$
 12531.78
75.53
 14538.12
76.41
 159.82
1.46
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

USAID’ning tugatilishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

usaid

AQSh Hukumati samaradorlik departamenti rahbari Ilon Mask USAID agentligi tugatilishi va u qayta tiklanmasligi haqida bayonot bilan chiqdi. Mustaqillikdan buyon tashkilot O‘zbekistonga 500 million dollarga yaqin mablag‘ ajratib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarida muhim loyihalarni moliyalashtirib kelayotgan edi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?

Ilon Mask bayonoti

The New York Times nashrining xabar berishicha, Ilon Mask Prezident Tramp bilan USAID haqida batafsil suhbatlashgani va u agentlikni yopishga rozi bo‘lganini aytgan. Maskning so‘zlariga ko‘ra, u Trampdan bir necha bor so‘ragan va “Ha, tashkilot yopiladi”, javobini olgan. Biroq Tramp hali rasman USAID butunlay tugatilishini e’lon qilmagan, balki agentlikni “radikal telba odamlar boshqarayotgani” haqida gapirgan. Nashrning yozishicha, Tramp ma’muriyati USAIDni Davlat departamenti tarkibiga kiritish yoki uning faoliyatini sezilarli darajada qisqartirishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Qaror nimalarga ta’sir qiladi?

Qochqinlar lagerlaridagi dala shifoxonalari, urush zonalarida minalarni yo‘q qilish va OIV/OITS kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan millionlab odamlarni davolash uchun dori-darmonlar mablag‘lari to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan dasturlar qatoriga kiradi.

2023-yilda Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab mojaro zonalaridagi ayollarning sog‘lig‘idan tortib toza suvdan foydalanish, OIV/OITSni davolash, energiya xavfsizligi va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarigacha bo‘lgan hamma narsaga 72 milliard dollar yordam ko‘rsatgan. U 2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan kuzatilgan barcha gumanitar yordamning 42 foizini taqdim etdi.

Tramp inauguratsiyasi kuni agentlik dasturlari muzlatilgan

O‘tgan hafta Tramp tomonidan chiqarilgan ijroiya farmoni natijasida Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab ish to‘xtatish ko‘rsatmalarini e’lon qildi. Bu, mutaxassislar ogohlantirganidek, odamlar hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holda, favqulodda oziq-ovqat yordamidan tashqari barcha xorijiy yordamlarni amalda muzlatib qo‘ydi.

Donald Tramp o‘z inauguratsiyasi kuni USAIDning xorijiy davlatlarga yordam dasturlarini “Amerika qadriyatlari” va AQSh tashqi siyosatining maqsadlariga muvofiqligini taftish qilish uchun 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Muzlatish to‘g‘risidagi buyruq kuchga kirgandan so‘ng USAID`ning Ukrainadagi xodimlari barcha ishlarni to‘xtatish bo‘yicha buyruqlar ola boshladi. Maktablar va kasalxonalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiy va energetika infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari xavf ostida qoldi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda OIV bilan yashayotgan millionlab odamlar, emlanishi kerak bo‘lgan bolalar, shuningdek, jangovar hududlarda tinch aholi yordamdan mahrum bo‘ldi.

USAID’ning tugatilishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Donald Tramp ma’muriyati AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID)ni Davlat departamenti tarkibiga qo‘shish yoki butunlay tugatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 2-fevral kuni USAID’ning rasmiy veb-sayti ishlamay qolgani va ko‘plab xodimlarning elektron pochta hisoblari o‘chirilgani bu o‘zgarishlar tez orada amalga oshishi mumkinligini anglatmoqda. USAID butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham muhim loyihalarni amalga oshirib kelgan. Agar agentlik tugatilsa yoki uning mustaqilligi cheklansa, O‘zbekistonda bir qancha ijtimoiy sohalarga bevosita ta’sir qiladi.

Tashkilot jami 500 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri USAID turli sohalarga jami 500 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan, deb yozadi jurnalist va bloger Laziz Hamidov. Faqatgina 2023-yilda O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun USAID tomonidan 8 million dollar yo‘naltirilgan. USAID, jumladan, O‘zbekistonga ko‘p yillik hamkorlik davomida asosan iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energiya samaradorligi, suv resurslarini boshqarish, shuningdek, demokratiya va inson huquqlari sohalarida yordam ko‘rsatib kelayotgan edi. Agar USAID’ning mustaqilligi bekor qilinsa yoki u tugatilsa, bu sohalardagi rivojlanish jiddiy xavf ostida qolishi mumkin.

