$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Propan narxi ikki barobar ko‘tarilib ketdi: Deputatlar yonilg‘i bozorida shaffoflik talab qilmoqda

propan benzin gaz yonilg

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini boshlaganidan deyarli bir hafta o‘tar-o‘tmas, deputatlar xalq dardini o‘rganishga kirishdi. 4 ming so‘mdan sotilgan propan hozirga kelib 8 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketgani haqida xabarlar tarqalgach mazkur masalaga deputatlar ham o‘z vakolatidan kelib chiqib yondashdi. 

“Adolat”dan jonbozlik

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi deputatlari so‘nggi kunlarda yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan narxining keskin oshib ketishi masalasini ko‘rib chiqdi. Aholidan tushayotgan e’tiroz va muhokamalarni inobatga olgan holda, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga deputatlik so‘rovlari yuborildi. Ushbu murojaatlar orqali propan narxi oshishi sabablari, bozordagi shaffoflikni ta’minlash va noqonuniy harakatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar so‘ralgan.

Narxlarning oshishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Propan narxi oxirgi oylar davomida 4 ming so‘mdan 8 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketgan. Bu esa haydovchilardan tortib, oddiy aholining ham moliyaviy yukini oshirgan. Deputatlar kuz-qish mavsumida yonilg‘i-energetika resurslariga ehtiyojning keskin oshishini hisobga olib, narxlarni shakllantirish jarayonidagi shaffoflikni ta’minlash, noqonuniy harakatlarning oldini olish hamda aholiga aniq ma’lumot yetkazish zarurligini ta’kidlamoqda.

So‘rovlarning mohiyati

Deputatlar tomonidan yuborilgan uchta so‘rovning mazmuni quyidagicha:

 1. Energetika vazirligi: Propan narxining oshish sabablari va narxni barqarorlashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar.

 2. Bosh prokuratura: Narxlarning shakllanish jarayonida noqonuniylikka yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan nazorat tizimini takomillashtirish.

 3. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi: Propan narxi oshishiga ta’sir qiluvchi bozordagi tartibsizliklarni bartaraf etish choralari.

Propan narxi bo‘yicha deputatlar qanday talablar qo‘ymoqda?

Deputatlar tomonidan quyidagi muhim savollarga javob talab qilingan:

 • Nima sababdan kuz-qish mavsumida propan narxi ikki barobarga oshib ketdi?

 • Narxlarni shakllantirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash uchun qanday mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan?

 • Aholiga bu borada ochiq va muntazam ma’lumot yetkazib berish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Bozorda adolatni tiklash zarurati

Deputatlar propan narxini nazorat qilishda tizimli yondashuv zarurligini ta’kidlab, aholining haqli e’tirozlariga javob berish davlat idoralarining asosiy vazifasi ekanligini qayd etdilar. Narxlar barqarorligini ta’minlash uchun logistika va yetkazib berish zanjirini yaxshilash, shuningdek, noqonuniy faoliyatlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurati bor.

Deputatlar tomonidan ko‘tarilgan ushbu masala bo‘yicha natijalar aholiga yetkazilishi va propan narxi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi kutilmoqda, deyiladi “Adolat” SDP matbuot xizmati xabarida.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot