$
 11996.14
-25.47
 14051.08
-41.85
 148.54
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

“Propiska” oddiy ro‘yxatmi yoki hayotni belgilovchi qoida?

propiska

Ba’zan bir hujjat inson hayotini o‘zgartirib yuboradi. Qayerda yashashi, qayerda ishlashi, hatto qaysi shifoxonaga borishi mumkinligi ham shu hujjatga bog‘liq bo‘lishi mumkin. “Propiska” ana shunday tushuncha. Kimdir uchun bu oddiy rasmiyatchilik, boshqalar uchun esa yillar davomida muammo bo‘lib kelgan tizim.

Xo‘sh, propiska aslida nima va u qayerda paydo bo‘lgan?

“Propiska” o‘zi nima?

Propiska — bu shaxsning ma’lum bir hududda doimiy yoki vaqtinchalik yashash huquqini tasdiqlovchi ro‘yxatga olish tizimi. U oddiy yashash manzilini ko‘rsatishdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Propiska mavjud bo‘lgan davlatlarda odamning ishga joylashishi, tibbiy xizmat olishi, farzandini maktabga berishi yoki ijtimoiy yordamdan foydalanishi ko‘pincha aynan shu ro‘yxatga bog‘langan. Shuning uchun propiska hujjat emas, balki jamiyatdagi imkoniyatlar kaliti sifatida qaralgan.

Qayerda va qachon paydo bo‘lgan?

Propiska tizimining tarixi 1809-yil 15-oktyabrga borib taqaladi. Shu kuni imperator Aleksandr I farmoni bilan Sankt-Peterburg va Moskvada manzil idoralari tashkil etilgan. Bu idoralar politsiya tarkibida bo‘lib, ish izlab yoki boshqa sabablar bilan poytaxtlarga kelgan erkak va ayollarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ushbu farmon bilan ikki poytaxtda yashash huquqini tasdiqlovchi maxsus hujjatlar joriy etilgan.

Moskva va Sankt-Peterburgga ish bilan emas, boshqa sabab bilan kelgan shaxslarning pasportlari politsiya bo‘limlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bunday hollarda ularga pasport o‘rniga yashash huquqini tasdiqlovchi maxsus ruxsatnomalar berilgan. Manzil idoralari aholi migratsiyasi va bandligini nazorat qiluvchi politsiyaviy va hisobga olish vazifasini bajargan va 1888 yilgacha faoliyat yuritgan. Propiska tizimining asosiy maqsadi aholining ichki migratsiyasini nazorat qilish, yirik shaharlarga tartibsiz ko‘chib kelishni cheklash va mehnat resurslarini markazlashgan reja asosida boshqarish bo‘lgan.

“Propiska” tizimi bo‘lgan davlatlar

Rossiya

Rossiyada propiska tizimi 1993-yil 1-oktyabrdan rasman bekor qilingan va uning o‘rniga yashash joyi hamda vaqtincha bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etilgan. Bu tizim fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini ta’minlash maqsadida kiritilgan.

Moskva shahri va Moskva viloyatida “propiska” atamasi 1996-yilgacha rasmiy hujjatlarda saqlanib qolgan. 2010-yilda Vladimir Putin ayrim sovet davri qoidalarini qayta kuchaytirish taklifini bildirgan bo‘lsa-da, amalda keyingi yillarda tizim yumshatilib, ro‘yxatsiz yashashga ruxsat etilgan muddat 5 kundan 90 kungacha uzaytirildi. Hozirda Rossiyada ro‘yxatsiz yashash yoki ro‘yxatga olish qoidalarini buzish ma’muriy jarima bilan jazolanadi.

Belarusiya

Belarusiyada propiska tizimi 2008-yil 1-yanvardan bekor qilingan. Bu Prezident Aleksandr Lukashenko tomonidan imzolangan farmon asosida amalga oshirilgan. Farmonga ko‘ra, fuqarolarning erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqini ta’minlash maqsadida propiska tizimi tugatildi. Uning o‘rniga butun mamlakat bo‘ylab yagona ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy qilindi. Oldin doimiy yoki vaqtinchalik propiska orqali olingan huquq va majburiyatlar saqlab qolindi va qayta ro‘yxatdan o‘tish talab etilmadi. Doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish majburiy, vaqtinchalik ro‘yxat esa huquq sifatida belgilandi, ayrim toifalar bundan mustasno.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda propiska o‘rniga ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etilgan. Fuqarolar yashash uchun mo‘ljallangan uy-joylarda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. 2007-yilda qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, fuqarolar ish beruvchi yoki adliya organlari orqali ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin edi, ammo amalda bu norma deyarli ishlamagan.

Ro‘yxatsiz yashash Qozog‘istonda qonun bilan taqiqlangan bo‘lib, ogohlantirish yoki jarima bilan jazolanadi. Ayniqsa ish izlab poytaxtlarga kelgan kambag‘al hududlar aholisi ko‘pincha ro‘yxatsiz qolib ketadi. Bu esa ularning va farzandlarining ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqini cheklaydi.

Latviya

Latviyada 2003-yilda “Yashash joyini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, propiska tizimi bekor qilingan. Ushbu qonunning maqsadi — davlat organlari aholi bilan huquqiy masalalarda aloqa o‘rnatishi uchun yashash manzilini bilishdir. Latviya fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, Yevropa Ittifoqi fuqarolari va yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar bir oy ichida o‘z yashash joyini rasmiy ravishda ma’lum qilishi shart. Buni bajarmaganlik yoki yolg‘on ma’lumot berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston

Human Rights Watch tashkiloti hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston sovet davridan propiska tizimini meros qilib olgan. Toshkent shahri uzoq vaqt “yopiq shahar” hisoblangan va boshqa hududlarda tug‘ilgan fuqarolar poytaxtda maxsus ruxsatsiz yashay olmagan. Natijada ish izlab Toshkentga kelgan ko‘plab odamlar qonuniy maqomsiz qolgan. Bu esa ularning va farzandlarining ta’lim olish hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqini cheklagan. Biroq 2025-yil 11-oktyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga qo‘yiladigan cheklovlar rasman bekor qilindi. Unga ko‘ra, endi barcha fuqarolar doimiy ro‘yxatga turish huquqiga ega.

Ukraina

Ukrainada 2001-yil 14-noyabrda Konstitutsiyaviy sud qarori bilan propiska tizimi konstitutsiyaga zid deb topilgan. 2003-yilda qabul qilingan “Harakatlanish erkinligi va yashash joyini erkin tanlash to‘g‘risida”gi qonun bilan propiska rasman bekor qilingan. Bu qonun asosida xabarnoma tarzidagi ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etildi. Fuqaro yashash yoki vaqtincha bo‘lish joyini ma’lum qilishi kifoya, ro‘yxatga olish organlari hatto chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ham ro‘yxatdan o‘tishni rad etolmaydi.

Теги :
Jamiyat