Ta’limga sarmoya

Ta’lim sohasi USAID mablag‘lari hisobidan keng ko‘lamli rivojlantirish dasturlariga ega. Sentyabrda USAID Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan Rivojlanish maqsadlari bo‘yicha grant shartnomasi (DOAG) doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 6,1 million dollar ajratgani haqida xabar bergandik. Shu tariqa, USAID tomonidan ta’lim sohasiga ajratilgan umumiy mablag‘ 47 million dollardan oshdi. Ushbu mablag‘lar boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining asosiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, 8−11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozoriga moslashishga tayyorlash hamda iqtisodiy bilimlar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish uchun yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar hisobiga O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar yetishtirish va o‘quvchilarni zamonaviy mehnat bozoriga moslashtirish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Sil va OITSga chalingan bemorlarimiz USAID tomonidan moliyalashtirilardi

Sog‘liqni saqlash sohasida USAID OIV/OITS, sil va boshqa yuqumli kasalliklarni nazorat qilish bo‘yicha bir qator muhim dasturlarni moliyalashtirib kelayotgandi. O‘zbekistonlik huquqshunos Kamola Aliyeva bu borada X platformasidagi sahifasida yozishicha, “O‘zbekistonda tibbiyot tizimidagi sil va OITSga chalingan bemorlarning aksariyati USAID tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar hisobidan dori-darmon bilan ta’minlanardi. Endi bu ko‘mak to‘xtatiladi.” Agar agentlikning faoliyati to‘xtatilsa, minglab bemorlar dori vositalari va tibbiy xizmatlardan mahrum bo‘lishi mumkin. USAID mablag‘lari, ayniqsa, kam ta’minlangan aholi qatlamlari uchun muhim tibbiy xizmatlarni bepul taqdim etishga imkon yaratgan. Bu yordam to‘xtatilsa, tibbiyot muassasalarining imkoniyatlari qisqaradi, bemorlarning dori-darmon bilan ta’minlanishi pasayadi va sog‘liqni saqlash tizimida bosim ortishi mumkin.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun grant dasturlari

USAID tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanishga ham katta e’tibor qaratgan. Agentlik kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 ming dollargacha grant dasturlarini e’lon qilgan edi. Grant dasturlari kichik va o‘rta biznes korxonalari, nodavlat tashkilotlar (NNTlar) va iqtisodiy o‘sish hamda ijtimoiy inklyuziyaga hissa qo‘shadigan boshqa tashkilotlarni moliyalashtirishni ko‘zda tutgan. Ayniqsa, ayollar, yoshlar va boshqa ehtiyojmand guruhlarga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida tanlangan. Ayollar va yoshlar uchun USAID grantlarining 80% gacha bo‘lgan qismi ajratilgan, qolgan tadbirkorlar uchun esa bu ko‘rsatkich 50% ni tashkil qilgan.

Maskning bayonotlari qanchalik asosli? U tashkilot yopilishiga asos bo‘la oladimi?

The New York Times maqolasida keltirilishicha, Maskning USAID bo‘yicha qarashlari juda keskin va u agentlikni “jinoiy tashkilot” deb atagan. U, shuningdek, “agentlikning yo‘q bo‘lishi vaqti kelgani” haqida yozgan, ammo bunday da’volarni tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim etmagan. Mask X’da USAID haqida fitna nazariyalarini ilgari suruvchi postlar e’lon qilib, bu tashkilotning yopilishi muqarrarligini targ‘ib qilmoqda. Nashrga tayanilsa, Maskning ishchi guruhi — “Hukumat samaradorligi departamenti” nomi bilan atalgan bo‘lsa-da, aslida rasmiy davlat idorasi emas. Ammo Tramp unga hukumat xarajatlarini keskin qisqartirish bo‘yicha keng vakolatlar bergan. Shunday bo‘lsa-da, USAID Kongress tomonidan moliyalashtirilgan agentlik hisoblanadi, shuning uchun uni yopish yoki Davlat departamenti tarkibiga qo‘shish masalasi chigal bo‘lib turibdi.

Теги :
Jamiyat