratadi.

“Bu bir paytning oʻzida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi”, – dedi prezidentimiz.

Shuningdek, mintaqaning sayyohlik salohiyatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” loyihasi haqida soʻz bordi. Davlatimiz rahbari ittifoqqa aʼzo barcha mamlakatlarni ushbu yagona sayyohlik yoʻnalishini dunyo miqyosidagi ommabop raqamli platformalarda birgalikda targʻib qilish va ilgari surishga chaqirdi.

Maʼruzaning yakuniy qismida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi koʻp tomonlama dastur va loyihalarda faol ishtirok etishi tomonlarning teng huquqli sherikligini yanada mustahkamlashga hamda mintaqa mamlakatlarining uzoq muddatli barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga ulkan xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi.

Теги :
Jamiyat